Moʻynoq tumanida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkaziladi

    Shu yilning 29–30-sentyabr kunlari Moʻynoq tumanida “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik festivali oʻtkaziladi.

    Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar qildi.

    Festivalda mahalliy oshpazlarning baliq taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari, ular oʻrtasida bellashuv, mahalliy hunarmandlarning koʻrgazmalari, milliy estrada va folklor ijrochilari, konsert dasturi va boshqa koʻngilochar tadbirlar oʻrin olgan. Qolaversa,gʻolib chiqqan oshpazlar taqdirlanadi.

    Festivalning asosiy maqsadi Qoraqalpogʻistonda, xususan, Moʻynoq tumanida oʻziga xos boʻlgan gastronomik turizm salohiyatini keng targʻib qilish, hududda madaniy va koʻngilochar tadbirlar sonini koʻpaytirish va bu orqali hududga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy turistlarning sonini yanada koʻpaytirishdan iborat.