Huawei kompaniyasi “Seeds for the Future” taʼlim loyihasining ochilish marosimini oʻtkazdi va unda Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalari va AKT sohasidagi yetakchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Loyiha Oʻzbekistonda olti yildan beri amalga oshirilib kelinmoqda.

Har yili uning doirasida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bir guruh talabalari Huawei kompaniyasining bosh qarorgohida amaliyot oʻtashadi. Dasturda butun dunyodagi 500 dan ortiq universitetlardan jami 30 000 nafar talaba ishtirok etdi va uning doirasida umumiy hisobda 5770 nafar eng yaxshi talaba Xitoyga borishga muvaffaq boʻldi.

Butun dunyoda pandemiya tufayli yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda, bu yil “Seeds for the Future” loyihasi onlayn tarzda oʻtkazilmoqda.

Loyihada Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti va Toshkent shahridagi Inxa universiteti talabalari bilan birga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabidan ham toʻrt nafar oʻquvchi ishtirok etmoqda.

Maktab oʻquvchilari Muhammadjon Abdurazzoqov, Muhammadislom Yoʻlchiboyev, Nigina Oʻtkirova va Javohir Nurmatjanovlar loyiha doirasida 5 kun davomida 5G texnologiyalari, bulutli hisoblash, sunʼiy intellekt, HMS boʻyicha chuqurlashtirilgan kurslarda qatnashadi.

Shu bilan birga ular Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohi va bazalari boʻylab virtual sayohatni amalga oshiradi va Xitoy madaniyati va anʼanalari bilan tanishadi.