Milliy gvardiya xodimlari endilikda tibbiy niqob taqmagan fuqarolarga niqob taqdim etadi

    Salomatlik 10 Yanvar 2022 2421

    Oʻzbekistonga koronavirusning “omikron” shtammi kirib kelgan boʻlsada, atrofimizda tibbiy niqob taqqanlar juda kam.

    Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy niqobsiz yurganlarga 1 million 350 ming soʻm miqdorida jarima jazosi qoʻllanilishi borasida xabarlar tarqalmoqda. Bu qanchalik asosli? Ushbu tartib qachondan kuchga kirgan yoki qachondan kuchga kiradi?

    Mazkur savolga AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Habibulla Oqilov yurtimizdagi koronavirus bilan bogʻliq mavjud epidemiologik holat yuzasidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida javob berdi.

    Uning taʼkidlashicha, bu tartib amalda va bekor boʻlmagan.

    “Belgilangan meʼyorlarga muvofiq, jarima tayinlanadi. Endilikda Milliy gvardiya xodimlari tibbiy niqob taqmagan fuqaroga niqob taqishi kerakligi borasida eslatib tushuntirish ishlarini olib boradi hamda yonida tibbiy niqobi boʻlmaganlarga niqob beradi”, dedi Habibulla Oqilov.