Bugun Yangi Oʻzbekistonda barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda yangicha yondashuv va mexanizmlarni joriy etish gʻoyat dolzarb. Ushbu yoʻnalishda hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, infratuzilma tarmoqlarini takomillashtirish, yirik investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarishda xalqaro tashkilot va investitsiya kompaniyalarining moliyaviy resurslarini jalb qilishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Jahonda hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya salohiyatini oshirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilishi sohadagi ishlarni sifat bosqichiga olib chiqishda muhim omil boʻladi. Jumladan, mamlakatning baʼzi hududlarini alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida boshqarishning yangicha mexanizmini joriy qilish iqtisodiy taraqqiyot va investitsiyaviy muhit jozibadorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Kuchli raqobat va globallashuvning jadal surʼati “millionli shahar”lardagi investitsiya muhitini ravnaq toptirishda katta ahamiyatga ega. Hozir Markaziy Osiyoda aholisi milliondan ortiq shaharlar soni 7 taga yetgan. Yurtimizda poytaxt Toshkent shahri bilan bir qatorda boshqa yirik shaharlar ham “oʻsish nuqtalari”ga aylanmoqda. Ular orasida Samarqand va Namangan ham bor.
Ularning har birida aholi soni million nafarga yetmoqda. Prezidentimizning Murojaatnomasida mazkur yirik shaharlarni “oʻsish nuqtalari”ga aylantirish, alohida maʼmuriy-hududiy birliklar sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazish taklif qilingani bejiz emas. Chunki yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ikkala shaharning ham munosib oʻrni bor. Ayni paytda Samarqand shahri aholisi 1 million 18 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.
Shaharda yashovchilar soni milliondan oshgani inobatga olinib, hozir “millionli shahar” konsepsiyasi amaliyotga tatbiq etilmoqda. Butun dunyoda “millionli shahar”lar oʻziga xos maqom va mavqega ega. Har qanday investor, biznes doira vakillari mamlakatning alohida maʼmuriy-hududiy birliklariga investitsiya kiritishdan avval aholi soni haqidagi maʼlumotlarga murojaat etadi.
Yaʼni shaharning mehnat resurslari mavjudligi borasidagi investitsiyaviy jozibadorligi baholanadi. Chunki yetarli aholi soni va mehnat resurslari yuqori darajadagi isteʼmol, talab darajasini shakl lantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, “millionli shahar”lar investitsiyaviy jozibador hisoblanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiy salohiyatiga ham taʼsir etuvchi omillardandir. Rossiya Federatsiyasida 15 ta, Qozogʻistonda 3 ta “millionli shahar” bor. Vaholanki, Oʻzbekistonda aholi soni 36 milliondan ortiq boʻlishiga qaramay, shu paytgacha mamlakatimizda birgina Toshkent shahri “millionli shahar” hisoblanardi.
Ayrim mamlakatlardagi “millionli shahar”lar (masalan, Chimkent, Krasnoyarsk, Olmaota) tahlil qilinganda, ularning maydoni, aholisi soni va zichligi Samarqand shahri aholisi soni va zichligiga tengligi, hatto undan past ekani maʼlum boʻldi. Ushbu tahlillardan kelib chiqib, Samarqand shahrini ham “millionli shahar”lar roʻyxatiga kiritish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir etish bilan birga, investitsiyalar mobilligini taʼminlashdagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Samarqand shahriga chegaradosh Samarqand, Pastdargʻom, Oqdaryo va Toyloq tumanlarining ayrim aholi punktlari, shuningdek, doimiy roʻyxatdan oʻtmagan aholi va talabalar hisobiga hudud aholisi soni milliondan oshishi shubhasiz. Shahar hududini 5 ta tumanga boʻlish rejalashtirilgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, ushbu tumanlarning asosiy drayver sohalari shaharning iqtisodiy salohiyatini oshirish va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Masalan, Siyob tumanida asosiy turistik infratuzilma obyektlari joylashgan. Hududni rivojlantirishning asosiy drayveri — turizm sohasi va tarmoqlari, tarixiy obidalar, hunarmandlik, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalari. Maʼmuriy binolarning shahar chetiga koʻchirilishi natijasida turistik infratuzilma obyektlari soni yanada oshadi. Madaniy meros obyektlariga tutash hududda joylashgan xonadonlar turizm sohasiga ixtisoslashtiriladi. Qoʻshimcha turizm infratuzilma obyektlari barpo etiladi.
Qoʻshimcha drayver — sanoat tarmoqlari, xususan, farmatsevtika, elektrotexnika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish tufayli hududning sanoat sohasidagi salohiyati ham ortadi. Bogʻishamol tumanida innovatsion taʼlim, biznes va xizmat koʻrsatish markazlari joylashgan. Ushbu hududning asosiy drayveri innovatsion taʼlim, biznes va xizmat koʻrsatish sohasidir.
Shu bois, texnopark, innovatsion gʻoyalar markazi, koʻngilochar obyektlar, savdo markazlari, restoranlar, innovatsion gʻoyalar, tadbirkorlar va olimlar oʻrtasida onlayn muloqot maydoni tashkil etish maqsadga muvofiq. Hududning qoʻshimcha drayveri toʻqimachilik, mashinasozlik hamda metallurgiya sohalari boʻlib, innovatsion texnologiyalarni kiritish hisobiga ortiqcha vaqt va resurslar sarfini keskin qisqartirish imkoniyati yuqori. Soʻgʻdiyona tumani kimyo sanoati, transport logistikasi rivojlangan, qoʻshimcha kichik sanoat zonalari tashkil etiladigan hududdir.
Bu yerda eʼtibor kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalarni barpo etish orqali sanoatni rivojlantirishga qaratiladi. Hudud sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilmaga ega. Samarqand kimyo zavodiga tutash boʻlgan sobiq poligondan kamida 100 gektar yer ajratib, tuman sanoatini diversifikatsiya qilish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish mumkin. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini saqlash uchun sigʻimi 15 ming tonna boʻlgan qoʻshimcha 6 ta zamonaviy muzlatkichli omborxona tashkil etish ijobiy samara beradi.
Maroqand tumani qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash salohiyatiga ega boʻlib, asosiy drayveri oziqovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishdan iborat. Ushbu tarmoqlarning ravnaq topishi valyuta tushumini koʻpaytirib, xorijiy investorlar ishtirokidagi yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Kichik sanoat zonalari, uzumchilik, issiqxona, agrologistika markazi, parrandachilik yoʻnalishlarini rivojlantirishga erishiladi.
Eshkak eshish kanali hududida tashkil etilayotgan kongress xoll va yirik mehmonxonalardan iborat zamonaviy turistik majmua va unga tutash hududda “Konigil — turizm qishlogʻi” loyihasi hisobiga turistik salohiyat hamda xizmatlar monetizatsiyasi yanada oshadi. Yangikent (Zarafshon, Qorasuv massivi) tumaniga “yoʻldosh shahar”, “Aqlli shahar” maqomi berilib, hududning asosiy drayveri innovatsion texnologiyalar va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Uning asosiy drayverlari negizida kichik hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari, texnoparklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali investitsiya muhiti va innovatsion salohiyatni rivojlantirish imkoniyati yuzaga keladi.
Tumanda xizmat koʻrsatish, jumladan, zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻrsatish obyektlari, istirohat bogʻlari hamda aholi va sayyohlar uchun koʻngilochar maskanlar barpo etish, sport majmualari, kinoteatrlar, akvapark, golf maydonlari tashkil etish rejalashtirilgan. “Millionli shahar” konsepsiyasini amalga oshirish yirik investitsiyaviy salohiyatga ega xalqaro mehmonxona (Hilton, Marriott, Hyatt, Wyndham, Accor, IHG), fastfud (McDonaldʻs, Subway, Burger King, KFC, Starbucks) hamda lyuks (Louis Vuitton, H&M, Zara, Gucci, Chanel, Dior) brendlari uchun faoliyat yuritishga qulay imkoniyatni taqdim etadi.
Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu chora-tadbirlar orqali shaharda xizmat koʻrsatish sohasining viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmidagi ulushini 19,8 foizdan 2040-yilgacha 46,5 foizga, aholi jon boshiga koʻrsatiladigan xizmatlar hajmini 1524 AQSH dollaridan 3700 AQSH dollariga, mazkur tarmoqda ish bilan bandlik darajasini 55 foizdan 70 foizga yetkazish prognoz qilingan. Kelgusida millionli shaharga aylanadigan Samarqandda turizm infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, 2025-yilga qadar mehmonxonalar sonini 163 taga, mehmon uylari sonini 472 taga, hunarmandlik va suvenir doʻkonlari sonini 459 taga koʻpaytirish maqsad qilingan.
Ushbu rejalar asosida shaharga tashrif buyuruvchilar sonini 4 million nafarga yetkazish orqali turizm xizmatlari eksporti 526,3 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Sohada 12400 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish, turoperatorlar sonini 630 taga yetkazish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Aholi xonadonlarini turizm sohasiga ixtisoslashtirish orqali xalqning moddiy manfaatdorlik darajasini oshirish ham rejalashtirilgan. Turizm faoliyatiga jalb etiladigan aholi xonadonlari sonini 20 foizdan 50 foizga yetkazish natijasida 3036 dan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etiladi.
Rejadagi chora-tadbirlar, maqsadli koʻrsatkichlar 2025-yilda turistik xizmatlarning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini 6,8 foizdan 16 foizga oshirishga zamin hozirlaydi. Yaratiladigan qulay turistik infratuzilma salohiyati sababli yurtimizga keladigan har bir sayyohning oʻrtacha xarajati 287,5 AQSH dollaridan 387 AQSH dollariga oshadi. Natijada 2025-yilga borib, turistik xizmatlar eksporti hajmi 161 million AQSH dollaridan 1 milliard 548 million AQSH dollariga yetadi.
Shuningdek, asosiy drayver sohalar evaziga Samarqand shahrining sanoat salohiyati 2025-yilda 44,5 foizdan 48,7 foizga, ishlab chiqarish korxonalari soni 1533 tadan 2288 taga, ishlab chiqarish hajmi esa 7218 milliard soʻmdan 1 trillion 2579 milliard soʻmga yetishi prognoz qilingan. Bunda mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoatining yetakchi tarmoqlarga aylanishi natijasida shaharning sanoatlashuv darajasi ortadi.
“Millionli shahar” konsepsiyasining ijobiy samarasi oʻlaroq, Samarqand shahrining investitsiyaviy salohiyatini 88,2 million AQSH dollaridan 2025-yilda 644 million, 2030-yilda 938 million, 2040-yilda 1 milliard 848 million AQSH dollariga yetkazish orqali shaharning investitsiyaviy imkoniyati ortadi, asosiysi, hudud aholisi farovonligi, moddiy va ijtimoiy taʼminoti yanada yaxshilanadi.
Bugun jahondagi demografik jarayonlar va tarkibiy oʻzgarishlar har bir mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy yoʻnalishlariga bevosita taʼsir etmoqda. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqa boʻlib, aholisining oʻrtacha yoshi 27,6 yoshni tashkil etadi. Mintaqa aholisining 50 foizga yaqini Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi.
Oʻz navbatida, kelgusi besh yillikda yoshlarning ilmiy, kasbiy rivojlanishi, salomatligi mustahkamlanib, iqtisodiy imkoniyatlari kengayishi uchun ajratiladigan sarmoyalarni demografik dividendga yoʻnaltirish borasida mamlakat va hududlar oldiga yangidan-yangi vazifalar qoʻyiladi. Aholi zich joylashuviga qaramay, Namangan viloyatida biznes doira vakillari orasida yigit-qizlarning ulushi yuqori. Aynan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan yoshlar sanoat zonalarida amalga oshirilgan loyihalar hisobiga hududlar orasida viloyat yetakchi.
Namangan viloyatida jami 19 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. Ularda umumiy qiymati 573,7 milliard soʻmlik 150 ta investitsiya loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Ular hisobiga 5 647 ta yangi ish oʻrni ochilgan hamda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 21,3 milliard soʻmni tashkil etgan. Yoshlar sanoat zonalarida mebel, qogʻoz, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qadoqlash, toʻqimachilik kabi sohalar investitsiyalarni jalb etishga asosiy drayver vazifasini oʻtadi. Toʻqimachilik sanoati boʻyicha 44 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilgani 2261 ta yangi ish oʻrni tashkil qilish imkonini berdi.
Shuningdek, yetakchi sanoat tarmoqlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida umumiy qiymati 70,4 milliard soʻmlik jami 30 ta investitsiya loyihasi boʻyicha 5,3 milliard soʻmlik tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Istiqbolda ushbu sanoat zonalarida umumiy qiymati 1 trillion 481,9 milliard soʻmlik jami 434 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni samarali roʻyobga chiqarishda tadbirkorlik salohiyati yuqori boʻlgan Namangan shahri ancha faol.
Bunga birgina misol shaharda joylashgan Davlatobod tumanidagi yoshlar sanoat zonasi. Oliy Majlis Senatining 2020-yil 11-sentyabrdagi “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu tumanga asos solindi. Uning maydoni 4 ming 686 gektar boʻlib, Namangan shahri hududining 26 foizini tashkil etadi. Tumanning 26 ta mahallasida 150 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Davlatobodda 421 ta koʻp qavatli uy, 18 ta maktab, 24 ta bolalar bogʻchasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, “Yuksalish” va “Orzu” kichik sanoat zonalari, “Navbahor” stadioni, “Afsonalar vodiysi” bogʻi, 5 ta zamonaviy mehmonxona va 700 ga yaqin xizmat koʻrsatish obyekti joylashgan. Davlatobod tumaniga taalluqli statistik maʼlumotlar asosida aytish mumkinki, hududda yoshlar soni jadal oʻsyapti. 2020-yilda ularning soni 17 ming 445 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil 13,2 foiz ortgan. Bu, oʻz navbatida, tumandagi yoshlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash lozimligini anglatadi.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Namangan shahri kengashi qarori asosida Davlatobod tumanining “Yuksalish” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va investitsiyaviy faolligini oshirishda tumanning 2022-2026-yillarga belgilangan investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 87,3 million AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiya jalb etilgan. Mazkur koʻrsatkichni 2026-yilda 110,4 million dollarga yetkazish boʻyicha amaliy ishlar bajarilmoqda.
Chet el investitsiyasini oʻzlashtirish va yoshlar bandligini taʼminlashda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari muhim ahamiyatga ega. Namangan shahri hududidagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi 30 gektar maydonda joylashgan. Unda hozirgacha 30 ta loyiha toʻla bajarilgan, yana 30 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy qiymati 402,1 milliard soʻmni tashkil etadi. Qilingan ishlar natijasida 3 ming 295 ta yangi ish oʻrni ochilgan. Eʼtiborlisi, loyihalarni moliyalashtirish manbalarining 92 foizidan ortigʻi yosh tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy mablagʻi hissasiga toʻgʻri keladi.
Millionli hududlarning maʼmuriy-hududiy birlik sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri respublika boʻysunuviga oʻtkazilishi Samarqand va Namangan shaharlaridagi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy resurslar oqimini faollashtirish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga puxta zamin hozirlaydi.