Tarixiy, geografik va etnik jihatdan bir-biriga chambarchas bogʻlangan mamla­katlar savdo, chegara, xavfsizlik va suv resurslari masalalarida tortishuvlar girdobiga botib qolgandi. Mintaqadagi muammolar Markaziy Osiyoning rivojlanmasligidan manfaatdor kuchlar to­monidan sunʼiy ravishda, qasddan paydo etilgandi. Chegaralardagi oʻtkazish punkt­lari yopilgan, togʻlar minalashtirilgan, hech bir sohada hamkorlik, bordi-keldi yoʻq, barcha aloqalar, qadriyat, til, tarix, din birligi kabi tushunchalar chetga surib qoʻyilgan edi.

Mana shunday murakkab sharoitda 2016-yilda Oʻzbekiston boshqaruviga Shavkat Mirziyoyev kelganidan soʻng Markaziy Osiyo davlatlari munosabatida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Ochiqlik, yaxshi qoʻshnichi­likka asoslangan tashqi siyosat nafaqat mamlakat ichida, balki butun hududda mustahkam xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratildi.

Prezidentimiz tashqi siyosatda “avvalo, qoʻshnilar” tamoyilini il­gari surdi. Yopiqlik, ishonchsizlik va ziddiyatlar soyasida urush yoqasiga kelib qolgan qoʻshnichilik munosabatlari izchil islohotlar tufayli mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

Bu yoʻl, shubhasiz, oson kechmadi — bahsli vaziyatlarni bartaraf etish, yil­lar davomida yigʻilib qolgan muammo­larni adolatli va manfaatli yechimlar bilan hal qilish katta jasorat, yuksak diplomatik mahorat va uzluksiz mehnatni talab etdi. Davlatimiz rahbari tashabbu­si va qatʼiy siyosiy irodasi bilan min­taqa mamlakatlari oʻrtasidagi chegaralar ochildi, savdo va iqtisodiy aloqalar keng yoʻlga qoʻyildi, madaniy va insonparvar­lik hamkorligi tiklandi. Eng muhimi, tarixiy yaqinlik va umumiy kelajak gʻoyasi asosida ishonch muhiti shakllandi.

Bu oʻzgarishlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning yuzaga chiqishi, global siyosiy maydonda oʻz ovozi­ga ega boʻlishi, mintaqada barqarorlik va hamkorlik muhiti qaror topishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz faoliyatining ilk pal­lalaridanoq qoʻshni davlatlarga tashrif buyurib, siyosiy muloqot va samimiy muno­sabatlar yoʻlini ochdi. Binobarin, davlati­miz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston hech qachon qoʻshnilari bilan muammoli munosabatlarda boʻlmasligi kerak. Qoʻsh­nichilik — taqdir masalasi”.

Bu soʻzlar rasmiy shior emas, balki siyosiy falsafa edi. Yangilangan tashqi siyosatimiz esa bu falsafani hayotga tatbiq etdi.

Chegara va xavfsizlik: tarang munosabatlarning hal etilishi

Oʻzbekiston — Tojikiston munosabat­lari uzoq yillar davomida muzlab qolgan­di. Chegaralar yopiq, minalar bilan toʻsib qoʻyilgan, transport qatnovi toʻxtagan edi. Ikki mamlakatda yashaydigan qon-qarin­doshlarning bordi-keldi munosabatlari uzilgan, bir-birini koʻra olmasdi.

2018-yil martda 27 yil ichida Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifi amalga oshiril­di. Oʻsha yili avgust oyida Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga oliy darajadagi tashrifi uyushtirildi. Dushanbe va Toshkentdagi muzokaralarda mamlakatlarimiz rahbarlari ikki tomon­lama munosabatlarning kun tartibidagi barcha muhim qarorlarini qabul qildi. Bu tarixiy uchrashuvlar natijasida ikki davlat oʻrtasidagi uzoq yillik sukunatga chek qoʻyildi.

Chegaralar ochilishi minglab oilalar uchun nafaqat logistika, balki “qalb koʻprigi”ni tikladi. Ilgari quda boʻlish yoki qiz uzatish masalasi koʻtarilganda, “Che­garadan oʻta olmasak-chi?” degan xavotir barcha niyatlarga soya solardi. Bugun esa bu devorlar olib tashlandi, oʻrnini sami­miylik va ochiqlik egalladi.

Sariosiyolik Nodira ona 20 yil avval Tojikistonga qiz uzatgandi. Shunday vaqt­lar boʻldiki, farzandi bilan faqat telefon orqali suhbatlashar, nevaralari ovozini eshitib yigʻlardi. Endi esa har oy ziyorat­ga boradi. Birgalikda toʻylarda qatnashish, bolalar baxtini koʻrish imkoni paydo boʻl­di. Quda-andalikning haqiqiy mazmuni tiklandi. Oldin “kelolmadik, kechira­sizlar” deyishardi, endi esa istagan vaqtda koʻrisha oladi.

Qisqasi, chegaralar ochilishi orqali nafaqat yoʻllar, balki yuraklar ham ochildi.

Chegara emas, doʻstlik chizigʻi

“Qoʻshning tinch — sen tinch”, deydi xalqimiz. Bu maʼnaviy haqiqat nafaqat shaxsiy hayotda, balki davlatlararo mu­nosabatlarda ham beqiyos ahamiyatga ega. Buni biz juda yaxshi anglaymiz.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi davlat chegaralari masalasi uzoq yillar davomida eng murakkab va nozik muammo­lardan biri boʻlib keldi. Mustaqillik­ning ilk yillarida chegara aniq belgilan­magani sababli turli kelishmovchiliklar, mahalliy nizolar va hatto toʻqnashuvlar yuzaga kelgan.

Ayrim chegara hududlarida yer, suv va mol-mulk ustidan tortishuvlar kuzatil­gan, bu esa ikki xalq oʻrtasida ishonchsiz­likni kuchaytirgan. Bir necha bor harbiy texnika chegara hududiga tortilgan, urush holatiga yaqin vaziyatlar yuzaga kelgan. Oʻn­lab marta muzokaralar oʻtkazilganiga qa­ramay, amalda ijobiy natijaga erishib boʻlmagan.

Prezidentimiz Qirgʻiziston bilan tom maʼnodagi yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan yangi siyosatni boshladi. Muzokara­lar natijasida davlat chegaralari toʻliq delimitatsiya va demarkatsiya qilindi. Bu tarixiy kelishuv ikki davlat oʻrtasidagi uzoq yillik ishonchsizlikka barham berdi va chegara hududlarida tinchlik muhitini tikladi. Chegaralar ochilishi bilan savdo-sotiq, logistika, taʼlim va madaniy aloqalar faollashdi, aholining doimiy bordi-keldilari tiklandi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bugun­gi kunda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston mu­nosabatlari haqiqiy strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib, mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilmoqda.

“Poyga” emas, sheriklik

Yaqin oʻtmishga nazar solsak, koʻp hollarda qiyoslash mantigʻi bilan tilga olingan ikki qoʻshni davlat — Oʻzbekiston va Qozogʻiston mintaqa yetakchiligi uchun goʻyoki “poygachi”­dek tasvirlangan. Ayrim tahlilchilar har ikki davlatning iqtisodiy oʻsishi, tashqi siyosatdagi faolligi va mintaqadagi taʼsi­ri orqali ularni raqobatchi sifatida koʻr­satishga urinadi. Ammo amaliyotda bu “poy­ga” hech qachon boʻlmagan.

Chunki haqiqat shundaki, Qozogʻiston iqtisodiy islohotlar, jahon bozoriga integratsiya va investitsiya jalb etish borasida juda ilgarilab ketgan edi. Ularning tashqi siyosatdagi ochiqligi va diplomatik pozitsiyasi ham xalqaro maydonda muayyan obroʻ egallashiga olib keldi.

Oʻzbekiston esa uzoq yillar yopiq siyo­sat, cheklangan aloqalar va ichki izolyatsiya sharoitida harakat qilgan. Bunday vaziyat­da hatto qoʻshni Qozogʻiston bilan toʻliq ishonchga asoslangan hamkorlik shakllan­magandi. Chegara muammolari, byurokratik toʻsiqlar, iqtisodiy aloqalardagi murak­kab mexanizmlar ikki tomonlama munosa­batlarga soya solib keldi.

2016-yildan keyin vaziyat tubdan oʻz­gardi. Mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosiy tamoyillari Oʻzbekiston — Qozogʻiston munosabatlariga yangi na­fas baxsh etdi. Oqilona siyosiy yondashuv orqali koʻp yillar orqaga surilgan stra­tegik masalalar kun tartibiga chiqdi.

Oʻzaro ishonch va siyosiy muloqotning faollashuvi natijasida ikki davlat oʻr­tasida chegaralarni erkin kesib oʻtish im­koniyati yaratildi, savdo aylanmasi bir necha barobar oshdi. Qozogʻiston hududida oʻzbek tovarlarini ishlab chiqarish, ikki davlat mahsulotlarini uchinchi bozorlar­ga eksport qilish imkoniyatlari kengaydi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlarni raqobat emas, balki rivojlanish yoʻlidagi sheriklik belgilab bormoqda.

Xavfsizlikni kuch bilan emas, muloqot bilan taʼminlash

Oʻzbekiston va Turkmaniston nafaqat geografik, balki madaniy va tarixiy jihatdan ham yaqin qoʻshnilar. Ammo uzoq yillar davomida ikki davlat oʻrtasida­gi munosabatlar yuzaki rasmiyat dara­jasidan oʻta olmagandi. Buni min­taqadagi umumiy tendensiyalar, har ikki mamlakatning oʻziga xos tashqi siyosiy pozitsiyasi hamda ichki izolyatsiyaga moyil siyosiy muhit bilan izohlash mumkin.

Avvalgi yillarda ikki davlat oʻrtasida chegaralar yopiq boʻlmagan boʻlsa-da, iqtisodiy, gumanitar va madaniy aloqalar cheklangan edi. Energetika, suv resurslari, logistika masalalari­da hamkorlik rivojlanmagan, munosabatlar koʻpincha ehtiyot­korlik bilan qurilardi.

Bugun esa butunlay boshqa man­zara kuzatilyapti. Prezidentimiz ta­shabbusi bilan Oʻzbekiston — Turkma­niston munosabatlarini mustahkamlash muhim ustuvorlik sifatida belgilandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar, turli sohalarda imzolangan shartnoma va bi­timlar ikki davlatni strategik sheriklik bosqichiga olib chiqdi.

Eng muhim yutuqlardan biri energe­tika sohasidagi hamkorlik boʻldi. Oʻzbe­kiston Turkmanistondan tabiiy gaz va elektr energiyasini import qilish orqali energetik xavfsizligini diversifika­siya qildi. Shu bilan birga, transport-lo­gistika sohasida ham qoʻshma loyihalar muhokama qilinmoqda.

Suv resurslari masalasida oʻzaro hur­mat va manfaatlar muvozanatiga asoslangan siyosat yuritilyapti. Shu orqali mintaqadagi nozik ekologik muammolar­ni hamkorlikda hal qilishga intilish kuchaydi.

Taʼlim, madaniyat va turizm sohala­ridagi aloqalar ham kengaymoqda. Ash­xobod va Toshkentda oʻtkazilgan madaniy haftaliklar, talabalar almashinuvi dasturlari, muzey va teatrlar oʻrtasidagi loyihalar ikki xalqni yaqinlashtirishda muhim rol oʻynamoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Turkma­niston munosabatlari — yaxshi qoʻshnichi­likning ijobiy namunasi sifatida tilga olinishi mumkin. Bunda asosiy omil har ikki tomonning tinchlik, barqarorlik va oʻzaro manfaatlar asosida harakat qilayot­ganidir.

Bu munosabatlar endi rasmiylikdan chin doʻstona hamkorlikka aylandi. Dav­latimiz rahbarining uzoqni koʻzlab yuri­tayotgan siyosati natijasida Oʻzbekiston nafaqat Turkmaniston bilan, balki butun mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim yetakchiga aylandi.

Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati — namuna

Oʻzbekiston va Afgʻoniston 144 kilo­metr chegaraga ega, u asosan Surxondaryo vi­loyati hududida joylashgan. Mazkur hudud soʻnggi oʻn yilliklarda maxsus nazoratda boʻlib keldi.

2016-yilgacha Termiz — Hayraton te­mir yoʻli xavfsizlik nuqtayi nazaridan qator cheklovlar bilan ishlagan. Keyingi yillarga kelibgina Afgʻoniston bilan yaqin, lekin ehtiyotkor hamkorlik siyosati yoʻlga qoʻyildi.

2018-yil mart oyida Oʻzbekiston ta­shabbusi bilan Afgʻoniston boʻyicha Tosh­kent konferensiyasi tashkil etildi. Unda 20 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilot, jumladan AQSH, Rossiya, YEI, Xitoy va Eron vakillari ishtirok etdi. Konferen­siyada asosiy urgʻu Afgʻonistonda tinch­lik jarayonini qoʻllab-quvvatlash, siyosiy muzokaralar yoʻlini ochish va mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga qaratildi.

Ushbu konferensiya Oʻzbekistonning diplomatik nufuzini oshirish bilan bir­ga, Markaziy Osiyoning tinchlikparvar platforma sifatida shakllanishiga turt­ki boʻldi.

2021-yilda AQSH qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqib ketgach, “Tolibon” harakati mamlakatda hokimiyatni qoʻlga oldi. Bu ho­disa koʻplab davlatlar uchun siyosiy muam­mo tugʻdirdi. Biroq Oʻzbekiston hukumati Afgʻonistonda hokimiyat almashinuvini inkor qilmay, muloqotni toʻxtatmadi. Toshkentda “Tolibon” rahbariyati bilan bir necha bor muzokaralar oʻtkazildi.

Bu jarayonlarda asosiy maqsad chegara xavfsizligini taʼminlash, shu bilan bir­ga, insonparvarlik va iqtisodiy hamkor­likni davom ettirish boʻldi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonni Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik si­fatida koʻradi. Shu maqsadda Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar te­mir yoʻlini qurish boʻyicha uch tomonlama loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu yoʻna­lish Janubiy Osiyo tovarlarining Mar­kaziy Osiyo orqali Yevropaga chiqishini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistondan elektr energiyasi va oziq-ovqat mahsulotlari­ni Afgʻonistonga yetkazib berish davom etmoqda. Termizda Afgʻoniston yuklari uchun maxsus logistika markazi ham fao­liyat koʻrsatmoqda.

Surxondaryo viloyatining Termiz tuma­nida Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegarasida faoliyat yuritayotgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining Markaziy Osiyoda hozircha muqobili yoʻq. EIZ 36 gek­tar maydonda joylashgan va Afgʻoniston, Pokiston hamda boshqa mamlakatlar tad­birkorlariga sanoat, isteʼmol tovarlari savdosini oʻstirishda yordamchi boʻlmoqda. Uning yillik savdo hajmi 1 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga faqat iqti­sodiy emas, balki insonparvarlik yorda­mi koʻrsatishda ham faol. Qoʻshni hudud­da keyingi yillarda boshlangan inqiroz paytida Oʻzbekiston yuk avtomobil kar­vonlari orqali oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak kabi yordam yubordi.

Shu bilan birga, Termiz shahrida Afgʻo­niston yoshlari uchun maxsus taʼlim markazi tashkil qilingan. U yerda afgʻon talabalari kasb-hunar va til oʻrganish imkoniyatiga ega. Bu kelajakda afgʻon jamiyatini moderniza­siya qilishga qoʻshiladigan bilimli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining Afgʻoniston­ga nisbatan yuritayotgan siyosati geosiyosiy muvozanat, pragmatizm va tinchlikpar­varlik asosiga qurilgan. Terrorizm va xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda Oʻzbekiston kuch ishlatish emas, muloqot va hamkorlikni ustuvor deb biladi.

Siyosiy iroda va mintaqaviy barqarorlik

Oʻzbekistonning xavfsizlikni taʼmin­lashdagi asosiy yutugʻi geosiyosiy oʻyinlar emas, balki diplomatiya, ishonch va sheriklikka asoslangan yondashuvidir. U tashqi siyosatda harbiylashtirish, ziddiyatni ku­chaytirish emas, balki barqaror rivojla­nishga asoslanadi.

Bugun Markaziy Osiyoda yashayotgan mil­lionlab odamlar tinchlik va barqarorlik mevasini tatimoqda. Bu natijaning zami­rida esa kuchli siyosiy iroda va haqiqiy yaxshi qoʻshnichilik falsafasi yotadi.

Markaziy Osiyodagi ziddiyatli vaziyat­lar, uzoq yillik nizolar, minalar va yopiq chegaralar oʻrniga hozir oʻzaro ishonch, diplomatik muloqot hamda barqaror hamkor­lik rivojlanmoqda. Ushbu siyosiy iroda, xalqparvar siyosat, tinchlikka intilish natijasidir. Bugungi kunda Oʻzbekiston nafaqat ichki, balki mintaqaviy xavfsiz­likda ham yetakchi, ishonchli hamkor sifa­tida namoyon boʻlmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning xavfsizlik siyo­sati samaradorligini baholashda quyida­gi mezonlarni aytish mumkin:

Birinchi mezon — mojarolarning oldini olish samaradorligi. Soʻnggi yil­larda mintaqamizda yirik harbiy moja­rolar yuz bermagani, mavjud ziddiyatlar diplomatik yoʻl bilan hal etilayotgani strategiyamiz toʻgʻriligini tasdiqlaydi.

Ikkinchi mezon — iqtisodiy integratsiya darajasi. Mintaqa davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalari kengayishi, birgalikdagi loyihalar soni oʻsishi va investitsion hamkorlik surʼati ortishi strategiyaning iqtisodiy samaradorligi­ni koʻrsatmoqda.

Uchinchi mezon — xalqaro jamiyat to­monidan eʼtirof etilish. Oʻzbekistonning mintaqaviy liderlik maqomi xalqaro da­rajada tan olinishi, mamlakat nufuzi ortishi va xalqaro tashkilotlardagi faol ishtiroki Prezident siyosatining global samaradorligini isbotlamoqda.

Agar Markaziy Osiyoni bir organizm deb tasavvur qilsak, u holda bu orga­nizmdagi “tromblar”, yaʼni yillar davo­mida yigʻilib qolgan muammolar, sunʼiy toʻsiq va ishonchsizliklar butun tanada qon aylanishini izdan chiqargan edi. Ana shu toʻsiqlar mohirlik bilan ochildi. Mintaqada muloqot, hamkorlik va rivojlanish erkin oqim rejimiga tushdi.

Bu jarayonda davlatimiz rahbari faqat diplomat emas, balki bir vaqtning oʻzida siyosiy arxitektor vazifasini bajardi. Termizdan to Bishkekkacha, Ashxoboddan to Ostonagacha boʻlgan mintaqaviy doʻstlik tiklandi. Iqtisodiy hamkorlik, madaniy almashinuvlar, yoshlar va ilmiy doiralar oʻrtasidagi aloqalar kengaydi.

Oʻzbekistonning xavfsizlik siyosati kelajakda ham mintaqa taraqqiyoti uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Bu siyosat na­faqat bugungi kun, balki kelgusi avlod­lar uchun ham barqaror taraqqiyotga zamin yaratishi shubhasiz.

Jaloliddin USMONOV,

Xalqaro press klub raisi