— Yurak xuruji tahdid solayotganini bildiruvchi belgilar bormi?

— Toʻsh sohasidagi ogʻriq, nafas qisilishi, tez-tez holdan toyish, yurakning betartib va tez urishi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi holatlari yurak xurujidan ogohlantirayotgan boʻlishi mumkin. Yurak-qon tomir kasalliklarining atipik koʻrinishlarida oshqozon sohasidagi, pastki jagʻdagi ogʻriq ham yurak xastaligi belgisi boʻlishi mumkin. Bunday bemorlar oʻz bilganicha dori-darmon ichmaslikni, zudlik bilan shifokor koʻrigiga borib, tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak. Oʻz vaqtida koʻrilgan har bir chora yurak kasalliklarining oldini olishga sabab boʻladi.

— Miokard infarktini boshidan kechirgan bemorlarga uy sharoitida qanday yordam berish mumkin?

— Bunday bemorlar statsionarda davolanib uyiga qaytgach, dispanser nazoratiga olinadi. Ularni uy sharoitida reabilitatsiya qilishda yengil mashqlarni bajartirish mumkin.

Masalan, yengil badantarbiya tavsiya qilinadi. Bemor qonidagi biokimyoviy koʻrsatkichlarni, jumladan, lipidlar miqdorini doimiy tekshirib turish kerak. Oʻz vaqtida tibbiy koʻriklarga jalb etish, parhezga amal qilishi, shifokor buyurgan dorilarni vaqtida qabul qilishini kuzatib, oiladagilarga bemor parvarishi boʻyicha maslahatlar berish lozim.

— Qon bosimining pasayishi sababi nimada? Bunday bemorlarga uy sharoitida qanday yordam koʻrsatish kerak?

— Qon bosimi pasayishining bir necha sabablari bor. Masalan, bemorda oʻtkir miokard infarkt holati boʻlsa, qon bosimi birdan tushib ketishi mumkin. Yurak ritmining keskin buzilishi ham qon bosimi pasayishiga olib keladi.

Shunday holatlarda zudlik bilan tez yordam chaqirib, u yetib kelguniga qadar bemorni tekis holatda yotqizish, xona eshik-derazalarini ochish, siqib turgan kiyimlarni yechish lozim. Qora choy, kofe berish mumkin. Bilib-bilmay har xil dori-darmon berish bemorning ahvolini yana-da ogʻirlashtirishi mumkin.

— Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda oddiy va oson usullar bormi?

— Bu borada har bir inson quyidagi shartlarga amal qilishi kerak. Shu talablar ortida sogʻlom yurak siri yashiringan, deyish mumkin:

— chekmaslik;

— bir kunda oʻrtacha 3 kilometr piyoda yurish;

— doimiy ravishda meva-sabzavot isteʼmol qilish;

— qon bosimining 140 millimetr simob ustunidan kam boʻlishi;

— yurak urushi bir daqiqada oʻrtacha 70 tadan oshmasligi;

— qondagi xolesterin miqdori oʻrtacha 5 mmol/l dan oshmasligi;

— lipidlar miqdori oʻrtacha 3 mmol/l dan yuqori boʻlmasligi;

— ortiqcha vazndan xoli boʻlish.

Bular har bir inson amal qilishi mumkin boʻlgan eng oson va oddiy qoidalar. Profilaktikaning bunday samarali usullari haqida aholini xabardor qilishda patronaj hamshiralar bizning asosiy tayanchimizdir. X. Fozilov bilan kardiologiya sohasiga oid savol-javoblarni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.