Birgina aksiz soligʻi toʻlovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard soʻm soliqdan qochilgan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi boʻyicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Masalan, qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchilarning qariyb 30 mingi QQSning biror soʻmini toʻlamagan. Yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining toʻrtdan biri ishlatilmayapti.
Ayrim soliq boshliqlari tushumni koʻpaytirish oʻrniga qoʻshtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan bandligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, shaharda oʻtkazilgan tekshiruvlarda 70 milliard soʻm soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. Soʻnggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, budjetga 27 milliard soʻm zarar yetkazilgan.
Oʻtgan hafta Mirzo Ulugʻbek tumani soliq inspeksiyasining boshligʻi D.Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million soʻmni oʻzlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.