Misrlik taniqli xonanda va bloger O‘zbekistonga keldi

    Misrlik xonanda va bloger Mustafo Abu Ravash hamda uning ijodiy hamkori Rasha N.M.Radva O‘zbekistonga keldi.

    Tashrifdan maqsad yurtimiz madaniyati va turizm salohiyatini Misr davlatida keng targ‘ib etish orqali Arab mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishdir.

    "O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Maqsadim xalqingizning turmush tarzi bilan tanishish, o‘zim uchun yangiliklarni kashf qilish, — dedi Mustafo. — Yutub orqali yurtingizning ob-havosi, muzeylari haqidagi qiziqarli videolarni tomosha qilgandim. Endi esa bularga o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘lmoqchiman. Taʼkidlashim kerakki, O‘zbekistonning ob-havosi, urf-odatlari, va, ayniqsa, milliy taomlari ajoyib".

    aytilishicha, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yurtimizning diqqatga sazovor qadimiy va tarixiy maskanlariga sayohat qilishadi. Shuningdek, misrlik xonanda O‘zbekistonda bir qator videokliplar suratga olishni ham rejalashtirgan.

    Misrlik blogerlar O‘zbekistonning o‘ziga xos iqlimi, boy madaniy meʼrosi, xalqlarimiz orasidagi o‘xshash urf-odatlar va eng asosiysi bir-birini takrorlamaydigan 4 ta faslga ega ekanligini alohida eʼtirof etishdi.

    Bundan tashqari, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva o‘zbekistonlik sanʼat sohasi vakillari bilan hamkorlik o‘rnatish va ular bilan kelgusida ko‘plab yangi ijod namunalari yaratishni niyat qilishgan.