Majlisda Hukumat aʼzolari, vazirlik va idora mutasaddilari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Senat yalpi majlisi kun tartibi doirasida muhokama qilinadigan masalalarning mazmun-mohiyati qisqacha tushuntirildi. Shundan soʻng “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Muhokama jarayonida senatorlar ushbu Qonunni qabul qilishga boʻlgan ehtiyoj, davlat va jamiyatga qanday foyda berishi kabi jihatlarga eʼtibor qaratdilar.
Hujjat sohadagi mavjud muammolarning qonuniy yechimini belgilash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan. Unda moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, bunday toifadagi obyektlarga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni ogʻir jinoyatlar toifasiga oʻtkazish, dastlabki tergov oʻtkazishni prokuratura organlariga yuklash, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etish majburiy boʻlgan koʻrsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda toʻliq bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.
Shuningdek, Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan. Xususan, moddiy madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obyektlarini, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlar va hududlarni muhofaza qilishda, ularning noyobligini saqlab qolishda, kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Majlisda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi yuzasidan Hukumat vakillarining axboroti eshitildi.
Davlat dasturining yoshlar bandligini taʼminlash va ularni kasb-hunarga oʻqitish qismi boʻyicha fikr almashildi, Qoʻmitaning bu borada Navoiy viloyatida olib borgan oʻrganish natijalari haqida maʼlumot berildi.
Qoʻmita raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.
Muhokamalar soʻngida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.