Moziy ostonasidagi sirli dargoh

    Joriy yilning 26-aprel kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat ISMOILOVA bilan ayni yigʻilishda oʻrtaga tashlangan savollar va muhim vazifalar toʻgʻrisida suhbatlashdik.

    Har gal muzeylarga borgan chogʻimizda maʼlum bir voqelikka kalit boʻlguvchi qaysidir eksponat oldida toʻxtab xayolga tolar ekanmiz, moziy ostonasidagi sirli yoʻlakda turganimizni his qilamiz. Oʻtmish bilan yuzma-yuz kelish, uning sarhadlarida sayohat qilish esa sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy taʼkidlaganidek, hamisha xayrlidir. Qolaversa, aynan oʻzligimizni bizga namoyon etguvchi madaniy boyliklarimizni oʻrganish, asrab-avaylash faqatgina muzeyshunoslarning ishi emas, oʻz xalqining oʻtmishi, buguni va ertasiga hushyor nazar tashlaguvchi har bir insonning burchidir. Zero, vaqt oʻtgani sayin global davr shiddatli toʻfonlari bilan bizni yanada hushyorroq, yanada ziyrakroq boʻlishga undamoqda.

    Joriy yilning 26-aprel kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ham muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi bejiz muhokama qilinmadi. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat ISMOILOVA bilan ayni yigʻilishda oʻrtaga tashlangan savollar va muhim vazifalar toʻgʻrisida suhbatlashdik.

    – Jannat opa, muzeyga kirib kelayotib, tariximizdan soʻzlaguvchi eng muhim osori-atiqalarni roʻyxatga olayotgan Parijdagi Luvr muzeyi mutaxasislarga duch keldik...

    Joriy yilning kuz faslida Luvr muzeyida “Markaziy Osiyo ulugʻvorligi. Oʻzbekiston karvon yoʻllarida” nomli koʻrgazma boʻlib oʻtadi. Pandemiya tufayli oʻtkazilish muddati choʻzilib ketgan ushbu koʻrgazmaga 2018-yildan beri tayyorgarlik koʻryapmiz. Unda Oʻzbekistonning eng nufuzli muzeylari tariximizga oid eng muhim eksponatlari bilan ishtirok etishadi. Mazkur koʻrgazmaning oʻtkazilishi muzeylarimiz faoliyatidagi tub burilish nuqtasi boʻladi, desam mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Chunki, bunday nufuzli koʻrgazmada ilk bora ishtirok etamiz. Biz tayyorlayotgan betakror ekspozitsiyalar Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini tarixiy dalillar bilan isbotlab berishga qodir ekanligi bilan ahamiyatli. Luvrdagi ushbu koʻrgazmani dunyodagi juda koʻp sanʼatsevar insonlar kuzatib borishadi. Hozirgi kunda fransiyalik mutaxassislar yurtimizga kelib ayni koʻrgazmaning katalogini tayyorlashyapti.

    – Davlatimiz rahbari oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi muhokama qilingan edi. Unda respublika boʻyicha 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani qayd etildi...

    Mazkur videoselektorda Prezidentimiz turizmni rivojlantirishning bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan yoʻnalishlari va muzeylar faoliyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Muzeylar turizmning ajralmas bir qismi hisoblanadi. Bugungi dunyoda turizm rivoji tomon katta qadam tashlanayotgan ekan, bu qadamning asosi muzeylar bilan ham bogʻliq. Chunki sayyohlar qay bir yurt sari shaylanmasin, avvalo oʻsha yurt tarixi, madaniyati va sanʼati bilan qiziqadi. Muzeylar esa sayyohlarga bu borada yoʻlchi yulduz boʻlib xizmat qiladi. Yigʻilishda davlatimiz rahbari bejiz talon-taroj etilgan madaniy boyliklarimiz haqida soʻz ochmadi. Afsusuki, tariximizda shunday holatlar boʻlgan. Masalan, XX asrning 30-50-yillarida muzeylarda ish faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Aholidan yigʻib olingan eksponatlar oʻz vaqtida roʻyxatga olinmagan. Shu tufayli birin-ketin turli muammolar va kamchiliklar kelib chiqavergan. Hozirgi kunda esa muzeylarimizdagi osori-atiqalarning hatto elektron roʻyxatini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu tizim eksponatlarning huda-behuda tashqariga chiqib ketishining oldini oladi.

    Bilasizmi, sovetlar davrida yurtimizdagi koʻplab noyob madaniy boyliklar koʻrgazmalar bahona chetga olib chiqib ketilgan va qaytib kelmagan. Chunki ularning taqdiriga masʼuliyatsizlik bilan qarashgan. Shukrkim, ayni paytda oʻz xalqimizning madaniy merosiga oʻzimiz egalik qilyapmiz. Muzeyshunoslar oʻtmish bilan kelajakni bir-biriga ulab turuvchi koʻprikdir. Kelajak avlodga noyob madaniy boyliklarimizni uzatuvchi qoʻlmiz. Mana shu qoʻl toʻgʻri boʻlishi, har bir xodim vijdonli va masʼuliyatli boʻlishi oʻta muhim. Bizga ajdodlarimiz merosimizni qanday topshirgan boʻlsalar biz ham kelajak avlodga shunday yetkazmogʻimiz kerak.

    Koʻpchilik odamlar muzey haqida gap ketganida asosan ekskursovodlarni koʻz oldiga keltiradi. Muzeyda ulardan tashqari yana qanchadan-qancha fidoyi insonlar mehnat qilishlarini bilishmaydi. Bu ilm-maʼrifat oʻchogʻidagi sirli jarayonda tarixning muhim voqeliklari yuzaga chiqadi, ne-ne asrlardan beri pinhon boʻlib kelayotigan haqiqatlar oshkor boʻladi. Mana shu sizning koʻz oldingizdagi chiroyli ekspozitsiyalar bunyod boʻlishi uchun ham ne-ne odamlar izlanmadi, oʻz umrini, hayotini fido qilmadi deysiz...

    – Hozirda muzeylarimizdagi 105 ming dona eksponat restavratsiyaga muhtojligi qayd etilgan. Yil yakuniga qadar muzey binolarini taʼmirlash hamda ashyolarni restavratsiya qilish uchun muzeylarda 15 ta restavratsiya laboratoriyasini tashkil qilinishi koʻzlanayotgan ekan...

    – Restavratsiya masalasi muzeyshunoslarning doimiy ogʻriqli nuqtalari, desam adashmagan boʻlaman. Ayniqsa, mustaqilligimizning dastlabki yillarida restavratsiya masalalari juda oqsadi. Shu bois endilikda bu masalalarni qaytadan rivojlantirish, malakali restavratorlarni tayyorlash borasida havas qilarli darajada emasmiz. Davlatimiz rahbari yigʻilishda ana shu muhim masalaga eʼtibor qaratgani ayni muddao boʻldi. Biroq restavratsiya laboratoriyasi ochilgani, boʻldi endi ish ketaveradi degani emas. Ushbu laboratoriyani yuritadigan yetuk mutaxassislar – kulolchilik, zargarlik, temirchilik, sanʼat asarlari boʻyicha alohida restavratorlar kerak. Bunday mutaxassislarni tayyorlashning oʻzi juda koʻp vaqt, mehnatni talab qiladi. Oʻqish, bilim olish, tajriba orttirish zarur. Qolaversa, restavratsiya sohasini bitirgan talaba ham birdaniga ish boshlay olmaydi. Unga malakali ustoz, amaliyot saboqlari kerak. Shu bois ayni jarayondagi muammolarni tez fursatlarda hal qilib boʻlmaydi. Biz koʻp vaqtimizni boy berib qoʻydik. Biroq hozirgi kunda ayni muammolarni hal qilish uchun koʻrilayotgan chora va tadbirlar biz muzeyshunoslarni gʻoyatda quvontirmoqda. Shu bois fursatdan foydalanib Prezidentimizga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz. Ayni paytda nafaqat restavratsiya borasidagi, balki boshqa jarayondagi muammolarimiz ham jiddiy oʻrganilib, bosqichma-bosqich hal etila boshlandi.

    Shu oʻrinda 2020-yildan buyon muzeylarda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratib berila boshlaganini ham aytib oʻtmoqchiman. Prezidentimizning 2020-yil 27-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonining 16-bandida “Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyiga — sanʼat sohasidagi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga — madaniyat va tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ularning ushbu yoʻnalishlardagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash, kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish vazifasi yuklansin”, degan soʻzlar bor. Mazkur farmon eʼlon qilinganidan soʻng Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi va Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida ilmiy kengash ochildi. Bu muzeyshunoslik sohasida yaratilgan birinchi ilmiy kashfiyot, desak mubolagʻa emas. Ushbu kengash yordamida bir yarim yil davomida muzeyshunoslik boʻyicha 3 ta falsafa doktori va bitta doktor tayyorlashga muvaffaq boʻldik. Soha boʻyicha boshlangan bu xayrli ishlar davom etadi va muzeyshunos tadqiqotchilarimiz yanada koʻpayib boradi, degan umiddaman.

    – Shu oʻrinda qutlugʻ bir sanani ham taʼkidlab oʻtishimiz kerak. Bu yil Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi tashkil etilganiga 145-yil toʻldi. Mana shu oʻtgan shonli davr ichida namoyish etilgan koʻrgazmalar va eksponatlar ham oʻziga xos bir moʻjaz tarixni tashkil qildi, desak adashmagan boʻlamiz. Muzeydagi eng noyob va nodir eksponatlar haqida toʻxtalib oʻtsangiz...

    Hozirgi kungacha muzeyimizda 350 mingga yaqin eksponat jamlangan. Bu eksponatlar muzeyshunoslarimizning 145-yillik mehnati, izlanishlari, mashaqqatlari hisoblanadi. Shunchalik katta hajmdagi eksponatlarni kolleksiya qilishning oʻzi boʻlmaydi. Eksponatlarimizning har biri biz uchun nihoyatda qadrli. Ularning 99 foizi asl nusxa ekanligi bilan qimmatlidir. Shularning orasida dunyoda yagona, analogi yoʻq, oʻz davri uchun nihoyatda katta tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan eksponatlarimiz bor. Ana shunday noyob eksponatlardan biri ikki boshli ilon haykalchasadir. U mohirlik bilan ishlangan boʻlib, tumor haykalcha topilgan vaqtda oʻzidan nur taratib turgan, deyiladi. Bu noyob eksponat tarixiga toʻxtaladigan boʻlsak, u 1983-yilda Fargʻonada dehqonlar yer ishlari bilan shugʻullanayotgan vaqtda topilgan. Shundan soʻng tumor haykalcha Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgan. Ikki boshli ilonning bitta boshi uzunroq, ikkinchisi kaltaroq tasvirlangan. Uzuni yaxshilikni, kaltasi esa yovuzlikni anglatgan. Yaʼni ezgulik va yovuzlik kurashayotganini koʻrishimiz mumkin. Haykalcha nafis xrizolit toshidan yasalgan, teshikchalarining oʻrnida togʻdan olinadigan xrustallar boʻlgan ekan. Milodiy 3-asrga oid ushbu haykalcha Belgiya, Nyu-York va Yaponiyada boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etgan. Sugʻdiylar bu kabi ilon haykalchalarini boylik keltiruvchi, deb bilishgan hamda uyni qoʻriqlaydi, degan maʼnoda uyda saqlashgan. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi ushbu eksponat ajdodlarimizning haykaltaroshlik mahoratidan darak berib turadi.

    Surxondaryo viloyatidagi Fayoztepa yodgorligi milodiy I-III asrlarga oid inshoot hisoblanadi. Arxeolog Toʻxtash Annayevning aytishicha, buddizmning Hindistondan Markaziy Osiyoga kirib kelishi, Gʻarb, Xitoy va Uzoq Sharqqa yoyilgani haqida Termiz, Surxon vohasi yodgorliklari darak beradi. Xususan, Fayoztepa yodgorligidan chiqqan koʻplab ashyolar, arxeologik topilmalar juda katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan va 1989-yilda Yaponiyada ham namoyish etilgan. Shu tariqa Fayoztepa nafaqat vatanimiz, balki butun Markaziy Osiyoning eng qadimgi xalqlari haqida maʼlumot beruvchi yodgorlik sifatida jahon ilm-fanida tanilgan. Muzeyda “Triada” deb nomlanuvchi haykal mavjud. Sariq-oq rangli quyuq ohaktosh boʻlagidan yasalgan bu haykallarga tilla suvi yugurtirilgan boʻlgan. Uni qazib olish davomida tillalar tepaga qum boʻlib koʻtarilgan, deyishadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday haykallarning butun holida topilishi arxeologiya ilmida kamdan-kam uchraydi. Haykalning yuz tomoni yerga yotib qolgani bois u butun holda saqlangan. Tarixning qimmatbaho yodgorligini topish hamma arxeologlarga ham nasib etavermaydi. Arxeolog Lazar Albaum esa omadli arxeologlardan boʻldi. U eng noyob va shov-shuvlarga sabab boʻlgan arxeologik topilmalarga duch kelgan va oʻrgangan. Triada haykalining topilishi Albaumga omad keltirgan.

    Ushbu madaniy boyligimiz uchun xorijlik sayyohlar 150 kg oltin bermoqchi boʻlishgani rostmi?..

    Yaponiyalik olimlar bu madaniy boyligimizga juda qiziqib qolishgani haqida eshitganman. Biz yosh edik. Sayyohlar eksponatning ogʻirligicha, yaʼni 150 kg oltin beramiz deb aytishgan ekan. Lekin eksponat sotilmagan. Hozir ham Yaponiyadan, Koreyadan kelgan sayyohlar ushbu eksponatimizni alohida ehtirom bilan ziyorat qilishadi.

    – Pandemiya davrida dunyodagi koʻplab muzeylar virtual sayohat tizimini yoʻlga qoʻyishdi. Hozirgi paytda bizning muzeylarimizda ham bu jarayon boshlangan. Shunday emasmi...

    Hayotimizda sodir boʻladigan baʼzi bir salbiy hodisalar va voqeliklarning ikkinchi tomoni ham boʻladi. Pandemiya davrida nafaqat muzeylar, balki barcha muzeylar onlayn tizimida ishlashga oʻrgandi. Muzeylarimizda onlayn koʻrgazmalar tashkil etila boshlandi. Juda koʻp vaqt kerak boʻladigan jarayonlar qisqardi. Onlayn konferensiyalar, seminarlar tashkil qilindi. Hatto treninglar ham boʻlib oʻtdi. Ayniqsa, restavratsiya yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan trening mutaxassislarda ham, yurtdoshlarimizda ham oʻzgacha qiziqish uygʻotdi. Aksariyat muzeylarimizda virtual sayohat qilish imkoni yaratildi.

    – Oʻsha ogʻir va mashaqqatli davrda yurtimizda yangi muzeylar tashkil etildi...

    Toʻgʻri aytasiz, 2020-yil juda ogʻir yil boʻlishiga qaramasdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi muzeylar tashkil etildi. Ulardan biri Toshkentning Olmazor tumanida barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” markazida ochilgan “Shon-sharaf” muzeyidir. Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan maʼlumotlarga koʻra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali oʻz tasdigʻini topdi. Minglab urush qatnashchilari Oʻzbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga oʻz uyidan joy berib, soʻnggi burda nonini ham baham koʻrgan. “Shon-sharaf” muzeyida ana shunday shonli tarix oʻz ifodasini topgan. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan. Muzeydan 20 mingga yaqin eksponatlar joy olgan. Ularning barchasi arxiv hujjatlar va urush qatnashchilarining yaqinlaridan yigʻilgan. “Shon-sharaf” muzeyini soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda asos solingan zamonaviy va innovatsion muzeylardan biri deyish mumkin.

    2020-yil 20-mayda esa poytaxtimiz Toshkent shahri tarixiga oid muzey ochildi. Chindan ham bu paytgacha poytaxt tarixini oʻrganuvchi muzeyimiz yoʻq edi. Muzeyda hozirgacha mingga yaqin eksponat toʻplangan. Ularda shahrimizning 2200 yillik tarixi aks etgan. Muzeyning birinchi qavati “Toshkent – fan markazi”, “Toshkent – bagʻrikenglik shahri”, “Amaliy sanʼat. Kundalik hayot va madaniyat” boʻlimlariga boʻlingan. Ikkinchi qavatda esa qadimiy xoʻjalik buyumlari, shuningdek, mashhur meʼmoriy obidalar maketlari namoyish etilgan. Eksponatlarga oʻzbek, rus va ingliz tillaridagi matnlar bilan sharh beriladi.

    Hozirgi kunda ushbu muzeyda Toshkent tarixini oʻrganish boʻyicha ilmiy ishlar olib bormoqda. Undan keyin ham mana har yili yangi muzeylar ochilmoqda. Hozirgi kunda yurtimizda 130 ga yaqin muzey faoliyat yuritadi. Tariximiz, madaniyatimiz, ajdodlarimizdan qolgan boy moddiy-madaniy merosimiz asosida yana minglab muzeylar ochishga haqli avlodmiz.

    Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston muzeylarida faoliyat koʻrsatayotgan barcha muzeyshunoslarimizni xalqaro muzeylar kuni bilan chin dildan tabriklayman. Ularning mashaqqatli va sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tilay man. Biz muzeyshunoslar hamisha mana shu aziz yurtimiz tarixi, madaniyati, sanʼati dunyo eʼtirofida boʻlishini judayam xohlaymiz. Ona Oʻzbekistonimizning dunyo sivilizasyasi taraqqiyotiga hissa qoʻshgan davlat sifatidagi oʻrnini muzey ekspozitsiyalari orqali munosib koʻrsatib berishga astoydil harakat qilamiz.

    – Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Yana bir bor bugungi qutlugʻ bayram muborak boʻlsin.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.