Bu mahobatli imorat ikki-uch yilda qurib bitkazilishi mumkin edi, ammo davlatimiz rahbarining shoshilmasdan, har tomonlama ilmiy yondashuv asosida bunyod etish boʻyicha topshirigʻi ajdodlarimiz qoldirgan koʻp asrlik ilmiy-adabiy merosning tarqalish geografiyasini oʻrganish, moddiy-maʼnaviy madaniyatimiz namunalarini yigʻish va tizimlashtirish kabi yuzlab ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.

Bunday majmua, muzey-kutubxonalar juda koʻp mamlakatda bor. Har bir inshootning arxitekturaviy yechimi oʻziga xos. Gʻoyaning ahamiyati nomi va sarflangan mablagʻ bilan belgilanmaydi, mazmuniga qarab baholanadi. Majmuaning Islom sivilizatsiyasi markazi deb atalishining sababi tarixiy xotiramiz bilan bogʻliq. Biz bobolardan “Islom dini Arabiston yarim orolida paydo boʻldi, ammo uning ilm-fani Movarounnahrda yuksaldi” degan gapni koʻp eshitganmiz, lekin uning haqiqat ekanini mustaqillikka erishgandan soʻng angladik.

Yurtimizdan chiqqan Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy va Abu Nasr Forobiy kabi mutafakkir olimlarning tadqiqotlari islom bagʻrida turib dunyoviy fanlarni rivojlantirdi. Ular turli sohalardagi kashfiyoti bilan jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Imom Buxoriy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar islom naqliy fanlari, islom qonunchiligi, islom teologiyasi kabi ilmlar taraqqiyotiga bemisl hissa qoʻshdi. Ular taqdir taqozosiga koʻra arab tilida yozdi, dunyo ularni arab olimi sifatida qabul qildi. Ulardan keyingi davrlarda yashab oʻtgan qanchadan-qancha mutafakkir ajdodlarimiz arab tili bilan birga fors tilida ijod etdi. Vaqt oʻtib, turkiy tilda ham ijod qilish davri boshlandi. Butun dunyo ularni eʼtirof etib keldi, faqat biz bexabar edik.

Qariyb 70 yil davomida kommunistik mafkura senzurasi tariximizni xolis oʻrganishga yoʻl qoʻymadi, muayyan maqsadlar bilan tariximiz soxtalashtirilgan holda ongimizga singdirildi. Natijada butun bir avlod oʻz xalqiga tegishli buyuk ilmiy-adabiy merosdan bexabar va bebahra ulgʻaydi. Mustaqillikka erishilgandan soʻng bu sohada katta ilmiy izlanishlar qilindi. Yuzlab olimlar va shoiru sanʼatkorlarning ilmiy-adabiy merosi aniqlandi. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab Prezidentimizning farmon va qarorlari asosida dunyoga sochilib ketgan qoʻlyozma asarlarni izlab topish, unutilgan xalq amaliy sanʼatini tiklash, anʼana va qadriyatlarimizga yangi hayot bagʻishlash ishlari boshlandi.

Davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Tarixiy xotirani tiklash, yosh avlodni milliy qadriyatlarni eʼzozlash ruhida tarbiyalash va Uchinchi Renessans uchun zarur intellektual muhit yaratish kabi uch dolzarb masala davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Xalqimiz yaratgan ulkan ilmiy-madaniy merosga aloqador minglab noyob ashyolar sakkiz yil mobaynida yigʻildi, yurtimizdan chiqqan yuzlab olimlar, shoirlar, sanʼatkorlarning hayoti va faoliyati boʻyicha maʼlumotlar toʻplandi.

Birgina Misrning Aleksandriya kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma asarlar asosida tayyorlangan “Markaziy Osiyo olimlari ensiklopediyasi”da VIII asrdan XIX asrgacha Oʻzbekiston hududida tugʻilib, turli arab oʻlkalarida ilm bilan shugʻullangan 2700 olim haqida qisqacha maʼlumot berilgan.

2016-yili Samarqandda nashr etilgan “Oʻrta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi”da Oʻzbekiston hududida tugʻilgan 600 dan ziyod din olimiga doir qisqa maʼlumotlar berilgan. Shuningdek, falsafa, adabiyot, sanʼat sohasida nomi va asarlari aniqlangan boʻlsa-da, shaxsi boʻyicha chuqur tadqiqot oʻtkazilmagan yuzlab olim va ijodkorlar yashab oʻtgani aniqlandi.

Bugun ularning qaysi tilda asar yozganiga qarab, millatini aniqlashga urinish tarixni bilmaslikdan boshqa narsa emas. U davrlarda islom diniga eʼtiqod qiluvchi barcha xalq bir millatga — islom millatiga mansub deb hisoblangan. Umuman olganda, VIII asrdan XX asrgacha Markaziy Osiyo xalqlari shu qadar aralashib ketganki, bugun ularning millati borasida bahs yuritish foydasiz. Bir haqiqatni bilishimiz kerak: ajdodlarimiz qayerda yashamasin, umri qayerda yakun topmasin, tugʻilgan joyini, Vatanini qayd etib, nomiga qoʻshib (nisba) yozgan. Shundan biz Imom Buxoriyning Buxorodan, Moturidiyning Samarqandning Moturid qishlogʻidan ekanini anglaymiz. Shunday ekan, biz — qadim Movarounnahrning bugungi vorislari ulugʻ bobolarimiz bilan faxrlanishga, gʻururlanishga toʻla maʼnaviy haqlimiz.

Xalqimiz koʻp asrlik taraqqiyoti jarayonida uch tilli xalq boʻlib shakllangan. Ilmiy asarlar arab tilida, poeziya fors va turkiy tilda bitilgan. Bu anʼana XX asrgacha soʻngani yoʻq. Bunday ulkan maʼnaviy merosni yuzaga chiqarish boʻyicha har tomonlama chuqur tadqiqot oʻtkazish markaz zimmasiga yuklangan. Aholi, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida oʻtmish mutafakkirlarimiz, buyuk bobolarimizning hayoti va faoliyati namuna boʻlish nuqtayi nazaridan katta maʼrifiy ahamiyatga ega.

Islom sivilizatsiyasi markazi, ayrimlar taxmin qilganidek, diniy markaz emas. Islom sivilizatsiyasi nomi ostida yurtimiz islomlashtirilgan VIII asrdan boshlab xalqimizning bugungacha davom etib kelayotgan madaniy va maʼnaviy taraqqiyoti nazarda tutilgan. Qisqasi, bu markaz xalqimizning koʻp asrlik madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va sanʼatini namoyish etuvchi oʻziga xos tarbiyaviy-maʼrifiy majmua va tadqiqot markazidir.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

akademik