2022-yil 22-yanvaridan boshlab Misrga kelgan barcha fuqarolar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yoki mamlakat Dori-darmon agentligi tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlarni taqdim etishlari shart. 12 yoshgacha boʻlgan bolalar bundan mustasno.
Shu bilan birga, Sinopharm, Sinovac, AstraZeneca, Sputnik V, Moderna, Pfizer va Johnson & Johnson vaksinalari Misrning oʻzida favqulodda foydalanish uchun roʻyxatga olingan.
Emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatda sayohatchi kelishidan kamida 14 kun oldin bir martalik vaksinaning bir dozasini yoki ikki martalik vaksinaning oxirgi dozasini olganligini koʻrsatishi kerak.
Emlash sertifikati boʻlmagan taqdirda manfiy koronavirus testi (PZR testi, tezkor antigen testi yoki ID Now testy) taqdim etilishi kerak. Shu bilan birga, Janubiy Afrika, Botsvana, Mozambik, Namibiya, Lesoto, Zimbabve va Esvatinidan kelganlar PZR testini yoki tezkor antigen testini taqdim etishlari kerak.
Mabodo koronavirusga qarshi emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlar yoki testlar Misr standartlariga javob bermasa, kelgandan keyin ekspress test qayta talab qilinadi.
Agar koronavirus borligi aniqlangan taqdirda, kelgan shaxslar mehmonxonada yoki turar joyda besh kunlik karantinda olinadilar. Oltinchi kuni esa PZR testi qayta topshiriladi va kasallik belgilari chiqmasa, ular oʻz-oʻzini yakkalash holatidan chiqadilar.
Shu munosabat bilan Misrga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolaridan yangilangan epidemiyaga qarshi standartlarga eʼtibor qaratishlarini hamda mazkur davlatda amaldagi profilaktika choralariga rioya etishlarini soʻraymiz.