Мualliflik huquqlarini boshqaradigan tashkilotlar haqida bilasizmi?

    Fikr 19 Fevral 2024 672

    Mamlakatimiz azal-azaldan ijodkorlar yurti bo‘lgan va ular yaratgan bebaho asarlar bilan nom qozongan.

    Ushbu ijodkorlar nafaqat diniy-maʼrifiy sohada, balki davlat va uning iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutuvchi aniq fanlarda ham ijod qilishgan. Dastlab ijodkorlar huquqlariga rioya qilishda, asosan, axloqiy qadriyatlar ustuvor bo‘lgan bo‘lsa-da, asarlarning tijorat masalasi, unga haq to‘lash tizimi birmuncha keyinroq vujudga kelgan.

    Mutlaq huquqning paydo bo‘lishi va rivojlanishi tendensiyalari aynan ijodkor huquqlarining ustuvorligi, himoya muddatining mavjudligi, har bir foydalanganlik uchun huquq egasining foyda ko‘rishi, qolaversa, muayyan muddat o‘tgandan so‘ng barchaning ushbu maʼnaviy boylikdan birdek bahramand bo‘la olish konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liq.

    Jamoaviy boshqaruv mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimi faoliyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, individual litsenziyalash rejimini to‘ldiradi, shuningdek, ishonchli moddiy huquqlar tizimi, istisnolar va cheklov vositasi hamda tegishli himoya mexanizmlariga asoslanadi. Shu maʼnoda jamoaviy boshqaruvlar mualliflik huquqi egalari va foydalanuvchilar o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, kirish va mukofotlash jarayonini osonlashtirishi mumkin.

    Jahon amaliyoti tan oladigan, shuningdek, milliy qonunchiligimiz talablariga muvofiq, “Fan, adabiyot va sanʼat asarlarining mualliflari, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar yoki boshqa huquq egalari o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirish maqsadida o‘z mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar tuzishga haqlidir. Ushbu tashkilotlar notijorat tashkilotlari hisoblanib, o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadi”.

    Mualliflik jamiyatlari ustavlari ushbu qonun talablariga javob beradigan qoidalarni o‘z ichiga oladi. Shunday tashkilotlardan biri “O‘zbekiston mualliflar va ijrochilar gildiyasi” jamoat birlashmasi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 20-dekabr kuni 643-son bilan ro‘yxatga olindi. Gildiyadan tashqari, “O‘zbekiston huquq egalari palatasi” kabi yuridik shaxslar mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar vazifasini bajarib kelgan.

    Shuningdek, “O‘zbekiston mualliflar va ijrochilar gildiyasi” qoshida Kinematografiya masalalari bo‘yicha ssenariylar saviyasi va sifatini oshirish maqsadida jamoaviy kengash tuzilgan. Gildiya qoshida ushbu jamoaviy kengash “O‘zbekkino” Milliy agentligi ko‘plab kinossenariylarni o‘qib chiqishga ulgura olmaganligi sababli tashkil etilgan. Kinoijodkorlar o‘z ssenariylarini jamoaviy kengashga topshirib, obyektiv xulosa olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Shu bilan birga, ijodkorlar “O‘zbekkino” Milliy agentligiga borishdan avval mazkur kengashga murojaat qilib, kinossenariylari haqida xulosa olishi, agar tasdiqdan o‘tsa, “maʼlum bir qonun-qoidalarga rioya qilingan, film suratga olish mumkin”, degan mazmundagi xat bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligiga yo‘llanishi ham mumkin bo‘lgan.

    Jamoaviy kengashda taniqli kinoijodkorlar, kino sohasining yetuk namoyandalari, kinoshunoslar qatnashar edi. Mualliflar va ijrochilar gildiyasi Jamoaviy kengash faoliyatini zaruriy vositalar bilan taʼminlagan. Kengash aʼzolari hech qanday qaror qabul qilmaydi, ular tavsiya va maslahatlar beradi. Ular “O‘zbekkino”dagi badiiy kengashda ishtirok etganda ham o‘z fikrlarini bildirishar edi. Asosiy maqsad kinossenariylar va filmlar saviyasini ko‘tarish edi.

    Gildiyaning yana bir asosiy vazifasi mualliflik asarlarini saqlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish (deponlashtirish) edi. Avval Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi mavjud bo‘lib, agentlik ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik, 2011-yilda Intellektual mulk agentligi tashkil qilingach, bu vakolat mazkur agentlikka o‘tdi. So‘ng bu vazifani bajarish Mualliflar va ijrochilar gildiyasiga topshirildi. Oldin mualliflarning o‘zlari yaratgan asar, qo‘shiq va shu kabi qonunda ko‘rsatilgan obyektlarga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlatib qo‘yish maqsadida guvohnoma berilgan bo‘lsa, keyinchalik bu qonunda asarlarni saqlash uchun topshirishi mustahkamlangan, yaʼni depozitariyga topshirishi belgilangan.

    Mualliflar va ijrochilar gildiyasi asar saqlash uchun ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi guvohnoma sudda foyda berishi, dalil sifatida foydalanilishi mumkin, deb o‘z fikrlarini izohlashgan. Biroq, agar asar ikki nusxada topshirilsa, uning bir nusxasi gildiyada qoladi, bir nusxasi tasdiqlangach, huquq egasiga beriladi. Shuningdek, mazkur asar ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma taqdim etiladi. Agar vaqti kelib, kimdir ushbu asardan foydalansa, ko‘chirsa, sudga murojaat qilgan hollarda, ro‘yxatga olingan asar va o‘sha ko‘chirgan insonning asari o‘rganib chiqiladi, qancha foiz o‘xshashlik borligi aniqlanadi. Shunday hollarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan guvohnoma asqotishi mumkin. Biroq mualliflik huquqi hech qanday rasmiyatchiliksiz vujudga kelishi haqidagi prezumpsiyani esdan chiqarmaslik lozim. Zero, yuqoridagi kabi imkoniyatdan foydalanish, asosan, huquqni himoya qilishda qo‘llaniladigan vosita hisoblanadi.

    Mualliflar va ijrochilar gildiyasining 2013-yilning birinchi yarim yillikdagi faoliyati haqidagi hisobotida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Youtube.com masalasi ham tilga olib o‘tildi. Mualliflar va ijrochilar gildiyasi direktori Ilhom Hamidov mualliflar va ijrochilar gildiyasi Youtube.com’ning rasmiy hamkori ekanligi, rasmiy hamkorlik boshlanganidan buyon Youtube.com’da joylashgan, norasmiy kanallardan 170 dan ortig‘ining faoliyati to‘xtatilganligi, asosiy maqsad internetni “qaroqchilik” kanallari va saytlaridan tozalash ekanligini maʼlum qildi. “Qaroqchilik” saytlarining aksariyati Youtube.com’ga norasmiy ravishda o‘zbekcha klip va kinolarni joylashtirib, undan olingan daromadga o‘z saytlarini yurgizganligi va norasmiy kanallar yopilgandan so‘ng bunday saytlar sustlashib qolganini ham aytib o‘tgan. Shuningdek, Mualliflar va ijrochilar gildiyasining uchta rasmiy kanali borligini eʼlon qilgan:

    1. Faqat o‘zbek kinolari bo‘yicha: UzbekFilmsHD kanali;
    2. O‘zbek kliplari bo‘yicha: Gildiya Uz;
    3. O‘zbek kliplari bo‘yicha: Riza Nova Uz.

    Shu bilan bir qatorda, hozirda 5 ta studiya bilan shartnoma tuzilib, 90 ta film bo‘yicha huquqlar olinganligi hamda hozirda “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlik borasida kelishuvlar olib borilayotganligini bildirgan. Har qanday kontentda, dunyoning qaysi mamlakatida bo‘lishdan qatʼi nazar, Youtube.com’ga kirib, yuqorida nomlari tilga olingan kanallarni topish mumkinligi va ulardagi “prosmotr”ning o‘sib borayotganligi, statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2 oy ichida 1 000 000 ta ko‘rilganligi, har kuni esa 20 ming martadan ko‘rilayotganligi va har kuni bu kanallar mablag‘ keltirayotganligini maʼlum qildi. Bundan tashqari, hozirda “Tarona Records” o‘ziga Youtube.com’da kanal ochganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, 2-3 oy ichida barcha norasmiy kanallar o‘chirib tashlanishi, nazorat uslubi yo‘lga qo‘yilishi va unga ko‘ra, qo‘yilayotgan norasmiy kliplar butun Youtube.com bo‘yicha izlanishi, topilgach, o‘chirilishini bildirgan. Agar hamkorlar o‘sha kliplarni o‘z saytiga joylamoqchi bo‘lsa, yuqorida nomlari keltirilgan kanallardan havola (ссылка) olib joylashtirishlari va u kanallarga ham havola qo‘yishlari mumkinligini ta’kidlab o‘tgan. Vaholanki, faqatgina mualliflik huquqini ko‘rsatishning o‘zi yetarli emas. Bunda havola berish bilan bir qatorda, daromad olish maqsadida foydalanish yoki boshqa maqsad aniq-ravshan bildirilishi, huquq egalarining manfaatlari taʼminlanishi muhim.

    2013-yilda maʼlum bir sabablarga ko‘ra, o‘z faoliyatini to‘xtatgan Mualliflik gildiyasini qayta tiklash uchun katta sa’y-harakat qilingan. Uning “O‘zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi huzurida faoliyat ko‘rsatganligi ko‘pchilikka maʼlum. “O‘zbekteatr” IICHB faoliyati tugatilgan kundan boshlab gildiya ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Birgina 2011-yilning o‘zida mazkur ikki tashkilot, asosan, poytaxt doirasida, ayrim toifadagi foydalanuvchilardan 1.2 mlrd so‘mlik mablag‘ yig‘ib, uning asosiy qismini qonunchilikda belgilangan tartibda huquq egalari o‘rtasida taqsimlagan.

    Keyinchalik “Ijodkorlar huquq egalari jamiyati” nodavlat notijorat tashkiloti va “Muloqot” jamoat birlashmasi dramaturg, bastakor, rassomlar hamda turli ijod namunalarini yaratgan muallif va ijodkorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mualliflik va turdosh huquqlarga ega bo‘lishida ko‘maklashishgan va ushbu huquqlardan foydalanishlariga amaliy yordam berib kelishgan. Shuningdek, hozirga kelib, “O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati” va “Madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” jamoaviy boshqaruv tashkilotlari o‘z faoliyatini olib bormoqda.

    Kelgusida ijodiy jarayonning yanada kengayib borishi, madaniy-maʼrifiy rivojlanish, zamonaviy texnika taraqqiyoti, sunʼiy intellekt, internet muhitida mualliflik huquqidan foydalanishni tartibga solish, albatta, jamoaviy boshqaruv tashkilotlari oldiga yanada masʼuliyatli vazifalar qo‘yadi. Huquqiy tartibga solish tizimining samarali bo‘lishi uchun ushbu tashkilotlar faoliyatining ommaviylashuvi, mualliflik huquqiga rioya qilish madaniyatini shakllantirish, sud jarayonlarida huquq egalarining manfaatlarini himoya qilishda professionallar ishtirok etishi talab qilinadi.

    Yakubova Iroda Bahramovna,

    Toshkent davlat yuridik universiteti “Intellektual mulk huquqi”

    kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari doktori (DSc).