Odamlarning xorijga ishlash, o‘qish yoki yaxshiroq turmush izlab ketishi – bu oddiy ko‘chish emas, balki jamiyat taraqqiyotini belgilovchi strategik jarayondir.
Bugun millionlab insonlar, jumladan, o‘zbekistonliklar ham xorijda o‘ziga yangi hayot poydevorini qurishga intilmoqda. Buning ijobiy jihatlari talaygina.
Birinchidan, mehnat migratsiyasi malakali ishchi kuchining global bozorga kirib borishini ta’minlaydi. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston fuqarolarining Janubiy Koreya, Turkiya va Rossiyada zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash tajribasini orttirayotgani ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ushbu tajriba ular qaytib kelgach, mahalliy mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishlariga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, xorijda ishlayotgan migrantlar yuborayotgan pul o‘tkazmalari ko‘plab oilalar uchun asosiy daromad manbaiga aylandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli oshib, o‘zbek oilalarining tadbirkorlik boshlashi, uy-joy sharoitini yaxshilashi va farzandlarining ta’limiga investitsiya kiritishiga imkon yaratmoqda.
Ammo har bir imkoniyatning ortida ma’lum xavf va muammolar yashirinadi. Chegalardan oshish bilan odamlar yangi dunyo bilan to‘qnash keladi: begona til, begona madaniyat va murakkab huquqiy tizimlar.
O‘zbekiston fuqarolarining ko‘pchiligi Rossiya yoki Qozog‘istonda dastlab joylashish, doimiy ish topish yoki hujjatlarni rasmiylashtirishda qiyinchiliklarga duch keladi. Ayrim hollarda esa madaniy farqlar, yolg‘izlik va oila a’zolaridan uzoqlik kuchli ruhiy bosimga sabab bo‘ladi. Ko‘p yillik ajralish oilaviy nizolar, bolalar tarbiyasida bo‘shliq, ba’zan esa ajrimlarga olib kelayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Yana bir muhim masala – “miyalar oqimi”. So‘nggi yillarda O‘zbekistondan axborot texnologiyalari, tibbiyot va ilm-fan sohalaridagi malakali mutaxassislarning rivojlangan davlatlarga ko‘chishi mahalliy kadrlarga bo‘lgan talab oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlari singari O‘zbekiston ham migratsiya jarayonini tizimli boshqarishga intilmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xorijda tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator dasturlar amalga oshirilmoqda: Janubiy Koreya bilan kvotalar asosidagi ishchi kuchi almashinuvi, Germaniya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik, Yaponiya bilan parvarishchilar tayyorlash dasturi buning yaqqol misoli bo‘la oladi.
Migrantlar huquqlarini himoya qilish, ularni kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, mehnat shartnomalarini shaffoflashtirish – bularning barchasi davlatning migratsiyani xavfsiz va samarali jarayonga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlaridir.
Migratsiya tabiatan murakkab hodisa: u inson hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ulkan imkoniyat, shu bilan birga to‘g‘ri boshqarilmasa – yangi muammolar manbai ham bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, xorijga ketish qarori shoshilinch emas, balki huquqiy ma’lumotlar asosida, aniq reja bilan, psixologik tayyorgarlik bilan, iqtisodiy imkoniyatlar real baholangan holda qabul qilinishi lozim.
To‘g‘ri yo‘naltirilgan migratsiya inson kapitalining yuksalishiga, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga va jamiyat farovonligiga xizmat qiladi. Aks holda esa u shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shunday ekan, migratsiyani boshqarish – bugungi O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega masaladir.
Djumanazarova Ziyada,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi








