Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti, Arab davlatlari ligasi va «Al-Azhar« diniy majmuasi kutubxonasi fondidan 500 dan ziyod noyob adabiyot va darsliklar Oʻzbekiston elchixonasiga topshirildi.
Bu haqda «Dunyo« AA. xabar qildi.
Diplomatik tadqiqotlar instituti tomonidan ingliz va arab tillarida taqdim etilgan kitoblar zamonaviy diplomatiya, siyosat, iqtisod, falsafa, Yaqin Sharqdagi jarayonlar, mintaqadagi davlatlar tarixi va koʻp yillik muammolarni hal qilish istiqbollari kabi mavzularni qamrab olgan.
Shuningdek, musulmon olamidagi eng qadimiy va eng nufuzli oliygohlardan hisoblangan «Al-Azhar ash-Sharif« diniy majmuasi esa «Al-Azhar« universitetida talabalarga oʻqitiladigan qimmatli adabiyotlar, muqaddas Islom dini va maʼnaviyatga chorlovchi qoʻllanmalarni taqdim etdi.
Mazkur jamlanma holidagi kitoblar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining «Sharm ash-Shayx–Toshkent« yoʻnalishidagi aviaqatnovi orqali mamlakatimizga yetkazildi.
Ushbu kitoblar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uning huzuridagi Diplomatik akademiya va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan.
Mazkur qadam Oʻzbekiston va Misr oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikning kichik bir misoli boʻlib, soʻnggi yillarda talabalar va oʻqituvchi almashish, oʻzaro malaka oshirish boʻyicha ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar yoʻnalishda ham aloqalar kengayishi ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi tarixan mustahkam hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratmoqda.