Unda Energetika vazirligi rahbariyati, soha mutaxassislari, vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yashil energetikani rivojlantirish, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha tizimli ishlar olib borilyapti.

Ushbu yoʻnalishda oʻtgan 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolandi. Taʼkidlash kerakki, ushbu qisqa muddatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan 9 ta qaror imzolandi.

Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida, 2021-yil avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida sanoat miqyosidagi birinchi yirik 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

Shu bilan birga, joriy yil aprel oyiga qadar Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishini rejalashtirilgan.

Joriy 2022-yilda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yirik ishlar amalga oshiriladi.

Xususan, Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Fargʻona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1 900 MVt boʻlgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida umumiy quvvati 1 700 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 2023-yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 097 MVt boʻlgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro (Gʻijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 600 MVt boʻlgan 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarishni boshlaydi.

2026-yilga borib Oʻzbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4 000 MVtni va Shamol elektr stansiyalari hajmi 4 000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi.

Buning natijasida yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin.

Press-klubda Oʻzbekistonda gidroenergetika sohasida ham amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, 2017-2021-yillarda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 8 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada 244 MVt qoʻshimcha quvvat yaratildi.

Qayd etish kerakki, 2022–2026-yillar davomida Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida 15 ta yangi gidroelektr stansiya (GES) quriladi. Shuningdek, mavjud 5 ta GES modernizatsiya qilinadi.

Buning natijasida, yiliga qoʻshimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Ushbu amalga oshirilgan ishlar hisobiga, 2026-yilga borib Oʻzbekistonda gidroelektr stansiyalarining umumiy quvvati 2 920 MVtga yetadi.

Tadbirda aholi xonadoniga quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatish boʻyicha ham amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, ushbu qurilmalarni xonadonlarga oʻrnatish hisobiga bir qancha imkoniyatlarga ega boʻlinishi taʼkidlandi.

Jumladan, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatganda fuqarolar uchun hech qanday qoʻshimcha soliq yoki toʻlovlar joriy etilmaydi. Ushbu energosamarador qurilmalarni oʻrnatish hisobiga xonadonni tekin va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoni yaratiladi.

Ikkinchidan, fuqarolar oʻz xonadonlariga oʻrnatgan quyosh panellar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishlari ham mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 217-son qaroriga asosan bugungi kunda Oʻzbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalar, quyosh suv isitgichlarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatgan jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik subyektlari esa 10 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod boʻladilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.