Umumiy xususiyatlarga ega qatʼiy oʻzgarishlar hozirgi davr uchun xosdir. Bunday oʻzgarishlar iqtisodiyot, siyosat, huquq, taʼlim, madaniyat, din va hokazo sohalarga taalluqli. Ushbu oʻzgarishlar namoyon boʻlmagan birorta soha, ijtimoiy voqelikning birorta jabhasi qolmadi va natijada ijtimoiy tizimning sifati izchil yuksalib bormoqda.
Mamlakatimizni rivojlantirish strategiyasi haqida soʻz borganda, Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yana-da rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”, hamda “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonlari imzolanganligini alohida taʼkidlash lozim. Oʻzbekistonni 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari oʻrin olgan mazkur farmonda madaniyat, sanʼat va dizaynerlik sohalari rivoji, milliy qadriyatlarimizning jahon miqyosida munosib oʻrin egallashi uchun amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar alohida taʼkidlab oʻtilgan.
“Bugun biz ulugʻ niyatlar bilan poydevor qoʻyayotgan yangi Uygʻonish davri mamlakatimizda mana shunday ulkan boylik yaratishga, xalqimizning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlarga oʻzimizdan munosib meros qoldirishga xizmat qiladi» deb, ulkan madaniy merosga boy yurtimizning ravnaqi, har tomonlama rivoji yoʻlida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng koʻlamda islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda dizayn badiiy ijodning keng ommalashgan turlaridan biriga aylandi. Bunga bozor munosabatlarining rivojlanishi, kichik va oʻrta biznesning yuksalishi, xalqlararo aloqalarning jadallashuvi, jamiyatning axborotlashuvi kabi omillar sabab boʻldi. Oʻzbekiston hukumatining dizayn sohasiga oid qarorlari chiqarildi. Tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn va xalq hunarmandligi sohalari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi taʼlim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, Oʻzbekistonda va xorijda keng koʻlamda koʻrgazmalar oʻtkazish orqali milliy sanʼatimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennale va boshqa anjumanlar oʻtkazishga alohida urgʻu berilgan.
Respublikaning muhim strategik sohasi sifatida xalqaro bozor sharoitiga mos ravishda zamonaviy dizayn va milliylik bilan ajralib turadigan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish bugungi kun vazifasidir. Libos dizaynini rivojlanishi, avvalo, yangi matolarni paydo boʻlishiga bogʻliq, ular tufayli yangi konstruksiyadagi toʻplamlarni yaratish imkoniyati tugʻiladi.
Mamlakatda tez suratlar bilan rivojlanib borayotgan libos dizayni sanʼatini chuqurroq oʻrganib, kengroq yoritish, dizaynerlarning tarixga aylanib borayotgan ijodlarini keng ommaga targʻib qilish zamon talabiga aylandi. Sermahsul ijod qilayotgan dizaynerlar koʻp, lekin ularning dunyoqarashi, milliy anʼanalarga, zamonaviy sanʼatga boʻlgan nigohi turlicha. Har bir ijodkor oʻz ichki kechinmalari va bilimiga tayangan holda ijod mahsulini yaratadi.
Taʼkidlash joizki, XXI asr oʻzbek sanʼatida umuminsoniy qadriyatlarni izlash milliy oʻziga xoslikni saqlab qolish, oʻzbek xalqining noyob tarixiy-madaniy anʼanalarini, oʻziga xos badiiy olamini va Sharq falsafasi, poetikasini anglash bilan uygʻunlashib ketadi. Bu holat Gʻarb sanʼatida nafaqat uslub va yoʻnalish hisoblangan, balki olamning barcha burchaklarida tushunarli boʻlib qolayotgan zamonaviy sanʼat badiiy ifodasining umummilliy shakli darajasigacha oʻsib borgan avangard, modernizm, postmodernizm kabi oqimlar yordamida talqin etilmoqda. Turli ramzlar va mavzularga murojaat qilish badiiy tilning xilma-xil xususiyatlarini izlash jarayoniga aylanmoqda.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning samarali ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan festival va tanlovlar iqtidorli yoshlarni izlab topishga imkon berdi. Oʻzbekistonda ham respublika darajasida, ham xorijiy mutaxassislar ishtirokida dizayn sohasida ilmiy seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, master-klasslar, treninglar oʻtkazilmoqda. Libos dizayni boʻyicha festivallar, tanlovlar oʻtkazilishi natijasida nafaqat yurtimiz bozori uchun ishlayotgan, balki oʻz ijodiy ishlarini xorijdagi podiumlarda ham namoyish etayotgan bir qator iqtidorli modelyerlar yetishib chiqdi.
Anʼanaviy moda haftaligi, “Atlas bayrami”, “Bolajonlar-shirintoylar” festivallari hamda turli xalqaro koʻrgazma, biyennale va boshqa loyihalarning tashkil qilinishi, shuningdek, dizaynerlarimizning xorijiy davlatlardagi moda haftaliklaridagi ishtiroki, jahon moda ekspertlari tomonidan yuqori baholanishi libos dizayni rivoji ijobiy samarasini berayotganining dalilidir. Bunda albatta yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning oʻrni katta. Umuman Oʻzbekistondagi dizayn amaliyoti uning turli koʻrinishlari rivojlanayotganidan dalolat beradi. Hozirgi paytda respublikamiz dizayn amaliyotida xorijiy mamlakatlar tajribasini egallash, jahon dizayni bilan tanishish jarayoni ketmoqda, oʻz yoʻlini topish, oʻz uslubini yaratish kuzatilmoqda.
Oʻzbekistonda libos dizayni yoʻnalishida maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar olib borilmoqda va bu borada maʼlum natijalarga erishilmoqda. Oʻzbek dizaynerlari jahon moda tendensiyalariga amal qilgan holda, milliyligi bilan ajralib turadigan zamonaviy liboslar yaratishmoqda. Dizaynerlar zamonaviy libos yaratishda oʻzbek anʼanaviy sanʼati va hunarmandchiligining boy merosi, milliy libos unsurlaridan samarali foydalanishmoqda. Ayniqsa hunarmand-ustalar tomonidan yaratilayotgan milliy matolardan keng foydalanib, noyob mualliflik liboslarni namoyish etmoqdalar.
Hozirda butun dunyoda dizaynga, ayniqsa, libos dizayniga qiziqish ortib bormoqda. Turli mamlakatlar amaliyoti shuni koʻrsatadiki, globallashuv jarayoni sanʼatning libos dizayni sohasiga ham taʼsir qildi. Shu maʼnoda bu sohada milliy anʼanalarni saqlab qolish muammosi dolzarb boʻlib qoladi. Turli moda haftaliklari, festivallar, biyennale va tanlovlarning oʻtkazilishi yoshlarning estetik didi oʻsishiga, shuningdek, milliy anʼanalarni saqlab qolish va libos dizayni sohasida jahon tajribasini oʻzlashtirishga xizmat qiladi hamda ijodiy izlanish yoʻnalishini belgilab beradi.
Mamlakatimizda dizayn sohasi davr bilan hamqadam borib, sezilarli muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Zamondoshlarimizning, har qanday qiz va ayolning garderobida milliy libos unsurlari bilan bezatilgan liboslar borligining oʻzi dizaynerlarimizning muayyan yutuqlarga erishganligining yorqin misolidir. Dizaynerlarimiz Italiya, AQSH, Angliya moda haftaligida, Yevropa, Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilayotgan koʻplab modalar koʻrgazmalarida ishtirok etayotganligi oʻzbek modasi Oʻzbekistondan uzoq-uzoqlarda tanilayotganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, bugungi kunda qobiliyatli dizayner boʻlish bilangina kiyim-kechak ishlab chiqarishda muvaffaqiyatga erishish mumkin emas. Endilikda yangi tipdagi professional dizayner turli koʻrinishdagi dizaynerlik loyihalarini osonlik bilan oʻzlashtirib oladigan, ishlab chiqarishni zamon talabiga moslashtira biladigan, keng koʻlamdagi bilimga ega mutaxassis boʻlishi kerak. U menejer, stilist, marketolog boʻlishi, kelgusida moda qanday boʻlishini oldindan koʻra olishi, liboslarning yangicha shakllarini topa bilishi zarur. Buning uchun esa modelyer dizaynerlik ishlab-chiqarishi bilan bevosita aloqador oʻquv muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishi lozim.
Hududimiz tabiiy sharoiti va iqlimiga mos libos va poyabzal yaratish, anʼanaviy shakllarni qayta tiklash, materiallardan ikkilamchi foydalanish, uzoq muddat foydalanganda ham sifatini yoʻqotmaydigan, chidamli, yuqori sifatli mahsulot tayyorlash dizaynerlar oldida turgan muhim vazifadir. Mamlakatimizda mahalliy dizayndagi liboslar tobora keng ommalashayotgani yurtdoshlarimizning ijtimoiy, madaniy va etnik jihatdan oʻzini anglayotganidan dalolat beradi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, milliy libos dizayni xuddi uning yaratuvchilari kabi yosh boʻlishiga qaramasdan, tobora takomillashib bormoqda. U endilikda anʼanaviy etnik madaniyat qatlamlariga chuqur kirib, boshqa madaniyatlar erishgan yutuqlarni ijodiy oʻzlashtirmoqda. Hamda har bir dizayner tomonidan ishlab chiqilayotgan libos bir tomondan, oʻz morfologiyasiga, muayyan tashkilotiga ega boʻlgan ishlab chiqarish bilan shakllangan “tabiiy jism” sifatida, ikkinchi tomondan — ijtimoiy va insoniy (utilitar, madaniy, estetik) foydalilik, ahamiyat, qadriyat sifatida harakat qilmoqda. Zamonaviy dizayn madaniyatni moddiylashtirish bilan bevosita bogʻliq boʻlib, u oʻzida jamiyatda yuz berayotgan turli almashinishlarning teran jarayonlarini, milliy, ijtimoiy, ilmiy, badiiy singari turfa xil olam koʻrinishlarining oʻzgarishlarini aks ettirmoqda.
Eʼtibor MIRZANAZAROVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti oʻqituvchisi,
s.f.f. doktori (PhD)