Anjumanda professor oʻqituvchilar, soha mutaxassislari, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Konferensiyada Toshkent tibbiyot akademiyasi olimlari aterosklerozga olib keluvchi genetik omillar va xolesterin metabolizmining buzilishlarini ashyoviy dalilashgan. Yaʼni quyon va kalamushlarda oʻtkazilgan eksperimentlar, “Multifokal ateroskleroz va qon aylanish kasalliklari kliniko-biokimyoviy, morfologik va patogenetik muammolari, ularning asoratlarini tashxislash va davolash” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida qilinayotgan ilmiy-tadqiqot natijalari tahlil qilindi.
Konferensiyaning amaliy qismida tashkilotchilar tomonidan, mahalliy jurnalistlarga bemorlarni davolashdagi yangiliklar borasida maʼlumotlar berildi, yaʼni qon aylanishi kasalliklarini aniq tashxislovchi, xususan, bosh miya insultini tashxislashda va kasallikni prognozlashda muhim boʻlgan «Serebrokardiomiopoligrafik uskuna taqdimoti boʻlib oʻtdi.
– Ushbu zamonaviy diagnostik moslama bir vaqtning oʻzida miyaning turli shikastlangan va sogʻlom toʻqimasi funksional holatiga baho beradi, yurak va falajlangan mushaklar oʻzgarishlarini solishtiradi, davolash samaradorligini nazorat va tahlil qilishga imkon beradi, — deydi TTA nevrologiya va tibbiy psixologiya kafedrasi professori Maqsud Asadullayev. — Bu kabi davolash va diagnostika uskunalarini amaliyotga kirgizish bemor tezroq oyoqqa turishiga zamin yaratadi. Angiografik oʻzgarishlar, insult va insult oldi kasalliklarini chuqur oʻrganish, zamonaviy biokimyoviy va koagulologik uskunalar orqali olingan natijalar solishtiriladi, koʻproq natija beradigan davolash usullari amaliyotga kirgizilayotgani sogʻliqni saqlash sohasidagi yutuqlardan biri sanaladi. Biz ushbu uskuna bilan insultga uchragan odamlarda oʻlim koʻrsatkichini kamaytirishga erishamiz.
Zero, bugungi kunda yuqorida aytib oʻtilgan kasalliklarni oldini olish, ularni erta aniqlash va samarali davolash uchun chuqurroq ilmiy izlanishlar va yangi texnologiyalarni rivojlantirish talab etiladi. Shu bois, ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlar oʻlim xavfi yuqori boʻlgan kasalliklarni oldini olish, aniqlash va samarali davolashning yangi usullarini ishlab chiqish uchun ham muhimdir.
Zulxumor AKBAROVA
Hamkorlik materiali









