Milliy kiyimlarimizga hurmat burchga aylanmogʻi lozim

    Ijtimoiy tarmoqlarga koʻp kirmaslikka qancha harakat qilmay, telegramdagi “Qarindoshlar”, “Sinfdoshlar”, “Kursdoshlar”, “Eski ishxona” va shu kabi guruhlardan kelgan turli xabarlarga qiziqib, baʼzan sandiroqlab ketganimni bilmay qolaman.

    Turli manbalardan olingan tasvirli lavhalar, postlar, iqtiboslar, “Feysbuk” va “Instagram”dagi chiqishlarga berilgan havolalar oʻziga oxanrabodek tortib oladi. Ular orasida esa “mazalisi”dan bemazasi koʻp.

    Yaqinda ana shunday “sayru sayohat” davomida qandaydir modalar namoyishidan kesib olingan bir lavhaga koʻzim tushdi. Tepa sochimni tikka qilgan bu manzarani koʻrmaganim yaxshi edi. Agar ichki madaniyatim monelik qilmaganida, agar qogʻoz koʻtarganida “taassurotlarim”ni bolaxonador qilib ifo-dalagan boʻlarmidim? Afsuski va yaxshiyam unday emas...

    Xullas deng, qaysidir xorijiy davlat (katta ehtimol bilan Yevropa)dagi moda biznesi bilan shugʻullanuvchi bir kompaniya joriy yil bahor-yoz oylarida rusum boʻlishi kutilayotgan liboslarni namoyish qildi. Yosh yigit-qizlar asosan ochiq-sochiq uslubda tikilgan “zamonaviy” dizayndagi turli kiyimlarni koʻz-koʻz qilib, u yoqdan bu yoqqa yuryapti. Endi betim qizarib, koʻrishni toʻxtatmoqchi ham edimki, bir payt ikki qarich atlas boʻlagini badanining u yer-bu yeriga yopishtirib olgan bir qiz chiqib keldi. Orti-dan yana bir nechasi atlasu adraslarimizdan tikilgan undanam battar “libos”larda koʻrinish berdi.

    Internet tarmogʻida “algoritm” degan tushuncha bor. Biror lavha, matn, reklamani koʻproq tomosha qilib qolsangiz, bir oz vaqt oʻtgach, siz istamasangiz ham shu yoʻnalishdagi boshqa havolalar taqdim qilinaveradi, tasmadan chiqib kelaveradi. Bunday mazmundagi, yaʼni atlas, adras, shoyi, soʻzana, doʻppi kabi milliy liboslarimiz “ishtirok etgan” bemaza namoyishlar koʻp ekan va internet algoritmi endi menga ularni birin-ketin taqdim qila boshladi.

    Eng dahshatlisi, bir payt oʻzimizning yurtimizda, qorakoʻz yigit-qizlarimiz ishtirokida boʻlib oʻtgan (oʻtayotgan) shu qabilidagi modalar namoyishi haqida lavha ham aylanib qoldi. Bir qur nazar tashlashga odam uyaladigan, milliy matolarimizdan tikilgan ust-boshlarni kiyim desak, koʻzimiz ham, tilimiz ham xafa boʻladi. Yana ayrimlari boshiga oʻzbek doʻppilarini qoʻndirib olgan. Bu nimasi endi? Qachondan milliy liboslarimiz moda olami korchalonlari uchun sharmsizlikni targʻib qiluvchi vositaga aylandi? Axir bu liboslar millatimiz ori, nomusi, ibo va hayosi ramzi emasmidi?

    Tashabbuslar esdan chiqmadimi?

    Birmuncha vaqt avval Toshkent shahri hokimligi, Madaniyat vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi kabi tashkilotlar xayrli yoʻnalishda qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Milliylikni targʻib qilish, davlat idoralarida milliy kiyimda yurish, milliy liboslar chellenji oʻtkazish nazarda tutilgan, qadriyatlarni asrash, ularni keng targʻib qilish hamda avlodlar oʻrtasidagi bogʻlanishni mustahkamlashga qaratilgan harakatlar muayyan muddat gurkiradi. Juda koʻplab yurtdoshlarimiz milliy liboslarda qatnashib, milliylikka ehtiromini ifoda etdi. Shundoq ham goʻzal oʻzbek ayollari milliy liboslarga burkanib, doʻppilarni qoʻndirib, yanada maftunkor ekanini namoyish qildi.

    Bu ishlarda erkaklar ham qatordan qolmadi. Aslida, erkaklar libosining asosini belga qiyiqcha (kichikroq roʻmol) bilan bogʻlanadigan chopon-toʻn tashkil etadi. Anʼanaviy bosh kiyim sifatida doʻppi kiyilsa, tanaga asosan paxtali matodan koʻylak-shimlar tanlanadi. Oyoq kiyim uchun maxsi va charmdan tikilgan etiklardan foydalaniladi. Lekin yuqoridagi chellenjda yigitlarimiz faqat doʻppi kiyish bilan cheklandi. Shunisiga ham xursand boʻldik.

    Ayniqsa, poytaxt hokimi qarori bilan Toshkent shahrida milliylikni keng targʻib qilish boʻyicha ishchi guruh tuzilgani, shu maqsadga qaratilgan “Milliy Toshkent” loyihasi asosida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangani koʻpchilikning olqishiga sabab boʻldi.

    “Milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targʻibot materiallarini ishlab chiqish, korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikni tashkil etish, ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqei mustahkamlanishini taʼminlash, milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash” kabi yoʻnalishlar ishchi guruhning asosiy vazifalari sifatida qayd etildi. Bu boʻyicha Toshkent shahri hokimi oʻrinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar, tuman hokimliklariga tegishli vazifalar yuklandi.

    Natijada shahar miqyosida oʻtkaziladigan barcha ommaviy tadbirlar (bayramlar, festivallar, koʻrgazmalar, sport musobaqalari, konsertlar va boshqalar) milliy uslubda bezatilishini hamda ishtirokchilarning milliy liboslarda boʻlishini taʼminlash va boshqa koʻplab vazifalar belgilandi.

    Shuningdek, ommaviy tadbirlarda eng yaxshi milliy liboslar namoyishi, milliy oʻyinlar, milliy raqs va qoʻshiqlar tanlovlari oʻtkazilib, gʻoliblarga sovgʻalar hamda diplomlar berib borilishi nazarda tutildi.

    Yuqoridagi tashabbus shiddat bilan boshlangan edi. Nazarimizda, oradan 5-6 oy fursat oʻtib, bugun uning choʻgʻi bir oz pasaygandek. “Qayga bormay boshda doʻppim, gʻoz yurarman gerdayib”, deya faxr qilgan Erkin Vohidov, milliy kiyimdagi qizlarimiz oldida osmondagi oy ham xijolat ekanini isbotlab ketgan Muhammad Yusufning oʻtli satrlari, xalqimizning sevimli sanʼatkori Neʼmatjon Qulabdullayev “koʻzi yashnab” Muhayyo, Surayyo, Raʼno, Muqaddaslar kiygan atlas sharafiga kuylagan diltortar qoʻshiqlar mavzusiga bugun yana murojaat qilmay qoʻygandekmiz...

    Mavzuga qaytib...

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida (joriy yil 30-mart, 65-son) iqtidorli yosh hamkasbimiz Azizbek Yusupovning “Doʻppi kiysam... yoxud milliyligimiz namunasi bugun mazax obyektiga aylanib qolmayaptimi?” maqolasi eʼlon qilingan edi. Unda muallif kuyinchaklik bilan milliy bosh kiyim — doʻppining bugunga kelib odamlar ongida beoʻxshov buyumga aylanib qolgani, uni kiygan odam didsizlikda ayblanib, doʻppili odam keragidan ortiq toʻpori kishi degan tasavvur shakllangani va shu kabi ogʻriqli masalalar sabablari tahlilini keltiradi.

    Oʻsha maqoladan keyin oʻzim ham bu masalaga boshqacha nigoh bilan qaray boshladim. Darhaqiqat, davlat va xususiy telekanallarda tinmay efirga uzatilayotgan zamonaviy xonandalar ijrosidagi qoʻshiqlarga ishlangan kliplar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tuturiqsiz va toshbosmas mem, vayn, videolavhalardagi merovroq, dovdirroq, almoyi-aljoyi gaplari bilan bachkanalik qilayotgan aksariyat qahramonlar doʻppida yoki toʻn kiyib olgan holatda taqdim qilinmoqda. Boshqa “aqlli, boyvuchcha, tadbirkor” personajlar esa oddiy, zamonaviy kiyimda. Maqsad nima? Mato toʻqiydigan hunarmandlar, doʻppidoʻzlar, toʻn tikuvchilar sanʼati azaldan yuksak qadrlangan, eʼzozlangan, ular jamiyatda muayyan mavqega ega boʻlgan. Nima uchun ularning mehnat mahsulidan “sanoatkorlar” teskari maqsadlarda foydalanyapti? Nega aynan faqat tomoshabin kulishi, aniqrogʻi, mazaxlashi uchun kiritilgan obrazlarga milliy liboslar kiydirish urfga kirib ketdi?

    Prezidentimizning joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqotida ular uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora- tadbirlari muhokama qilindi. Muloqotda tomoshabin uchun foydali, tariximiz va ke-lajagimiz, qadriyatlarimiz xususida yangi avlod uchun manfaatli boʻladigan mediamahsulotlar tayyorlashda jonbozlik koʻrsatadigan yoshlarga imkoniyatlar berish kerakligi taʼkidlandi. Mayli, yoshlar yoshlik qilayotgandir, biz kattalar-chi, bu holga qachongacha jim qarab turishimiz mumkin?

    Aybdor kim?

    Shu oʻrinda oʻylanib qoldim: balki milliy mato va liboslarimizga xorij podiumlarida bizning asabga tegayotgan munosabatga oʻzimiz sababchidirmiz. Avval oʻz yurtimizda, oʻz millatdoshlarimiz orasida meros boʻlib kelayotgan boqiy qadriyatlarni munosib himoya qila olsak, oʻshanda chet ellarda ham uning mavqei oshadi. Qachonki milliy kiyimlar har bir xalqning madaniy qiyofasi, milliy oʻzligining ifodasi ekanini, shonli tarixi uning matolarida, rang va naqshlarida namoyon boʻlishini anglasak, soʻng boshqa-larga ham anglatib qoʻyishimiz oson kechadi.

    — Atlas va adras kabi matodan tikilgan milliy liboslarni masxara qilish, ularni zamonaviy kiyimlardan past koʻrish milliy qadriyatlarga nisbatan hurmatsizlik, — deydi Yevropada vaqtincha faoliyat yuritayotgan dizayner Shahzoda Qobiljonova. — Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi muomalalar tar-qalishi, hatto yoshlar orasida uyalib, milliy libosdan voz kechish holatlari koʻpayishi xavotirli holat. Besh yoshli qizim oʻzimiz istiqomat qilayotgan shahardagi bogʻchaga boradi. Guruhida asosan boshqa davlatlardan kelgan turli millat vakillarining jajji farzandlari yigʻilgan. Qizim har kuni bogʻcha-siga milliy libosda boraman deydi. Negaki tarbiyachilar milliy libosdagi bolalarni boshqalarga har kuni oʻrnak qilib koʻrsatar ekan.

    Ha, milliy kiyim orqali kimning qaysi xalq, qaysi millatga mansub ekanini aniqlash mumkin. Agar biz bugun milliy kiyimlarni qadrlamasak, ertangi avlod ularni umuman tanimay qolishi mumkin. Atlas va adras esa shunchaki ipak mato emas, ular orqali xalqimiz asrlar davomida oʻz madaniyatini, urf-odatini namoyon qilib kelgan. Hozir milliy matolarni kiyishdan uyalish holatlari, afsuski, yoʻq emas. Dizaynerlarimiz milliy matolardan juda chiroyli, zamonaviy fasondagi koʻylak, kostyum va aksessuar-lar tikyapti. Faqat ularni kiyib bera olsak kifoya.

    — Milliy kiyimlarni kiyish yoshlar ongida milliy gʻurur, vatanga muhabbat va tarixga hurmat tuygʻularini shakllantiradi, — deydi pedagog Qudratilla Karimov. — Milliy liboslar orqali yoshlar oʻz ildizlariga, ajdodlarining hayot tarziga va qadriyatlariga yanada yaqinlashadi. Bu esa ularning oʻzini tanishi, madaniy oʻzligini anglashi va maʼnaviy yetuk shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.

    Shuningdek, milliy kiyimlar odob-axloqni, soddalikni, or-nomusni qadrlashga undaydi. Qizlar orasida adras, atlas kabi matolardan tikilgan liboslar kiyish ularni xushmuomala, odobli va estetik did, nafislik bilan tarbiyalashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻgʻil bolalar esa milliy kiyimlar orqali mardlik, jasorat, turkiy xalqlarga xos gʻurur va bir soʻzlilik kabi xislatlarni oʻzida mujassamlashtira oladi.

    Muxtasar aytganda, oʻzbek milliy kiyimlari oddiy matolardan tikilgan, tayyorlangan libos va buyumlar emas, balki tarix, sanʼat, madaniyat va oʻzlik timsolidir. Ular nafaqat toʻy, maʼraka, marosimlarda, balki kundalik hayotda ham oʻrnini topib borishi lozim. Ularni asrash, avaylash, yangi avlodga yetkazish har birimizning vatan va millatimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.

    Ahamiyat berdingizmi, soʻnggi payt xalqaro arenalarda sportchilarimiz, ayniqsa, futbolchilarimiz har safar zafar quchib, gʻalaba yoki natijani qoʻlda vatan bayrogʻi, boshda doʻppisi bilan nishonlayapti. Mux-lislar ham kiyib olgan doʻppisi orqali kimni yoki qaysi jamoani qoʻllab-quvvatlayotganini ayon qilyapti. Bu yaxshi tendensiya, albatta.

    Yuqorida keltirganimiz milliy mato va liboslarimizga mensimay munosabatda boʻlayotgan, boʻlganda ham sharmsizlarcha taqdim qilayotganlarga esa aytadiganimiz shu: millatimiz vakillarining ichidagi qogʻoz koʻtara olmaydigan gaplarni qoʻzgʻamang. Aks holda, oʻzimizga javob bera olmay qolamiz.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri