Qonun loyihasi IIV tomonidan ishlab chiqilgan.

Loyihaga koʻra, miting, yigʻilish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat kunduzi 10:00 dan 18:00 gacha vaqt oraligʻida oʻtkazishga ruxsat beriladi. Bir joyda va bir vaqtning oʻzida bir obyekt yonida ikki yoki undan ortiq miting, yigʻilish va namoyishlar oʻtkazishga ruxsat berilmaydi.

Qonun bilan miting, yigʻilish va namoyishlar davomiyligi ikki soatdan oshmasligi belgilanadi.

Miting, yigʻilish va namoyishlar oʻtkazishga ruxsat olish uchun ariza tashkilotchi yoki ularning vakillari tomonidan mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda, miting, yigʻilish va namoyishlar oʻtkazishigacha oʻn besh ish kunidan kam boʻlmagan muddatda taqdim etilishi lozim.

Miting, yigʻilish va namoyishlar oʻtkazishga ruxsat olish uchun berilgan murojaatning qonun talablariga muvofiqligi mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlari tomonidan oʻn ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.

Qonun loyihasida, shuningdek, boshqa meʼyorlar ham belgilanishi nazarda tutilgan.

Xorijiy davlatlar, xalqaro, xorijiy nohukumat va notijorat tashkilotlar tomonidan, yoki ularning topshirigʻiga asosan boshqa shaxslar tomonidan miting, yigʻilish va namoyishlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun moliyalashtirish va mulk taqdim etishga ruxsat berilmaydi. Fuqarolarni moddiy ragʻbatlantirish evaziga miting, yigʻilish va namoyishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Loyihaga muvofiq, toʻliq masʼuliyatni zimmasiga oladigan 18 yoshga toʻlgan bir yoki bir necha Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari miting, yigʻilish va namoyishlar tashkilotchisi boʻlishi mumkin. U namoyishlar davomida tovushning balandlik darajasi qonunga muvofiq boʻlgan, tovushni kuchaytiruvchi texnika vositalaridan foydalanishi mumkin.

Tashkilotchi oʻzini farqlovchi belgi taqishi kerak.

Tashkilotchi va ishtirokchilar tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilishi va mazkur qonun talablarining qasddan buzilishi, huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talablarni bajarmaslik, jamoat xavfsizligi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga haqiqiy tahdidni yuzaga keltiruvchi holatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelsa ushbu tadbirlar tugatiladi.

Ushbu Qonun siyosiy partiyalar va boshqa diniy tashkilotlar tomonidan yigʻilish va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazilishida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston qonunchiligi bilan belgilanadi.

Maʼlum qilinishicha, vazirlik ushbu qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya, AQSH, Qozogʻiston, Turkmaniston, Germaniya, Fransiya, Estoniya va Ozarbayjon davlatlarining tajribalarini oʻrgangan.

Qonun loyihasining muhokamasi 2-sentyabrgacha davom etadi.