Sir emas, Davlat byudjeti daromadlari asosan soliqlar hisobiga to'ldirib boriladi. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko'ra, soliq va bojxona siyosatida ko'zda tutilayotgan o'zgarishlar hamda iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlaridan kelib chiqib 2024-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari prognozi 270,6 trillion so'm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20,8 foiz miqdorida belgilanmoqda. Bunda bevosita soliqlar bo'yicha tushumlar 85,6 trillion so'm yoki 2023-yilgi ijroga nisbatan 117 foiz yuqori bo'lishi kutilyapti. Xo'sh, bu aholidan olinadigan soliqlar va ularning stavkalariga qanchalik ta'sir ko'rsatadi?

Mubin MIRZAYEV,

Davlat soliq qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari:

— Tahlillarimizga ko'ra, 2024-yilda bevosita soliqlar Davlat byudjeti daromadlari prognozining 31,7 foizini, bilvosita soliqlar esa 41,3 foizni tashkil qiladi. Resurs, mol-mulk va boshqa turdagi soliqlar tushumlari ham joriy yildagiga nisbatan ko'proq bo'lishi tayin. Ammo soliqsiz tushumlar bundan mustasno, 2023-yilgi ijroga nisbatan 90,8 foiz kam bo'lishi kutilmoqda.

Umuman, 2024—2026-yillarda soliq va bojxona siyosati bir qator yo'nalishlarni o'z ichiga oladi. Bularning birinchisi, saqlab qolinadigan soliq stavkalari bo'lib, qulay tadbirkorlik muhitini ta'minlash maqsadida kelasi yili asosiy soliq stavkalarini saqlab qolish taklif etilmoqda. Jumladan, foyda solig'ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i 12 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4 foiz, shuningdek, chet davlatlar avtotransport vositalarining O'zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig'imlar o'zgarishsiz qoladi. Qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi ham 12 foizda saqlab qolinmoqda.

Ammo sog'lom turmush tarzini va tabiatni asrashni rag'batlantirish yo'nalishidagi soliqlar stavkalari oshiriladi. Bu ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlar natijadorligini ta'minlash bilan bog'liq. Masalan, 2024-yil 1-apreldan tarkibida shakar mavjud bo'lgan gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so'm miqdorida aktsiz solig'i joriy etilmoqda. CHunki bunday turdagi ichimliklar inson salomatligi uchun zararli bo'lib, ortiqcha vazn va qandli diabet kasalliklariga olib kelishi mumkinligi allaqachon isbotlangan. Shunga qaramay, afsuski, bunday ichimliklar iste'moli yildan yilga ortib boryapti. Joriy etilayotgan soliq turi esa mahsulot tannarxi oshishiga olib kelib, aholining uni kamroq xarid qilishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 2024-yil 1-iyuldan boshlab avtomobil` shinalarining bir donasi vaznidan (kg uchun) kelib chiqqan holda BHMning 0,3 foizi miqdorida utilizatsiya yig'imi, 1-apreldan boshlab esa yuk ko'tarish quvvati 10 tonnadan og'ir yuk mashinalari uchun yillik bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida yo'l yig'imini joriy etish taklif etilmoqda.

Soliq tizimidagi yana bir muhim masala ayrim shaxslargagina qo'llaniladigan soliq imtiyozlari bilan bog'liq. Afsuski, bunday imtiyozlardan foydalanayotgan aksariyat tadbirkorlar mahsulotlar tannarxini tushirish o'rniga, oshirib borayotgani kuzatilyapti. Shu bois, iqtisodiyotda barchaga bir xil shart-sharoit yaratib berish va raqobat muhitini oshirish maqsadida soliq imtiyozlarini bekor qilish bo'yicha takliflar kiritganmiz.

Qonun loyihasi bilan ularning bir qanchasini bekor qilish nazarda tutilyapti. Birinchi navbatda, dori vositalari, shuningdek veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya buyumlarini realizatsiya qilish, olib kirish hamda ularni ishlab chiqarish uchun chetdan olib kelingan xomashyo, tibbiy va veterinariya xizmatlari bo'yicha alohida imtiyozlar bekor qilinadi. Bu yo'nalishda joriy etilgan 15—20 foizlik ustamalar ham na aholi, na tadbirkorga foyda keltirmayapti, aksincha, qonunni buzish holatlariga sabab bo'lyapti. Shu bois, bunday qo'shimcha tartiblarni bekor qilib, hammaga teng sharoit yaratish eng to'g'ri yo'l bo'ladi. Bu kam ta'minlangan aholiga qanday ta'sir qiladi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Uning o'rniga boshqa alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilyapti. Har bir xarid qilingan dori vositasi uchun qo'shilgan qiymat solig'i keshbek sifatida qaytarib berilishi shular jumlasidan.

Ma'lumki, yurtimizning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishi borasida juda katta ishlar qilinmoqda. Bu boradagi zaruriy talablardan yana biri byudjet siyosatini tashkilot talablariga umumlashtirish hisoblanadi. Asosiy yo'nalishlar esa soliq va bojxona siyosatidir. Masalan, ushbu xalqaro tashkilot soliq imtiyozlari va subsidiyalashni oqlamaydi. Mavjud talablariga ko'ra, import va ichki mahalliy mahsulotlar uchun soliq hamda bojxona stavkalari bir xil bo'lishi kerak. eksportchilarga ham alohida imtiyozlar berish yoki subsidiyalash mumkin emas. Bizda esa Davlat byudjeti xarajatlaridan eksportni qo'llab-quvvatlash bo'yicha subsidiyalash mavjud. Shu bois, kelgusi yillarda soliq imtiyozlari va subsidiyalashni bosqichma-bosqich bekor qilib, ularning o'rniga Jahon savdo tashkiloti talablariga mos qo'llab-quvvatlash usullarini taklif qilyapmiz. Masalan, sug'urtalash, imtiyozli kreditlar ajratish kabilarni joriy etamiz. Shu maqsadlarda qo'shilgan qiymat solig'i, aktsiz soliqlarini bir xillashtirish bo'yicha ishlar olib borilyapti. Bu yangi Qonun loyihasida ham o'z tasdig'ini topgan.

Umuman, Davlat byudjeti juda katta tizim bo'lib, mamlakat iqtisodiyotidagi har qanday mayda jihatlarni ham o'z ichiga oladi. Yangi Qonun loyihasi, 2024—2026-yillar makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi hamda Byudjetnoma bilan tanishgan har bir yurtdoshimiz bunga o'zi amin bo'ladi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun internet tarmoqlariga joylashtirilgan va mamlakatimizning barcha fuqarolari u bilan tanishib chiqib, o'z fikr hamda mulohazalarini qoldirishlari mumkin.

 (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 03.11.23-y, 229-sonida e'lon qilingan)