Milliy jinoyat-prosessual qonunchilikka kiritilayotgan o'zgartirishlar

    2021 yilning 18 fevral` kuni “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun qabul qilinishi munosabati bilan milliy jinoyat-prosessual qonunchiligimizga yangi institutlar, ya'ni “ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish”, “jinoyat ishi bo'yicha dastlabki eshituv”, “aybga iqrorlik to'g'risida kelishuv” joriy etildi.

    Ko'rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo'yish instituti joriy etilishi bilan, endilikda guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy da'vogarni) ob'ektiv sabablarga ko'ra (O'zbekistondan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan og'ir va davomli kasallik mavjudligi) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chog'ida keyinchalik so'roq qilish mumkin bo'lmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo'lgan hollarda ularning ko'rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo'yilishi mumkin.

    Dastlabki eshituv institutining joriy etilishi sudga kelib tushgan jinoyat ishlarini sudda ko'rish uchun tayinlash bosqichida taraflarning dastlabki eshituvlarda ishtirok eta olishiga olib keladi. Bugungi kunda ushbu bosqichda taraflar ishtiroki cheklangani sababli mazkur jarayonda hal etilishi lozim bo'lgan muhim masalalarni (masalan, ishni tugatish yoki to'xtatish) sud`ya yakka tartibda hal etishga majbur. Oqibatda, sud`ya cheklangan ma'lumotga ega bo'lganligi uchun bunday masalalar hal etilmasdan qoladi va asosiy bosqich – umumiy sud majlisiga barcha ishtirokchilar chaqirilib, fuqarolarning sarson bo'lishiga olib keladi. Mazkur institut belgilagan tartib-qoidalarga muvofiq, ushbu muammolar bartaraf etilmoqa.

    Aybga iqrorlik to'g'risida kelishuv institutining joriy etilishi, o'z o'rnida o'ta og'ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo'yicha shaxs aybiga iqror bo'lgan taqdirda, jinoyatni ochishga ko'maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladigan kelishuv tuzishga imkoniyat yaratmoqda. Aybga iqorolik to'g'risidagi kelishuv tuzilishi oqibatida jazo belgilangan eng ko'p jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlanadi.

    Milliy jinoyat-prosessual qonunchiligimizga joriy etilgan yangi institutlar, o'z navbatida odil sudlovni amalga oshirishga, sud mustaqilligini ta'minlashga, sud-tergov faoliyatida shaxslarning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlanishiga asos bo'ladi.

    Baxtiyor XIDOYATOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi professori
    Bahrom XUDAYBERGENOV,

    kafedra o'qituvchisi