Tarixiy, geografik va etnik jihatdan bir-biriga chambarchas bogʻlangan mamlakatlar savdo, chegara, xavfsizlik va suv resurslari masalalarida tortishuvlar girdobiga botib qolgandi. Mintaqadagi muammolar Markaziy Osiyoning rivojlanmasligidan manfaatdor kuchlar tomonidan sunʼiy ravishda, qasddan paydo etilgandi. Chegaralardagi oʻtkazish punktlari yopilgan, togʻlar minalashtirilgan, hech bir sohada hamkorlik, bordi-keldi yoʻq, barcha aloqalar, qadriyat, til, tarix, din birligi kabi tushunchalar chetga surib qoʻyilgan edi.
Mana shunday murakkab sharoitda 2016-yilda Oʻzbekiston boshqaruviga Shavkat Mirziyoyev kelganidan soʻng Markaziy Osiyo davlatlari munosabatida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan tashqi siyosat nafaqat mamlakat ichida, balki butun hududda mustahkam xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratildi.
Prezidentimiz tashqi siyosatda “avvalo, qoʻshnilar” tamoyilini ilgari surdi. Yopiqlik, ishonchsizlik va ziddiyatlar soyasida urush yoqasiga kelib qolgan qoʻshnichilik munosabatlari izchil islohotlar tufayli mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.
Bu yoʻl, shubhasiz, oson kechmadi — bahsli vaziyatlarni bartaraf etish, yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni adolatli va manfaatli yechimlar bilan hal qilish katta jasorat, yuksak diplomatik mahorat va uzluksiz mehnatni talab etdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi va qatʼiy siyosiy irodasi bilan mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi chegaralar ochildi, savdo va iqtisodiy aloqalar keng yoʻlga qoʻyildi, madaniy va insonparvarlik hamkorligi tiklandi. Eng muhimi, tarixiy yaqinlik va umumiy kelajak gʻoyasi asosida ishonch muhiti shakllandi.
Bu oʻzgarishlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning yuzaga chiqishi, global siyosiy maydonda oʻz ovoziga ega boʻlishi, mintaqada barqarorlik va hamkorlik muhiti qaror topishiga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz faoliyatining ilk pallalaridanoq qoʻshni davlatlarga tashrif buyurib, siyosiy muloqot va samimiy munosabatlar yoʻlini ochdi. Binobarin, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston hech qachon qoʻshnilari bilan muammoli munosabatlarda boʻlmasligi kerak. Qoʻshnichilik — taqdir masalasi”.
Bu soʻzlar rasmiy shior emas, balki siyosiy falsafa edi. Yangilangan tashqi siyosatimiz esa bu falsafani hayotga tatbiq etdi.
Chegara va xavfsizlik: tarang munosabatlarning hal etilishi
Oʻzbekiston — Tojikiston munosabatlari uzoq yillar davomida muzlab qolgandi. Chegaralar yopiq, minalar bilan toʻsib qoʻyilgan, transport qatnovi toʻxtagan edi. Ikki mamlakatda yashaydigan qon-qarindoshlarning bordi-keldi munosabatlari uzilgan, bir-birini koʻra olmasdi.
2018-yil martda 27 yil ichida Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifi amalga oshirildi. Oʻsha yili avgust oyida Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga oliy darajadagi tashrifi uyushtirildi. Dushanbe va Toshkentdagi muzokaralarda mamlakatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarning kun tartibidagi barcha muhim qarorlarini qabul qildi. Bu tarixiy uchrashuvlar natijasida ikki davlat oʻrtasidagi uzoq yillik sukunatga chek qoʻyildi.
Chegaralar ochilishi minglab oilalar uchun nafaqat logistika, balki “qalb koʻprigi”ni tikladi. Ilgari quda boʻlish yoki qiz uzatish masalasi koʻtarilganda, “Chegaradan oʻta olmasak-chi?” degan xavotir barcha niyatlarga soya solardi. Bugun esa bu devorlar olib tashlandi, oʻrnini samimiylik va ochiqlik egalladi.
Sariosiyolik Nodira ona 20 yil avval Tojikistonga qiz uzatgandi. Shunday vaqtlar boʻldiki, farzandi bilan faqat telefon orqali suhbatlashar, nevaralari ovozini eshitib yigʻlardi. Endi esa har oy ziyoratga boradi. Birgalikda toʻylarda qatnashish, bolalar baxtini koʻrish imkoni paydo boʻldi. Quda-andalikning haqiqiy mazmuni tiklandi. Oldin “kelolmadik, kechirasizlar” deyishardi, endi esa istagan vaqtda koʻrisha oladi.
Qisqasi, chegaralar ochilishi orqali nafaqat yoʻllar, balki yuraklar ham ochildi.
Chegara emas, doʻstlik chizigʻi
“Qoʻshning tinch — sen tinch”, deydi xalqimiz. Bu maʼnaviy haqiqat nafaqat shaxsiy hayotda, balki davlatlararo munosabatlarda ham beqiyos ahamiyatga ega. Buni biz juda yaxshi anglaymiz.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi davlat chegaralari masalasi uzoq yillar davomida eng murakkab va nozik muammolardan biri boʻlib keldi. Mustaqillikning ilk yillarida chegara aniq belgilanmagani sababli turli kelishmovchiliklar, mahalliy nizolar va hatto toʻqnashuvlar yuzaga kelgan.
Ayrim chegara hududlarida yer, suv va mol-mulk ustidan tortishuvlar kuzatilgan, bu esa ikki xalq oʻrtasida ishonchsizlikni kuchaytirgan. Bir necha bor harbiy texnika chegara hududiga tortilgan, urush holatiga yaqin vaziyatlar yuzaga kelgan. Oʻnlab marta muzokaralar oʻtkazilganiga qaramay, amalda ijobiy natijaga erishib boʻlmagan.
Prezidentimiz Qirgʻiziston bilan tom maʼnodagi yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan yangi siyosatni boshladi. Muzokaralar natijasida davlat chegaralari toʻliq delimitatsiya va demarkatsiya qilindi. Bu tarixiy kelishuv ikki davlat oʻrtasidagi uzoq yillik ishonchsizlikka barham berdi va chegara hududlarida tinchlik muhitini tikladi. Chegaralar ochilishi bilan savdo-sotiq, logistika, taʼlim va madaniy aloqalar faollashdi, aholining doimiy bordi-keldilari tiklandi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston munosabatlari haqiqiy strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib, mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilmoqda.
“Poyga” emas, sheriklik
Yaqin oʻtmishga nazar solsak, koʻp hollarda qiyoslash mantigʻi bilan tilga olingan ikki qoʻshni davlat — Oʻzbekiston va Qozogʻiston mintaqa yetakchiligi uchun goʻyoki “poygachi”dek tasvirlangan. Ayrim tahlilchilar har ikki davlatning iqtisodiy oʻsishi, tashqi siyosatdagi faolligi va mintaqadagi taʼsiri orqali ularni raqobatchi sifatida koʻrsatishga urinadi. Ammo amaliyotda bu “poyga” hech qachon boʻlmagan.
Chunki haqiqat shundaki, Qozogʻiston iqtisodiy islohotlar, jahon bozoriga integratsiya va investitsiya jalb etish borasida juda ilgarilab ketgan edi. Ularning tashqi siyosatdagi ochiqligi va diplomatik pozitsiyasi ham xalqaro maydonda muayyan obroʻ egallashiga olib keldi.
Oʻzbekiston esa uzoq yillar yopiq siyosat, cheklangan aloqalar va ichki izolyatsiya sharoitida harakat qilgan. Bunday vaziyatda hatto qoʻshni Qozogʻiston bilan toʻliq ishonchga asoslangan hamkorlik shakllanmagandi. Chegara muammolari, byurokratik toʻsiqlar, iqtisodiy aloqalardagi murakkab mexanizmlar ikki tomonlama munosabatlarga soya solib keldi.
2016-yildan keyin vaziyat tubdan oʻzgardi. Mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosiy tamoyillari Oʻzbekiston — Qozogʻiston munosabatlariga yangi nafas baxsh etdi. Oqilona siyosiy yondashuv orqali koʻp yillar orqaga surilgan strategik masalalar kun tartibiga chiqdi.
Oʻzaro ishonch va siyosiy muloqotning faollashuvi natijasida ikki davlat oʻrtasida chegaralarni erkin kesib oʻtish imkoniyati yaratildi, savdo aylanmasi bir necha barobar oshdi. Qozogʻiston hududida oʻzbek tovarlarini ishlab chiqarish, ikki davlat mahsulotlarini uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengaydi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlarni raqobat emas, balki rivojlanish yoʻlidagi sheriklik belgilab bormoqda.
Xavfsizlikni kuch bilan emas, muloqot bilan taʼminlash
Oʻzbekiston va Turkmaniston nafaqat geografik, balki madaniy va tarixiy jihatdan ham yaqin qoʻshnilar. Ammo uzoq yillar davomida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yuzaki rasmiyat darajasidan oʻta olmagandi. Buni mintaqadagi umumiy tendensiyalar, har ikki mamlakatning oʻziga xos tashqi siyosiy pozitsiyasi hamda ichki izolyatsiyaga moyil siyosiy muhit bilan izohlash mumkin.
Avvalgi yillarda ikki davlat oʻrtasida chegaralar yopiq boʻlmagan boʻlsa-da, iqtisodiy, gumanitar va madaniy aloqalar cheklangan edi. Energetika, suv resurslari, logistika masalalarida hamkorlik rivojlanmagan, munosabatlar koʻpincha ehtiyotkorlik bilan qurilardi.
Bugun esa butunlay boshqa manzara kuzatilyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston — Turkmaniston munosabatlarini mustahkamlash muhim ustuvorlik sifatida belgilandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar, turli sohalarda imzolangan shartnoma va bitimlar ikki davlatni strategik sheriklik bosqichiga olib chiqdi.
Eng muhim yutuqlardan biri energetika sohasidagi hamkorlik boʻldi. Oʻzbekiston Turkmanistondan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish orqali energetik xavfsizligini diversifikasiya qildi. Shu bilan birga, transport-logistika sohasida ham qoʻshma loyihalar muhokama qilinmoqda.
Suv resurslari masalasida oʻzaro hurmat va manfaatlar muvozanatiga asoslangan siyosat yuritilyapti. Shu orqali mintaqadagi nozik ekologik muammolarni hamkorlikda hal qilishga intilish kuchaydi.
Taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalar ham kengaymoqda. Ashxobod va Toshkentda oʻtkazilgan madaniy haftaliklar, talabalar almashinuvi dasturlari, muzey va teatrlar oʻrtasidagi loyihalar ikki xalqni yaqinlashtirishda muhim rol oʻynamoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Turkmaniston munosabatlari — yaxshi qoʻshnichilikning ijobiy namunasi sifatida tilga olinishi mumkin. Bunda asosiy omil har ikki tomonning tinchlik, barqarorlik va oʻzaro manfaatlar asosida harakat qilayotganidir.
Bu munosabatlar endi rasmiylikdan chin doʻstona hamkorlikka aylandi. Davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati natijasida Oʻzbekiston nafaqat Turkmaniston bilan, balki butun mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim yetakchiga aylandi.
Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati — namuna
Oʻzbekiston va Afgʻoniston 144 kilometr chegaraga ega, u asosan Surxondaryo viloyati hududida joylashgan. Mazkur hudud soʻnggi oʻn yilliklarda maxsus nazoratda boʻlib keldi.
2016-yilgacha Termiz — Hayraton temir yoʻli xavfsizlik nuqtayi nazaridan qator cheklovlar bilan ishlagan. Keyingi yillarga kelibgina Afgʻoniston bilan yaqin, lekin ehtiyotkor hamkorlik siyosati yoʻlga qoʻyildi.
2018-yil mart oyida Oʻzbekiston tashabbusi bilan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasi tashkil etildi. Unda 20 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot, jumladan AQSH, Rossiya, YEI, Xitoy va Eron vakillari ishtirok etdi. Konferensiyada asosiy urgʻu Afgʻonistonda tinchlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash, siyosiy muzokaralar yoʻlini ochish va mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga qaratildi.
Ushbu konferensiya Oʻzbekistonning diplomatik nufuzini oshirish bilan birga, Markaziy Osiyoning tinchlikparvar platforma sifatida shakllanishiga turtki boʻldi.
2021-yilda AQSH qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqib ketgach, “Tolibon” harakati mamlakatda hokimiyatni qoʻlga oldi. Bu hodisa koʻplab davlatlar uchun siyosiy muammo tugʻdirdi. Biroq Oʻzbekiston hukumati Afgʻonistonda hokimiyat almashinuvini inkor qilmay, muloqotni toʻxtatmadi. Toshkentda “Tolibon” rahbariyati bilan bir necha bor muzokaralar oʻtkazildi.
Bu jarayonlarda asosiy maqsad chegara xavfsizligini taʼminlash, shu bilan birga, insonparvarlik va iqtisodiy hamkorlikni davom ettirish boʻldi.
Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik sifatida koʻradi. Shu maqsadda Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlini qurish boʻyicha uch tomonlama loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu yoʻnalish Janubiy Osiyo tovarlarining Markaziy Osiyo orqali Yevropaga chiqishini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistondan elektr energiyasi va oziq-ovqat mahsulotlarini Afgʻonistonga yetkazib berish davom etmoqda. Termizda Afgʻoniston yuklari uchun maxsus logistika markazi ham faoliyat koʻrsatmoqda.
Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegarasida faoliyat yuritayotgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yoʻq. EIZ 36 gektar maydonda joylashgan va Afgʻoniston, Pokiston hamda boshqa mamlakatlar tadbirkorlariga sanoat, isteʼmol tovarlari savdosini oʻstirishda yordamchi boʻlmoqda. Uning yillik savdo hajmi 1 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Afgʻonistonga faqat iqtisodiy emas, balki insonparvarlik yordami koʻrsatishda ham faol. Qoʻshni hududda keyingi yillarda boshlangan inqiroz paytida Oʻzbekiston yuk avtomobil karvonlari orqali oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak kabi yordam yubordi.
Shu bilan birga, Termiz shahrida Afgʻoniston yoshlari uchun maxsus taʼlim markazi tashkil qilingan. U yerda afgʻon talabalari kasb-hunar va til oʻrganish imkoniyatiga ega. Bu kelajakda afgʻon jamiyatini modernizasiya qilishga qoʻshiladigan bilimli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining Afgʻonistonga nisbatan yuritayotgan siyosati geosiyosiy muvozanat, pragmatizm va tinchlikparvarlik asosiga qurilgan. Terrorizm va xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda Oʻzbekiston kuch ishlatish emas, muloqot va hamkorlikni ustuvor deb biladi.
Siyosiy iroda va mintaqaviy barqarorlik
Oʻzbekistonning xavfsizlikni taʼminlashdagi asosiy yutugʻi geosiyosiy oʻyinlar emas, balki diplomatiya, ishonch va sheriklikka asoslangan yondashuvidir. U tashqi siyosatda harbiylashtirish, ziddiyatni kuchaytirish emas, balki barqaror rivojlanishga asoslanadi.
Bugun Markaziy Osiyoda yashayotgan millionlab odamlar tinchlik va barqarorlik mevasini tatimoqda. Bu natijaning zamirida esa kuchli siyosiy iroda va haqiqiy yaxshi qoʻshnichilik falsafasi yotadi.
Markaziy Osiyodagi ziddiyatli vaziyatlar, uzoq yillik nizolar, minalar va yopiq chegaralar oʻrniga hozir oʻzaro ishonch, diplomatik muloqot hamda barqaror hamkorlik rivojlanmoqda. Ushbu siyosiy iroda, xalqparvar siyosat, tinchlikka intilish natijasidir. Bugungi kunda Oʻzbekiston nafaqat ichki, balki mintaqaviy xavfsizlikda ham yetakchi, ishonchli hamkor sifatida namoyon boʻlmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning xavfsizlik siyosati samaradorligini baholashda quyidagi mezonlarni aytish mumkin:
Birinchi mezon — mojarolarning oldini olish samaradorligi. Soʻnggi yillarda mintaqamizda yirik harbiy mojarolar yuz bermagani, mavjud ziddiyatlar diplomatik yoʻl bilan hal etilayotgani strategiyamiz toʻgʻriligini tasdiqlaydi.
Ikkinchi mezon — iqtisodiy integratsiya darajasi. Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalari kengayishi, birgalikdagi loyihalar soni oʻsishi va investitsion hamkorlik surʼati ortishi strategiyaning iqtisodiy samaradorligini koʻrsatmoqda.
Uchinchi mezon — xalqaro jamiyat tomonidan eʼtirof etilish. Oʻzbekistonning mintaqaviy liderlik maqomi xalqaro darajada tan olinishi, mamlakat nufuzi ortishi va xalqaro tashkilotlardagi faol ishtiroki Prezident siyosatining global samaradorligini isbotlamoqda.
Agar Markaziy Osiyoni bir organizm deb tasavvur qilsak, u holda bu organizmdagi “tromblar”, yaʼni yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar, sunʼiy toʻsiq va ishonchsizliklar butun tanada qon aylanishini izdan chiqargan edi. Ana shu toʻsiqlar mohirlik bilan ochildi. Mintaqada muloqot, hamkorlik va rivojlanish erkin oqim rejimiga tushdi.
Bu jarayonda davlatimiz rahbari faqat diplomat emas, balki bir vaqtning oʻzida siyosiy arxitektor vazifasini bajardi. Termizdan to Bishkekkacha, Ashxoboddan to Ostonagacha boʻlgan mintaqaviy doʻstlik tiklandi. Iqtisodiy hamkorlik, madaniy almashinuvlar, yoshlar va ilmiy doiralar oʻrtasidagi aloqalar kengaydi.
Oʻzbekistonning xavfsizlik siyosati kelajakda ham mintaqa taraqqiyoti uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Bu siyosat nafaqat bugungi kun, balki kelgusi avlodlar uchun ham barqaror taraqqiyotga zamin yaratishi shubhasiz.
Jaloliddin USMONOV,
Xalqaro press klub raisi