Oʼzbekiston diniy bagʼrikenglik va millatlararo munosabatlarni toʼgʼri yoʼlga qoʼyish borasida oʼziga xos tajribaga ega boʼlib,  eng katta yutugʼimiz bu – millatlararo doʼstlik, fuqarolar totuvligi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligidir.

Bilasizmi, bundan yuz yil avval hozirgi respublikamiz hududida 70 ga yaqin millat vakillari istiqomat qilgan. Oradan 30 yil oʼtgach, bu son 91 taga, 1959 yili 113 taga, 1979 yili 123 taga yetgan.  Bugungi kunda respublikamizda 136 millat va elat vakillari inoq, tinchlik va osoyishtalikda yashab kelmoqda.

Xoʼsh, ularga qanday sharoitlar yaratilgan?

Аvvalo, davlat taʼlim muassasalarida oʼqitish 7 tilda olib borilmoqda. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi oʼz koʼrsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, 10 dan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda,  maktablarda darslar turli tillarda olib borilmoqda.

Yana bir muhim koʼrsatkich, 1991 yil mamlakatimizda 12 ta milliy-madaniy markaz faoliyat koʼrsatgan boʼlsa, bugungi kunda ularning soni 137 taga yetgan.

Eʼtiborli jihati shundaki, milliy-madaniy markazlar homiylik ishlarida faol qatnashib kelmoqda. 

Har qanday millat, u naqadar kichik boʼlmasin, insoniyatning boyligidir. Uning tili, madaniy va boshqa xususiyatlarini yoʼq boʼlib ketishi Yer yuzidagi madaniy va genetik fondning, shaxs imkoniyatlarining qashshoqlashuviga olib keladi. Shu bois har bir etnik birlikni saqlab qolish unga mansub odamlarning eng muhim maqsadi boʼlmogʼi lozim hamda birinchi navbatda, ushbu etnik guruhlarni oʼz ichiga  oluvchi har bir alohida davlatning vazifasi hisoblanadi. Oʼzbekistonda yashab kelayotgan dunganlar bunga misol boʼla oladi. 

Oʼzbekistonda dunganlar 120 yil davomida yashab kelmoqda. Bugun Oʼzbekistonda 2 mingga yaqin dungan diasporasi istiqomat qiladi. Toshkent viloyati Oʼrta-Chirchiq tumanida “Dungan-mahalla” joylashgan boʼlib, asosiy koʼpchilik dunganlar shu yerda joylashgan. “Oʼzbekistonda dunganlar kamchilik boʼlishiga qaramay, biz oʼz ona tilimiz, madaniyatimiz va yashash tarzimizni saqlab qolganmiz”, –  degan edi dungan milliy-madaniy markazi rahbari M.Savurov oʼz chiqishlaridan birida.  “Qorasuv” xoʼjaligida 42-oʼrta maktab qoshida dungan tilini oʼrgatuvchi sinflar ochilgan, dungan milliy raqs sanʼatini oʼrgatuvchi “Chinme” (“Nihol”) ansambli faoliyat koʼrsatmoqda.

Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida insonning yashashi, taʼlim olishi, mehnat qilish va oʼz iqtidorini namoyish etish va oʼz diniy eʼtiqodiga amal qilish kabi hayotiy va tabiiy haq-huquqlari turli darajada poymol etilayotgan bir davrda Oʼzbekistonda jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, Oʼzbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat koʼrsatmoqda.Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir oʼz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari esa jamiyat barqarorligida ustuvor jihatdir.

Yurtimizda asrlar osha diniy va dunyoviy qadriyatlar oʼzaro hamjihatlikda va hamohanglikda, tinchlik-totuvlik, barqaror rivojlanish va inson qadri yoʼlida xizmat qilib kelgan hamda bugungi kunda har kunlik amallarimizga aylangan.

Feruza USАROVА,

OʼzRFА huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha

Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori vazifasini bajaruvchi,

siyosiy fanlar nomzodi, dotsent