Mamlakat etakchisining xalqaro minbarlarda ilgari surayotgan har bir taklif va tashabbusida sayyoramizni kelgusi avlodga qanday holatda qoldirish tashvishi mujassamligi fikrimizni tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so'zlagan nutqining o'ziga xos jihatlari xususida to'xtalib o'tish joiz. Ma'ruza avvalida BMT sessiyasi o'tayotgan palla xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o'zgarishlar yuz berayotgan sharoitga to'g'ri kelgani, jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me'yorlaridan chekinish kuchayayotgani qayd etildi.
Ushbu omillar natijasida keng ko'lamli keskinlik ortishi va geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli dunyoda savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo'lida yangi to'siqlar vujudga kelayotgani ta'kidlandi. Hozirgi global inqirozga echim sifatida bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo'ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish g'oyasi har qachongidan ham dolzarb bo'lib borayotganiga urg'u berildi.
Tarixiy anjumanda qator muhim takliflar bilan birga mintaqaviy o'ziga xoslikni anglash tuyg'usini mustahkamlashga doir tashabbuslar ilgari surilgani O'zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo'nalishlarning xalqaro minbardagi amaliy ifodasi bo'ldi. Xususan, O'zbekiston bundan keyin ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik, barqarorlik, o'zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo'lidan qat'iy borishi ta'kidlandi.
Yurtimizning mintaqa davlatlari bilan birgalikdagi sa'y-harakati tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo'yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo'lingani e'tirof etildi. 2017-2022 yillarda O'zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,7 barobar o'sib, 2,7 milliard dollardan 7,5 milliard dollarga oshdi. Bu umumiy tashqi savdo hajmining 15 foizi demakdir.
Birgina o'tgan yilning o'zida mamlakatimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdosi hajmi 17,2 foiz ortgani, shubhasiz, mintaqaviy tashqi siyosatning amaliy natijasidir. Mintaqamiz Sharq va G'arbni, Shimol va Janubni bog'laydigan transport-kommunikatsiya ko'prigiga aylanishga doir salmoqli natijalarni qo'lga kiritdi. Keyingi yillarda O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlik misli ko'rilmagan darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo'yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyati yo'lga qo'yildi. Xalqaro hamjamiyatning qo'llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo'lidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O'zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo'lib qoladi.
Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillaridan iborat bo'lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish masalasi, ayniqsa, dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan yoshlar siyosatining umumiy yo'nalishlari haqidagi bitim imzolandi. Bu yo'nalishda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o'rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi — 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Yana bir muhim taklif iqlim o'zgarishi bilan bog'liq. Davlatimiz rahbari dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilib, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya'ni iqlim o'zgarishi, bioxilmaxillik yo'qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotgani xususida to'xtalib, Markaziy Osiyo mintaqasi keng qamrovdagi iqlim o'zgarishlari oldida zaif hududlardan biriga aylanayotganini Orol fojiasi misolida davom ettirdi. O'zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo'lida ko'rilayotgan choralar, mintaqamizdagi iqlim o'zgarishining salbiy ta'siri va suv bilan ta'minlanganlik darajasining kamayishi to'g'risidagi ma'lumotlar yig'ilganlarni befarq qoldirmagani shubhasiz.
Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo'yicha maxsus vakili lavozimi ta'sis etilishi, Markaziy Osiyoda suv tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo'lga qo'yilishi qo'llab-quvvatlandi. Markaziy Osiyo mintaqasi geosiyosiy maydonda muhim o'rin tutadi. Qo'shni mintaqa va davlatlardagi tinchlik-osoyishtalik ko'p jihatdan ushbu hududning iqtisodiy taraqqiyoti va ijtimoiysiyosiy barqarorligiga bog'liq.
O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan teng huquqli hamkorlik munosabatlarini saqlab qolish va rivojlantirishni ustuvor yo'nalish sifatida belgiladi. Bu sa'yharakatlar bugun yangi bosqichga chiqmoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Bizning xalqlarimizni mintaqaviy o'ziga xoslikni anglash tuyg'usi birlashtirmoqda va bu tuyg'u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo'limiz yo'q va bo'lishi ham mumkin emas!”
Feruza MADRAHIMOVA,
pedagogika fanlari doktori, dotsent









