Oliy ta'limda talaba o'rganib olishi kerak bo'lgan eng muhim malaka va ko'nikmalar haqida o'ylar ekanman, XX asr pedagogi Suxomlinskiy sanab o'tgan, o'quvchi egallashi kerak bo'lgan malaka va ko'nikmalar yodimga tushdi. Ular tevarak-atrof, hodisalarni kuzatish, o'ylash malakasi — taqqoslash, qiyoslash, qarshi qo'ya bilish, o'qilganlardagi mantiqan tugal qismlarni ajratish, matnni o'qish bilan bir vaqtda o'qituvchining matn, mantiqan tarkibiy qismlar ustida ishlash haqidagi maslahatlarini tinglash kabilar.

Bunday malakalarni orttirmay turib, ta'lim olib bo'lmaydi. Lekin kim va qaerda talabaning yuqoridagi ko'nikmalarga ega bo'lishiga qaratilgan maxsus ish olib boryapti? Shu maqsadga yo'naltirilgan alohida mashqlar bormi o'zi? Fikrlash mashqlari to'plami yildan-yilga to'planib boradigan maxsus daftar professor-o'qituvchilarimizning har birida mavjudmi? To'g'risini aytganda, bularning hech qaysisi yo'q. Talabalarning hammasi ham masala echishni bilmasliklari hech kim ularga o'ylashni o'rgatmaganidan emasmikin? Axir yuqoridagi malakalarga erishgan talabalargina ilmda, fanda yuqori natijalar ko'rsata oladi.

Toshkent davlat transport universitetida respublikamizdagi boshqa oliy ta'lim muassasalaridagi kabi sillabusni talabalarning mustaqil ishlarini tashkil etishdagi uslublardan biri sifatida ishlatish joriy qilinmoqda. Kredit-modul` tizimiga o'tar ekanmiz, Bu ayniqsa dolzarb bo'lib qolmoqda.

 Talabalarning mustaqil ta'limini to'g'ri yo'lga qo'yish — bu olinadigan bilimlarni tizimlashtirish va singdirish, malaka va ko'nikmalarni egallashni shakllantirish garovi. Shuningdek, talabaning mustaqil ishi uning mustaqil ravishda fanni egallashi emas, o'qituvchi tomonidan tashkil etilgan alohida shartlardir. Sillabus bu o'rinda alohida ahamiyat kasb etadi. Undagi ma'lumotlar orqali talaba nafaqat galdagi mashg'ulotga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo'ladi, balki u orqali istalgan vaqtda mustaqil ish topshiriqlarini olishi va mavjud yo'llanma bo'yicha maslahatlar bilan tanishishi, ishlarini internetdan foydalangan holda o'qituvchisiga jo'natishi, mustaqil ta'limini yo'naltiruvchi boshqa ko'rsatmalarni olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu bilan biz talabaning zamonaviy texnologiya (internet)dan foydalanishini ham izga solib, uning imkoniyatlaridan keng foydalanish choralarini ko'rgan bo'lamiz. Asosiysi, bunda talaba va professor-o'qituvchining bilvosita muloqoti ham yo'lga qo'yiladi hamda ikkisining ham vaqti tejaladi.

Mustaqil ishlash, ilmiy izlanish davomida talaba nazariy fikrlash usullarini o'rganadi. Ilmiy tadqiqot mavzuini shakllantirish, rejani ishlab chiqish, adabiyotlarni tanlash va tahlil qilish, asbob-uskunalarni tayyorlashdan boshlanib, keyingi etapda materiallar yig'iladi va tahlil qilinadi. Tadqiqotda eng asosiysi yangi material olinganidan so'ng boshlanadi: uni tushunib etish, ma'lum bo'lgan ma'lumotlar bilan solishtirish, tahlil va sintez, natijalarni izohlash, ularni keng jamoatchilikka taqdim etish (maqola, konferentsiya yoki seminarlarga ma'ruza yozish, asbob yasash va h.k.).

Mustaqil ishlarning barcha turlari o'zaro bog'liqliqligini ko'rish mumkin. Bunda albatta asosiy o'rinni o'quv mustaqil ishi egallaydi. Talabaning mustaqil ishlashini bu ishni rejalashtirishni o'rganishdan boshlash kerak. 2- qadam bu talabalarda ularga berilgan faoliyat algoritmi va vazifa shartlari asosida tashqi talablarni aniqlash qobiliyatini shakllantirishdir.

Uchinchi qadamda ularning oddiy vazifalarni hal qilishga imkon beradigan bilimlarini shakllantirish lozim. Shu bilan birga, talabalarning kognetiv sof takrorlash va qisman rekonstruktsiya qilish, ilgari o'rganilgan ta'lim ma'lumotlarining tuzilishi va mazmunini o'zgartirishdan iborat bo'lib, bu ob'ektning ushbu tavsifini, vazifani bajarishning turli usullarini tahlil qilish, ulardan eng to'g'risini tanlash zarurligini anglashdir.

To'rtinchi qadam — atipik (noan'anaviy) muammolarni hal qilish asosida o'quvchilar bilimlarini shakllantirish. Bunday muammolarni hal qilishda talabaning kognetiv faoliyati bu ilgari o'zlashtirilgan, rasmiy tajriba (ma'lum algoritm bo'yicha harakatlar) asosida bilimlarini o'zlashtirish asosida ular uchun yangi bo'lgan tajribani to'plash va namoyish qilishdir.

Beshinchi qadam esa ijodiy faoliyat uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bog'liq. Ushbu ishlarni bajarishda talabalarning kognetiv faoliyati o'rganilayotgan ob'ektning mohiyatini chuqur kirib borishdan, yangi, ilgari noma'lum bo'lgan tamoyillarni, g'oyalarni topish uchun zarur bo'lgan aloqalar va munosabatlarni o'rnatishdan iboratdir.

Umuman olganda, o'quv jarayonini mustaqil ishlashga yo'naltirish va uning samaradorligini oshirish, avvalo talabalarning mustaqil ishlashiga sarflanadigan soatini ko'paytirishni nazarda tutadi. Shuningdek, doimiy ravishda bosqichma-bosqich talabalarning mustaqil ishlari uchun topshiriqlar to'plamini berish, universitetlarda mustaqil ravishda fanni puxta egallashga imkon beradigan o'quv uslubiy va moddiy-texnika bazasini yaratish (darsliklar, o'quv qo'llanmalar, komp`yuter xonalari), mustaqil laboratoriya amaliyoti uchun sharoit bo'lishi, an'anaviy nazorat tartibi va mashg'ulotlarni qisqartirish evaziga talabalarning mustaqil ishlashi uchun imkon beradigan doimiy nazoratni tashkil etish kabi jihatlarga e'tibor qaratish darkor.

Ko'rinib turibdiki, bu borada nafaqat talabalarimiz, balki oliy ta'lim muassasasi va professor-o'qituvchilarining ham amalga oshirishi kerak bo'lgan ishlari hali juda ko'p. Yangi O'zbekiston qadam qo'yayotgan Uchinchi Renessans mamlakatimiz ilm-fanining rivojiga bog'liq ekan, yoshlarning salohiyati, aqliy tafakkuri bilan bog'liq har bitta masala g'oyat muhimdir. Ayniqsa, biz ertaga zamon talabiga javob beruvchi kadrlar etishtirishni istasak, mustaqil ta'limning barcha turlari talabaning mutaxassis sifatidagi shaxsiy, kompetentsiyaviy sifatlarini rivojlantirishini chuqur his qilib, avvalo talabalarni mustaqil ishlashga tayyorlashimiz kerak bo'ladi.

Abdusalom UMAROV,

Toshkent davlat transport universitetining fizika-matematika fanlari doktori