Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning asosiy shartlaridan biri ularni moliyaviy resurslar bilan taʼminlashdir.
Shu bois, mamlakatimizda kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimlari joriy qilinmoqda. Xususan, oʻtgan yili Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib,
35 mingdan ortiq tadbirkorga oʻrtacha 100 million soʻmdan — jami 3,5 trillion soʻm mikrokredit ajratildi. Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi boʻyicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming kishiga 1 trillion soʻm mikroqarz taqdim etildi.
Tahlillar tadbirkorlikning, umuman, jamiyatning asosiy moliyaviy taʼminotchisi tijorat banklari boʻlib qolayotganini koʻrsatmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 36 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda. Yangi bank tashkil etish oson emas. Chunki Markaziy bank talablari boʻyicha joriy yildan eʼtiboran yangi tashkil etiladigan banklarning minimal ustav kapitali 500 milliard soʻmdan kam boʻlmasligi kerak. Bunday miqdordagi kapitalni shakllantirish mushkul. Shu bois, tadbirkorlarni moliyaviy mablagʻ bilan taʼminlashda tijorat banklarining imkoniyati yetarli boʻlmayapti. Natijada mikromoliya bozorida nobank tashkilotlar ahamiyati oshib bormoqda.
Ayni paytda respublikamizda 193 ta nobank kredit tashkiloti mavjud boʻlsa, ularning 100 tasi mikromoliya tashkiloti, 92 tasi lombard va bittasi ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotidir. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, mikromoliya tashkilotlari tomonidan berilgan mikromoliyaviy mablagʻlar, yaʼni kredit va mikrolizinglar miqdori 7 trillion 301,6 milliard soʻmga teng boʻldi. Lombardlar orqali aholiga berilgan kredit miqdori 2024-yil 1-yanvarda 279,5 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil boshiga kelib, ularning kreditlari portfeli 415 milliard soʻmni tashkil qildi.
Tijorat banklari va nobank tashkilotlar berayotgan moliyaviy mablagʻ miqdori oshsa-da, tadbirkorlar va aholining oʻsib borayotgan talabini toʻliq qondira olmayapti. Bundan tashqari, ushbu tashkilotlar orasidagi munosabatlar ayro holda, oʻzaro bogʻliqlik juda kam. Shuning uchun tijorat banklari va nobank tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlarni yaqinlashtirish, aloqadorlikni mustahkamlash, mikromoliyalashtirish borasidagi amaliy ishlarni kengaytirish davr talabiga aylanmoqda.
Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishdagi ishlar bir necha hujjat asosida tartibga solinadi. 2022-yilda qabul qilingan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun hamda Prezidentimizning 2023-yil 10-noyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining oʻrni va ulushini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shular sirasiga kiradi.
Mazkur qonun va qaror bilan mikromoliya tashkilotlari hamda tijorat banklari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin yaratish, shuningdek, mikromoliya tashkilotlari uchun qoʻshimcha moliyaviy resurslar, jumladan, depozit jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida koʻrsatish vakolatiga ega boʻlgan yuridik shaxs — mikromoliya banki instituti joriy qilindi. Mikromoliya tashkilotlarini tijorat banklariga yoki tijorat banklarini mikromoliya tashkilotlariga transformatsiya qilishning huquqiy asoslari yaratildi. Bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xoʻsh, mikromoliyalashtirish deganda nimani tushunamiz? Ular biz uchun qanchalik zarur?
Mikromoliyalash umumiy holda yuridik va jismoniy shaxslarga mikroqarzlar berishni anglatadi. Mikromoliyalashning bank kreditlashidan farqi shuki, beriladigan mablagʻ miqdori kreditning minimal miqdoridan kam boʻladi. Shuningdek, nobank tashkilotlar kredit tavakkalchiligining kattaligi va shunga mos ravishda foiz stavkalari bank stavkalaridan sezilarli darajada yuqoriligi bilan ajralib turadi.
Mikromoliyalashtirish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida hududiy joylashuvi, moliyaviy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani yoki anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlari va korxonalarga moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda qoʻl keladi. Garchi qaytarish foizlari yuqori boʻlsa-da, bu omillar uning ommalashuviga sabab boʻladi.
Tahlillarga koʻra, butun dunyoda 140 milliondan ortiq kishi turli mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanadi. Ularning umumiy portfeli esa 124 milliard dollardan oshadi.
Umuman olganda, jahon tajribasi shundan darak beradiki, mikromoliyalash dastlab oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlashga bogʻliq boʻlgan kambagʻal odamlarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini ochish usuli sifatida yuzaga chiqqan. Bunda toʻgʻridan toʻgʻri davlat yordami moliyaviy maqsadlardan tashqari ijtimoiy maqsadlarga ham ega boʻlgan tashkilotlar orqali moliyaviy xizmatlar koʻrsatishning bozor mexanizmlari bilan almashadi. Asosiy gʻoya juda oddiy: mikromoliyalash mijozlarning boshlangʻich biznesini kapital bilan taʼminlash orqali oʻzgartiradi. Bu qarz oluvchilarning daromadini oshirib, kambagʻallikni bartaraf etadi.
Mikromoliyalash innovatsiyalarni joriy etish uchun ham qoʻllanilishi mumkin. Bunda guruhli kreditlash va muddatli kreditlash usulidan foydalaniladi.
Oʻzbekistonda jahon tajribasiga asoslangan mikromoliyaviy faoliyat kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning muhim vositasiga aylanishi mumkin. Chunki yurtimiz banklari mikromoliyalashtirishning ichki manbalariga yoʻnaltirilganlik talablariga mos keladi. Bu esa tashqi iqtisodiy tahdidlar sharoitida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi vosita sifatida ularning rolini oshiradi. Shu bilan birga, kredit tavakkalchiligi bilan bogʻliq holatlarni bartaraf etish, hududiy nomutanosibliklarni yoʻqotib, kredit tashkilotlarini barcha mahalla va hududlarda shakllantirish imkoni mavjud.
Bu borada xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan loyihalar bir qancha. Shulardan biri 1976-yilda Bangladeshda professor Muhammad Yunus tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Gramin” (Grameen Bank) loyihasidir. Aholining kam taʼminlangan qatlami iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash usuli sifatida boshlangan mikromoliyalash gʻoyasi juda oddiy, yaʼni ularga tadbirkorlik orqali daromad qilish imkoniyatini berish edi. Buning uchun odamlarga tadbirkorlik maqsadlari uchun atigi 25 dollar miqdorida mikroqarz va oʻz biznesini yuritish boʻyicha maslahatlar berildi. Yana bir jihati, birinchi kreditni oʻz vaqtida qaytargan mijozlar kattaroq miqdorda qarz olish imkoniyatiga ega boʻlardi.
1983-yilga kelib, yetarli tajriba toʻplandi va Grameen Bankni aholining kam taʼminlangan qatlamlariga, asosan, ayollarga moliyaviy xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan mustaqil bankka aylantirish istiqbollari maʼlum boʻldi. Bank mijozlari soni dastlab 100 kishiga ham yetmagan boʻlsa, XXI asr boshiga kelib, 45 mingdan ortiq qarz oluvchini tashkil etdi. Hozir Grameen Bank 1267 ta filiali orqali
46 mingdan ziyod aholi punktiga xizmat koʻrsatadi. Qarz oluvchilar soni 7 milliondan ortiq boʻlib, ularning 98 foizi ayollardir. Berilgan kreditlarning umumiy miqdori 5,1 milliard dollardan oshadi.
Grameen Bankning kam taʼminlanganlarni faol hayotga jalb qilish maqsadida moliyaviy qoʻllab-quvvatlash loyihasining muvaffaqiyati boshqa mamlakatlarda mikromoliyalash xizmatlari rivojlanishiga turtki berdi.
Bugungi kunda bu kabi mikromoliyalash dasturlari AQSH, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda ham mavjud. Ayniqsa, 2005-yildan boshlab Fransiyada keng tarqaldi. Mamlakatda unga aholining mustaqil tadbirkorlik faoliyatiga moliyaviy yordam koʻrsatilib, yollanma ishchilarni oʻzini oʻzi band qilgan aholiga aylantirishning samarali usullaridan biri sifatida qaralmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ishsizlik darajasi pasayishiga olib kelmoqda.
Fransiyada mikromoliyalash dasturlari Ijtimoiy birlik jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi. U oʻz biznesini qurmoqchi boʻlgan ishsiz fuqarolar uchun kredit kafolatlarini taqdim etadi. Shuningdek, kam daromadli aholiga 500-2000 yevro miqdorida ijtimoiy mikroqarz beradi.
Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda mikromoliyalash bozori, birinchi navbatda, quyidagi ijtimoiy vazifalarni hal qilish uchun samarali vosita sifatida qoʻllaniladi:
— ishsizlik darajasini pasaytirish;
— ijodiy va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali fuqarolarning ijtimoiy jihatdan noqulay toifalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
— migrantlar va koʻchib kelganlarning jamiyatga ogʻriqsiz integratsiyasini taʼminlash.
Demak, mikromoliyalash aholining kam taʼminlangan qatlamini qoʻllab-quvvatlashdan tortib, tadbirkorlik tashabbusini ragʻbatlantirishgacha boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarning butun bir jamlanmasini hal etishga hissa qoʻshadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, mikromoliyaviy xizmatlar bozori bugun rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, eng rivojlangan mamlakatlarda ham yetarli darajada keng tarqalgan. Mikromoliyalash dasturlaridan foydalanish moliya bozorida raqobatni oshiradi.
Har bir mamlakatda mikromoliya banklari va mikromoliyalashtirish tizimining rivojlanishi mazkur davlatning iqtisodiy rivojlanish darajasi va milliy xususiyatlari bilan belgilanadi. Iqtisodiyoti rivojlanmagan davlatlarda mikromoliyalashga odamlarni ish bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallikka qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida qaralsa, rivojlangan davlatlarda ijtimoiy muammolarni hal qilishning samarali iqtisodiy vositasi deya bilishadi. Chunki u endilikda kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu bilan birga, mikromoliyaviy xizmatlar bozori oʻz funksiyalarini amalga oshirgan holda va iqtisodiy jihatdan rentabelli faoliyat turi sifatida ijtimoiy yoʻnaltirilgan biznesdir.
Oʻzbekistonda rivojlanishi kutilayotgan mazkur tashkilotlar samarali faoliyat yuritishi uchun barcha biznes hamjamiyati vakillari — banklar, kichik va oʻrta biznes, mahalliy hokimliklar, tegishli davlat organlaridan faollik, tashabbuskor boʻlish va keng jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish talab qilinadi.
Maqsud RUSTAMOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Ibrohim TOYMUHAMEDOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor