Mazkur holat milliy hisoblar koʻrsatkichlarini xalqaro uslubiyotlarga muvofiqlashtirishning dolzarb masala ekanligini koʻrsatadi.
Milliy hisoblar tizimi (MHT) iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalovchi hisoblar va jadvallarning muayyan toʻplami shaklida tuzilgan, oʻzaro bogʻliq statistik koʻrsatkichlarni oʻzida aks ettiradigan xalqaro uslubiyat boʻlib, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarini oʻrganishga xizmat qiladi.
MHTning nazariy asoslari vujudga kelishi hamda rivojlanishi koʻp yillik tarixga ega. Uning xalqaro miqyosda tan olingan birinchi standarti “MHT–1953” hisoblanadi. Ushbu qoʻllanma 1968, 1993 va 2008-yillarda yangilanib, takomillashtirildi. “MHT-2008” xalqaro standarti 2009-yilda BMT Statistika komissiyasining 40-sessiyasida qabul qilinib, ushbu qoʻllanmada bir qator muhim iqtisodiy jarayonlarning statistik koʻrsatkichlarda ifodalash uslubiyati takomillashtirilgan.
Dunyoda MHTning joriy etilishi
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarning aksariyati milliy hisoblar koʻrsatkichlarini BMT va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ)ning
“MHT-2008” xalqaro standarti qoidalariga moslashtirmoqda. XVJ maʼlumotlariga koʻra, unga aʼzo boʻlgan 193 mamlakatdan bittasi “MHT–1968”, 56 tasi “MHT–1993”, 136 tasi “MHT–2008” xalqaro standarti qoidalari asosida milliy hisoblar koʻrsatkichlarini shakllantirib kelmoqda.
MDH davlatlarning esa 5 tasi “MHT–1993”, 6 tasi “MHT–2008” xalqaro standarti qoidalari asosida milliy hisoblar koʻrsatkichlarini yuritadi.
Oʻzbekistonda jarayon qanday kechmoqda?
Oʻzbekiston milliy statistika amaliyotiga MHT xalqaro uslubiyatini joriy qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 1994-yildagi 433-sonli qaroriga asosan boshlangan boʻlib, Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni, 2019-yil 9-apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 3-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari MHTni statistika amaliyotiga keng joriy qilishni yanada jadallashtirishda huquqiy asos boʻlib xizmat qildi.
2017–2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi) tomonidan milliy hisoblar koʻrsatkichlarini hisoblash uslubiyatlari “MHT–2008” xalqaro standarti qoidalariga muvofiqlashtirildi hamda ular asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
MHT, davlat moliyasi statistikasi va toʻlov balansi koʻrsatkichlari oʻzaro muvofiqlashtirildi. Bunda YAIM hisob-kitoblarini davlat moliyasi statistikasi va toʻlov balansi maʼlumotlariga muvofiq ravishda amalga oshirish va qoʻmitaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu hisob-kitoblar asosida YAIM va u bilan bogʻliq makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning 2010-yildan yillik va 2017-yildan choraklik dinamik qatorlari shakllantirildi va eʼlon qilindi.
YAIMni diskret asosida hisoblash tajribasini joriy etish orqali choraklik milliy hisoblar joriy etildi. Bu orqali uch oylik milliy hisoblarni olib borishning maxsus tartib joriy etildi.
“Resurslar va ishlatilish” jadvallarini tuzish tajribasi takomillashtirildi. Korxonalarning ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibini oʻrganish maqsadida 23 turdagi savolnomalar tuzildi hamda 2020-yilning may-avgust oylarida respublikaning barcha hududlarida jami 31 ming 961 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar (nomoliyaviy korxonalar, banklar va sugʻurta tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari)ni qamrab olgan holda tanlanma kuzatuvlar oʻtkazildi.
Kuzatuv natijalariga koʻra, aniqlangan “Xarajatlar – ishlab chiqarish”ning yangilangan koeffitsiyentlari asosida 2019–2020-yillar uchun “Resurslar va ishlatilish” jadvallari shakllantirilib, foydalanuvchilarga taqdim etildi.
2020–2021-yillar davomida XVJ va Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning milliy hisoblar statistikasi boʻyicha texnik koʻmak missiyalari doirasida “Resurslar va ishlatilish” jadvallarini tuzish tajribasi takomillashtirildi. Natijada amaldagi 81 ta tarmoq va 81 xil mahsulot koʻrsatkichlari 143 ta tarmoq va 143 xil mahsulotlar kesimiga yetkazildi.
Xalqaro tajribani oʻrganish hamda “Resurslar va ishlatilish” jadvallarini tuzish amaliyotini takomillashtirish maqsadida “Tovarlar
va xizmatlar resurslari va ishlatilishi jadvallarini tuzish boʻyicha uslubiy nizom” ishlab chiqildi.
Statistik koʻrsatkichlar hisob-kitoblariga xalqaro tasniflagichlar joriy etildi. YAIMni yakuniy isteʼmol usulida hisoblashda davlat boshqaruvi organlarining isteʼmol xarajatlari “Davlat boshqaruvi organlari funksiyalarining tasnifi” boʻyicha shakllantirildi.
Yakuniy isteʼmol usulida hisoblanadigan YAIM tarkibida uy xoʻjaliklarining isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichini “Maqsadlar boʻyicha individual isteʼmol tasnifi” asosida yuritish yoʻlga qoʻyildi.
Kapital bilan operatsiyalar hisobi “Asosiy fondlar tasniflagichi”ni joriy qilish orqali takomillashtirildi. Aktivlarning turlari boʻyicha tasniflash amalga oshirildi.
Uy-joy egalari tomonidan oʻz isteʼmoli uchun ishlab chiqarilgan yashash xizmatlarini baholash “MHT-2008” xalqaro uslubiyatiga moslashtirildi va bu yoʻnalishda uslubiy nizom tayyorlandi. Oʻz uyida yashash boʻyicha shartli xizmatlarni qoʻshgan holda, YAIM va u bilan bogʻliq makroiqtisodiy koʻrsatkichlar yillik davriylikda 2010-yildan va choraklik davriylikda 2016-yildan qayta hisoblandi.
Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishini baholovchi statistik koʻrsatkichlar tizimi ishlab chiqildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Davlat statistika qoʻmitasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi)ning “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot statistikasini yuritish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat yigʻma koʻrsatkichlar tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori imzolandi. Ushbu qaror bilan “Axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat” yigʻma koʻrsatkichi hamda uning tarkibiga kiruvchi faoliyat turlari roʻyxati tasdiqlandi.
“Axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat sohasi boʻyicha yalpi qoʻshilgan qiymat hajmini hisoblash tartibi” ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Mazkur jarayonlarning yakuniy bosqichi sifatida moliyaviy vositachilik xizmatlari hisob-kitoblari “MHT–2008” xalqaro uslubiyati talablari asosida XVJ va OTB ekspertlari tavsiyasiga muvofiq, sohada “Bilvosita oʻlchanadigan moliyaviy vositachilik xizmatlari ishlab chiqarishini hisoblash boʻyicha uslubiy nizom” asosida 2017–2022-yillarda amalga oshirildi.
Mazkur xizmatlar hajmi “MHT–1993” uslubiyati boʻyicha moliyaviy vositachilar tomonidan olingan va toʻlangan foizlar oʻrtasidagi farq sifatida hisoblangan hamda shartli tarmoqning oraliq isteʼmoli sifatida boshqa xizmatlarga qoʻshgan holda aks ettirilgan.
“MHT–2008” uslubiyati boʻyicha esa moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmi kredit (depozit)larning foiz stavkalari va bazis stavkasi (kreditlar va depozitlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi) oʻrtasidagi farqni hisobot davridagi kredit (depozit)larning oʻrtacha qoldigʻiga koʻpaytirish orqali institutsional sektorlar kesimida hisoblandi.
Mazkur uslubiyat boʻyicha moliyaviy vositachilik xizmatlari hajmi iqtisodiy faoliyat turlarining oraliq isteʼmoli hamda uy xoʻjaliklarining yakuniy isteʼmoliga taqsimlandi.
Ushbu uslubiyatning joriy etilishi natijasida 2021-yil uchun nominal YAIM hajmi 734,9 trillion soʻmdan 738,4 trillion soʻmga (0,5 foizga) oshdi va YAIMning real oʻsish surʼati oʻzgarmadi (7,4 foiz saqlanib qoldi).
Oldinda turgan asosiy vazifalar
Oʻzbekiston statistika sohasida MHTni takomillashtirish boʻyicha kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar quyidagilardan iborat:
– YAIMni doimiy narxlarda hisoblash uslubiyatini yanada takomillashtirish (bazis yilining oʻrtacha narxlarida hisoblash va ikki yoqlama deflyatsiya qilish usulini joriy qilish);
– “xarajatlar va ishlab chiqarish” jadvallarini doimiy narxlarda baholash amaliyotini joriy etish;
– xalqaro taqqoslash dasturining navbatdagi global bosqichida ishtirok etish;
– kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash amaliyotini xalqaro tavsiyalar asosida takomillashtirish;
– MHT sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirib borish.
Qayd etilgan asosiy yoʻnalishlar boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni bartaraf etish, qoʻyilgan vazifalarni toʻliq bajarish natijasida MHT koʻrsatkichlari sifati va shaffofligi yaxshilanishiga erishiladi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz milliy iqtisodiyotini yanada kengroq tavsiflash, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar hisob-kitoblarini xalqaro uslubiyatga muvofiqlashtirish orqali statistik koʻrsatkichlarning taqqoslash darajasini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyotini aks ettiruvchi koʻrsatkichlarning xorijiy investorlarga yanada tushunarli boʻlishi hamda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash kabi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.
Bahodir BEGALOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Statistika agentligi direktori,
iqtisod fanlari doktori, professor