Muhim ijtimoiy loyihalar taqdimot qilindi

    Hukumat 11 Avgust 2021 6263

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda Toshkent shahrida xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

    Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta’mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.

    Shu bois Prezidentimiz 2-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “To‘palang” suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, dastlabki loyiha ishlab chiqildi.

    Loyihaga ko‘ra, “To‘palang” suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rog‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1 million 700 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

    Loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

    Davlatimiz rahbari loyihani ma’qullab, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Qurilish ishlarini “Obod qishloq” dasturi bilan uyg‘unlashtirish, suv ta’minoti bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilikni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

    Servis iqtisodiyotda ham, ijtimoiy hayotda ham katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu sohani iqtisodiyotda muhim drayverga aylantirish va 2023-yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish maqsadi belgilangan. Shunga muvofiq, 2021-2023-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlash vazifasi qo‘yilgan.

    Bu borada Toshkent shahrining imkoniyatlari juda katta. Xususan, joriy yilning iyun-dekabr oylarida xizmatlar sohasida 415 mingta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Bu reja yangi tadbirkorlik sub’ektlari va tunu kun ishlaydigan savdo-ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etish, o‘zini o‘zi band qilish, birinchi qavat va yerto‘lalarni ijaraga berish orqali amalga oshiriladi. Jumladan, iyun-iyul oylarida 24 ming kishi o‘zini o‘zi band qilgan, yangi tadbirkorlik sub’ektlarida 17 ming fuqaro ishli bo‘lgan.

    Prezidentimiz bu tajribani mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq berdi. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritib, xizmat ko‘rsatuvchilarga moliyaviy yengilliklar berish orqali ular faoliyatini rasmiylashtirish muhimligi ta’kidlandi.