Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohalarida gumonlanuvchini qiynoqqa solish holatlari hali ham uchrab turgani jiddiy tanqid ostiga olinib, bu muammolarni bartaraf etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish boʻyicha vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ombudsman va jamoatchilik vakillarining tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga birgalikdagi monitoring tashriflari tizimi yoʻlga qoʻyilishi bilan bogʻliq ustuvor vazifalar qoʻyildi.
Shaxsga nisbatan qiynoqlar, boshqa shafqatsiz yoki uning shaʼnini kamsituvchi jazo va muomala shakllari inson huquqlarining eng qoʻpol ravishda buzilishi ekani umumeʼtirof etilgan haqiqatdir. Qaysi soha boʻlishidan qatʼi nazar, qiynoq elementining uchrashi inson huquqlarining kafolatlanmayotganidan dalolat beradi. Shuning uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlar orasida aynan qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashishga alohida ustuvorlik beriladi.
Ayniqsa, ishi tergov jarayonida boʻlgan yoki sud hukmi bilan jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning yopiq muassasalarda saqlanishi qiynoq holatlari yuzaga kelishi uchun sharoit yaratishi mumkin. Ozodligi cheklangan mahkum va mahbuslarning ayrim huquqlari ham cheklanadi. Lekin davlat ularning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish, ruhiy bosim oʻtkazish yoki boshqa jismoniy qiynoqqa solinishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. Bunday xatti-harakatlar oqibati juda jiddiy boʻlgani uchun ularni bartaraf etish emas, balki aynan oldini olish muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatga shunday ijtimoiy institut zarurki, uning vakillari jazoni ijro etish muassasalari, qiynoqlar xavfi boʻlgan boshqa muassasalarni turli idoralar tomonidan cheklovlarsiz, erkin tarzda borib koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim. Ushbu institut oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan asosiy sharoitlarni taʼminlash zarur.
2019-yilda ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslanib, ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish boʻyicha Milliy preventiv mexanizmning yoʻlga qoʻyilgani ham aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ahamiyatlisi, monitoring tashriflariga nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etish orqali mahkumlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishilmoqda. Shuningdek, joriy etilgan ushbu mexanizm Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili – ombudsmanning vakolatlarini kengaytirdi.
Milliy preventiv mexanizmning joriy etilishi nafaqat qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligining kafolati, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yuksalishiga ham xizmat qiluvchi omildir. Shuning uchun ushbu tizimni takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi belgilangani ayni muddao boʻldi.
Shu oʻrinda raqamlarga murojaat qilsak. 2021-yilning birinchi choragida ombudsman nomiga davlat idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda saqlanayotgan shaxslardan 57 ta shikoyat kelib tushdi. Albatta, ushbu murojaat egalari bilan monitoring tashriflari davomida uchrashishib, muammosi qay darajada hal etilgani ham oʻrganiladi.
Joriy yilning birinchi choragi davomida Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat koʻrsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga yigirma beshga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi. Oʻrganishlar davomida ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.
Monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, yaʼni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, mahkumlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani, taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar oʻrganildi.
Oʻrganish davomida jazoni ijro etish muassasalarida bir qator kamchiliklar hamda oʻz yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Jumladan, ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlanishi belgilangan boʻlsada, monitoring oʻtkazilgan muassasalarda bu talablar toʻliq bajarilmagan. Ayrim manzil koloniyalarning baʼzi bir boʻlinmalari taʼmirtalab holatga kelib qolgani uchun mahkumlarni saqlash sharoitlari talabga javob bermasligi aniqlandi.
Bundan kelib chiqadiki, oʻrganadigan masalalarimiz talaygina va bunda jinoyat ishlarini yuritishning yuqorida sanab oʻtilgan bosqich va jarayonlarini takomillashtirish, bu jarayonda qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik borasida tegishli choralar koʻrish talab etiladi. Bu esa tegishli qonunchilik bazasini takomiliga yetkazish vazifasini koʻndalang qoʻyadi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda inson huquqlari himoyasi jahon standartlari asosida mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Shu bois, bu borada koʻzlangan ezgu maqsadlarga erishish, inson huquqlarini himoyalash yoʻlidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Biz qiynoqqa qarshimiz!
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson
huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)