Hujjat “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq qabul qilingan.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanish tartibi;
  • majburiy tartibda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalarni tashkil etish, transport vositasidan majburiy tarzda foydalangan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) hamda transport vositasining egasi yoki uning vakili murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
  • transport vositasi egasiga yetkazilgan mulkiy zarar miqdori toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni toʻplash, mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda mulkiy zararni qoplash tartibi;
  • mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda uning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish manbalari.

Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq quyidagi hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin:

  • shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazishda;
  • jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borishda;
  • hodisa joyiga yetib borishda.

Ushbu holatlarda transport vositalari haydovchilari Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisining (xodimining) transport vositasidan majburiy tarzda foydalanish talabiga boʻysunishi shart.

Milliy gvardiya tomonidan transport vositasidan majburiy tarzda foydalanilganda, transport vositasining egasiga harbiy xizmatchi (xodim) oʻz identifikatsiyalovchi hujjatini berishi shart.

Transport vositasi egasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) tomonidan transport vositasidan foydalanish uchun harbiy xizmatchi (xodim) identifikatsiyalovchi hujjatini taqdim etmagan taqdirda, harbiy xizmatchining (xodimning) talabini bajarmaslik huquqiga ega.

Quyidagi tashkilotlarning yoki fuqarolarning transport vositalaridan Milliy gvardiya tomonidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:

  • xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari;
  • maxsus moʻljallangan va tovush chiqaruv moslamalari (sirena) oʻrnatilgan transport vositalari hamda Hukumat rahbarlarini olib yuruvchi, tez tibbiy yordam, yongʻin oʻchirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalari;
  • shahar yoʻlovchi tashish transport vositalari.

Milliy gvardiya organlari tomonidan transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni sxemaga muvofiq qoplanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 3.08.2021-yildan kuchga kirdi.

Nargiza Vohidova.