Hamkorlik toʻgʻrisidagi tegishli Memorandum 2021-yil 23-fevralda Milliy palata rahbari Rovshan Izamov va Kardiologiya markazi rahbari Xurshid Fazilov tomonidan imzolangan.

Memorandumga asosan mamlakatimizning bir qator viloyatlarida telemetrik uskunani qoʻllab tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ilk loyiha yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha Toshkent viloyati, Qarshi, Jizzax shaharlari, shuningdek poytaxtimizning Chilonzor tumanida boshlanadi.

Shu maqsadda Milliy palata tomonidan Kardiologiya markaziga 3 oyga bepul foydalanish uchun kardiologiyaga oid telemetrik uskuna majmuasi topshirildi. Majmua tarkibiga UNET majmuasi va 15 ta Ucard-100 elektrokardiograflar kiradi.

Ucard-100 elektrokardiograf yordamida Oʻzbekistonning har xil viloyatlardan bemorlarning elektrokardiogrammalari (EKG) Respublika Kardiologiya markazining UNET majmuasi bilan jihozlangan innovatsion markaziga uzatiladi. Bu yerga kelib tushgan EKG bahosi bilan yuqori malakali shifokorlar shugʻullanadi.

Mazkur telemetrik uskuna viloyatlarda zamonaviy standartlar darajasida skrining, profilaktik koʻrik tashkillashtirish va yurak-qon tomir kasalliklarini tashhislash imkonini beradi.

Hududlar aholisi Toshkentga bormasdan turib eng yaxshi poytaxtlik mutaxassislardan tibbiy yordam olish imkoniga ega boʻladilar. Va bunda sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻin darajasidagi tibbiy yordam koʻrsatish sifati sezilarli darajada oshadi.

Telemetrik uskuna shuningdek yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishga boʻlgan xarajatlarni ham kamaytiradi. Va bir vaqtning oʻzida ularning xizmati bilan mamlakatning turli burchaklarida yashaydigan aholining koʻproq qismini qamrab olish imkonini beradi.

Bunda mazkur uskunadan professional darajada va samarali foydalanish uchun Milliy palata tomonidan barcha zarur maslahatlar, axborotlar, texnik yordamlar koʻrsatiladi.

Teletibbiyot nafaqat har qanaqangi bemorga oʻz vaqtida tashhis qoʻyish va zudlik bilan davolashni boshlash imkonini beradi, shu bilan birga viloyatga chiqmasdan, oʻzining ish joyida boʻla turib bemorga yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan shifokorlarning vaqti va kuchini ham tejaydi. Shuni taʼkidlash joizki, shifokorning oʻz ish joyida zarur konsilium yigʻish, bemorning ahvoli muhokamasiga boshqa yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish imkoni mavjud. Kardiologiyada bu juda muhim. Chunki bu yerda koʻpincha nafaqat bemorning sogʻligiga, balki uning hayotiga xavf solinayotgani toʻgʻrisida gap ketadi.

Bugun teletibbiyot toʻgʻrisida koʻp gapiriladi, uning afzalliklari va innovatsion jihatlari tan olinadi. Lekin mamlakatning har qaysi nuqtasida haqiqiy ilgʻor tibbiy yordam koʻrsatish uchun teletibbiyotdan amalda foydalana bilish kerak.

Aynan mana shu teletibbiyotning afzalliklarini koʻrsatishni oʻz vazifasi deb bilgan ilk loyihaning maqsadi sanaladi. Faqat undan foydalanishdagi haqiqiy amaliyotgina shifokorlarga ushbu zamonaviy uslubni joriy etish boʻyicha oʻz koʻnikmalarini charxlab olish imkonini bera oladi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.