Vatanimiz qitʼalararo madaniy-tijoriy aloqalarni yaxshilashga xizmat qilgan Buyuk Ipak yoʻlining qoq markazida joylashgan. Bu yerda turli xalqlarning milliy anʼana va urf-odatlari oʻzaro uygʻunlikda rivojlangan. Demak, oʻzbekona bagʻrikengligimizning ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi va bu borada biz hamisha jahon ahliga namuna boʻlib kelganmiz.
Xalqimiz shoʻrolar zamonida qatagʻon, quvgʻinga uchragan koʻplab millat vakillariga boshpana berdi, ogʻir damlarda bir burda nonini ular bilan baham koʻrdi. Natijada koreys, nemis, polyak, yunon, qrim-tatar, turk, tojik va boshqa koʻplab millat vakillari oʻzbek elida muqim yashab qolishdi. Ularning zurriyotlari esa shu zaminda tugʻilib-oʻsib, shu yerda taʼlim-tarbiya oldilar.
Siyosiy barqarorlik va millatlararo totuvlikni taʼminlashda, fuqarolarimizda yagona Vatan tuygʻusini shakllantirishda, yurt istiqboliga daxldorlik hissini kamol toptirishda xalqimizning bagʻrikenglik xislati asosiy omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Mustaqil taraqqiyot yillarida mamlakatimizda barqarorlik, tinchlik, ijtimoiy totuvlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni taʼminlash borasida juda koʻp ishlar amalga oshirildi. Qolaversa, yurtimizda milliy istiqlol mafkurasining asosiy gʻoyalaridan biri millatlararo totuvlik, deb belgilanganligi ham bu yoʻlda Oʻzbekistonning oʻz yoʻli borligini tasdiqlaydi.
Millatlararo totuvlik – umumbashariy qadriyat. U nafaqat turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, balki butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotning kafolati boʻlib xizmat qiladi. Bir millatli davlatlarga nisbatan koʻp millatli davlat madaniy, maʼnaviy boy deyish mumkin. Chunki mamlakat ichidagi milliy madaniyatlar muloqoti ularni boyitadi. Har bir millatning boshqa millatlardan oʻrganadigan, namuna boʻladigan jihatlari bor.
Istiqlol yillarida erishgan eng katta boyligimiz xalqimizning tinch va osuda hayotidir. Jamiyatimizdagi oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga uygʻun yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.
Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Ushbu tamoyillar Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qatʼiy muhrlab qoʻyildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida Oʻzbekiston davlati oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida koʻrsatib oʻtildi.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi belgilab qoʻyildi.
Mamlakatimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona oila farzandlaridek ahil yashaydi. Ana shunday koʻp sonli millat va elat vakillarining birgalikda, hamkor va hamjihat boʻlib umr kechirishi natijasida ularning har biri maʼnaviy va madaniy jihatdan boyib, oʻzaro munosabatlar taʼsirida koʻp millatli xalqimizning turmush tarzi yana-da yuksalmoqda.
Zamonaviy davlatning maqsadi jamiyatda hamjihatlik va barqarorlikni, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini taʼminlashdan iborat. Zero, mamlakatimizning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitining saqlanishiga bogʻliq. Bu masalalarga Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev turli yigʻilish va anjumanlarda, shu qatori xalqaro maydonda ham tinimsiz xalqimiz va jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratib kelmoqda.
2017-yilning 19-may kuni davlatimiz rahbarining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar hayotida, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish borasida yangi istiqbollarni ochib berdi, bu sohadagi ishlarda tub burilish yasadi.
Farmon bilan Respublika baynalmilal milliy-madaniy markazi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etildi. Toshkent shahridagi eski Bobur bogʻi Doʻstlik bogʻiga aylantirildi. Respublikadagi milliy markazlar uchun alohida bino ajratildi.
Qoʻmita zimmasiga jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, mamlakatimizning muvaffaqiyatlarini keng targʻib qilish vazifasi yuklandi.
Farmonda xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni, chet eldagi hamyurtlarimiz va turdosh tashkilotlar bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash vazifalari belgilangan. Qoʻmita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarda faoliyat koʻrsatayotgan turdosh tashkilotlar bilan samimiy va oʻzaro hurmatga asoslangan aloqalar oʻrnatish hamda izchil rivojlantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshiradi. Oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari va anʼanalari, shu zaminda tugʻilib oʻsgan buyuk olim va mutafakkirlar merosi, ularning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini keng namoyish etish boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi.
Farmon qoidalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yana-da qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Birodarlik, diniy bagʻrikenglik, doʻstlik va hamkorlik insoniylik fazilatlardan biri sifatida, ajdodlarimizdan bizlarga juda katta maʼnaviy meros boʻlib qolgan. Barcha milliy-madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan har tomonlama koʻmak berilyapti, turli millat vakillarining oʻz ona tili, madaniyati, sanʼati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishga eʼtibor qaratilyapti.
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik albatta turli millat vakillari va xalqlarimizning oʻzaro doʻstlik va birodarlik fazilatlariga asoslangan. Prezidentimiz bu borada, “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu–bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”, deb koʻrsatar ekan, biz ushbu boylikni yana-da mustahkamlash zarurligini anglashimiz zarur. Bu borada olib borayotgan madaniy–maʼrifiy ishlar samaradorligi shu kun talabi ekanligini his qilgan holda faoliyat olib borishimiz muhimdir.
Dunyoning qariyb barcha mamlakatlari koʻp millatlidir. Bugun Oʻzbekistonda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotini ravnaq toptirish yoʻlida samarali mehnat qilayotir. Demak, mamlakatlarning aksariyati bir millat nomi bilan atalsa-da, shu mamlakat koʻp millatli fuqarosining yagona Vatani boʻlib kelmoqda. Oʻzbekiston ham ana shunday boy, turfa madaniyatlar gullab yashayotgan mamlakatlardan biri ekanligi odamga iftixor baxsh etadi.
Ming afsuski, hozirgi vaqtga kelib, baʼzi davlatlarda milliy-etnik munosabatlarda ziddiyatlarning yuzaga kelishi turli koʻrinishdagi nizo va kelishmovchiliklarga olib kelayotganini barchamiz eshitib, koʻrib turibmiz. Yurt osoyishta boʻlishi, turli millatlar ahil yashashi uchun eng avvalo, millatlararo munosabatlarda bagʻrikenglik, bir millatni boshqasidan ustun qoʻymaslik tamoyillariga amal qilinishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan yangi gʻoya va tashabbuslarning paydo boʻlayotganligi doʻstlik va hamjihatlik qoʻrgʻonining yana-da mustahkam boʻlishiga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, “Oʻzbekistonning boyliklari koʻp, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimizjamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikdir”.
Gʻayratulla SHUKUROV,
Millatlararo munosabatlar va
xorijiy mamlakatlar bilan
doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
axborot xizmati boshligʻi