Ushbu maqolalar va intervyularni shartli ravishda ikki toifaga ajratish mumkin. Bir tomondan, bu mustaqillik yillarida erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi rasmiy hisobotlar boʻlsa, boshqa tomondan, mavjud yutuqlarga nisbatan tanqidiy qarashlardan iboratdir.
Birinchi toifadagi maqolalar muayyan sabablarga koʻra (bizda koʻplab raqamlar bilan toʻldirilgan zerikarli matnlarni oʻqishni yoqtirishmaydi), kamdan-kam hollarda top maqolalar safiga kirsa, ikkinchi toifadagilar esa juda faol oʻqiladi.
Jarangdor sarlavha va bayonotlar, aniq fakt va dalillarsiz (asosan taxmin va uydirmalar) yengil matnlar oʻquvchilar eʼtiborini tortadi, munozaralar qoʻzgʻatadi va baʼzida u yoki bu voqealar, qabul qilingan qarorlarni qanday anglashimizga taʼsir qiladi. Bunday noxolis axborotlar jamiyatda zamonaviy Oʻzbekistonga nisbatan biryoqlama qarashlar keng tarqalishiga sabab boʻlayotgani ham sir emas.
Bu kabi maqolalar nimalarni anglatadi? Oʻzbekistonning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini “dohiyona baholash”ga asoslangan bu turdagi afsonalarning mohiyati nimada?
Bunday noxolis axborotlar, eng avvalo, aholida tashqi siyosatga nisbatan shubha uygʻotmoqda. Yaʼni tashqi siyosatning faollashuvi va uning ochiqligi mamlakatning xalqaro maydonda zaifligini koʻrsatadi va mustaqillikka tahdid tugʻdiradi, degan fikr va qarashlar paydo boʻlayotgani sezilib qolmoqda. Baʼzilar biz Rossiya taʼsirida, boshqalar Xitoy, yana birlari esa Amerika taʼsirida qoldik, deb hisoblashadi. Fikrlar rasmiy Toshkentning muayyan davlatlar bilan olib borayotgan muzokaralar jarayoni haqidagi yangiliklarning mohiyatiga qarab oʻzgarib turibdi.
Xalqaro moliya tuzilmalari yoki iqtisodiy tashkilotlar, xususan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan harakatlarga ham katta shubha bilan qaraydiganlar kam emas.
Muayyan ekspert doiralarida bu yoʻnalishdagi siyosat iqtisodiy mustaqillikning zaiflashuvi va “erkin harakatlanish” yoʻqotilishiga olib kelishi mumkinligi, bu, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan global iqtisodiy inqiroz, jahon bozorlaridagi yuqori oʻzgaruvchanlik sharoitida xavflidir, degan fikrlar keng tarqalmoqda. Ammo bunday bayonotlarning barchasi hech qanday dalilga ega emas yoki faktlar bilan tasdiqlanmaydi.
Shu bois, bunday vaziyatda “Bugungi Oʻzbekiston qayerga qarab bormoqda?” degan savolga aniq va dalillar asosida javob berish orqali jamiyatda xolis fikrni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Shubhasiz, oxirgi toʻrt yilda iqtisodiy va siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar avvalgisidan farq qiladi. Maqsad va vazifalar oʻzgarishsiz qolgan boʻlib, ularga erishish mexanizmlari va yoʻllari aniq belgilangan. Mamlakatning mustaqilligi va ravnaqi, xalq farovonligining oʻsishi oʻzgarmas maqsad boʻlib qolmoqda.
Shu bilan birga, ochiq tan olish kerakki, avvalgi uzoq muddatli strategiya koʻproq muayyan “status-kvo”ni, iqtisodiy rivojlanishning erishilgan darajasini saqlab qolishga qaratilgan edi. Ushbu strategiya yakkalanish va avtarkiya tufayli tashqi xatarlarni maksimal darajada kamaytirish, yaʼni ichki bozorni oʻrnatilgan monopoliyalarga bogʻlab qoʻygan holda milliy iqtisodiyotni izolyatsiyalashni nazarda tutgan edi.
Natijada koʻp yillar davomida faqat muayyan bir kafolatlangan “qulaylik zonasi”ni saqlash asosiy vazifaga aylandi. Muammolarni hal qilish oʻrniga biz oʻzimizni aldab, ularni yoʻq deb hisoblab, ulardan oʻzimizni toʻsib qoʻyishni afzal koʻrdik. Tashqaridan kelgan innovatsiya va yangiliklar oʻz potensialini amalga oshirish uchun imkoniyat emas, balki xavf va tahdid sifatida qabul qilindi. Tashqaridagi har narsaga oʻzimizga bosim sifatida qarab, ularga toʻsiq qoʻyib, koʻp sohalarda turgʻunlikka duch keldik.
Oʻz navbatida, jadal rivojlanayotgan dunyo prinsipial jihatdan yangi iqtisodiy siyosatni, barcha yoʻnalishda — iqtisodiyot, taʼlim, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, gumanitar kabi sohalarda katta oʻzgarishlar uchun yangi imkoniyatlarni topishga qaratilgan faol tashqi iqtisodiy strategiyani talab qildi. Zamonning oʻzi davlat boshqaruvini tashkil etishda, shu jumladan, tashqi siyosat sohasida yangicha qarash va fikrlashni talab qildi.
Tabiiyki, bunday sharoitda muqarrar oʻzgarish zarurligini anglash ehtiyoji paydo boʻldi. Bu odatiy zarurat yoki bir joyda qolib ketish emas, balki munosib rivojlanishni taʼminlashning yagona yoʻli ekanini anglashdir.
Barcha sohalarda, davlat boshqaruvi, jamiyat, ommaviy axborot vositalari, iqtisodiyotda uygʻonish boshlandi.
Prezident navbatdagi Uygʻonish davri (renessans) uchun sharoit yaratish haqida gapirganda, bu shunchaki balandparvoz soʻzlar emas, balki Oʻzbekiston rivojlanishini yangi relslarga qoʻyadigan haqiqiy ishlardir.
Oʻz-oʻzidan ravshanki, koʻpchilik qayta moslashishi va odatdagi “qulaylik zonasi”dan chiqib ketishi kerakligi aniq, lekin hamma ham yangi sharoitlarga muvaffaqiyatli moslasha olmaydi. Kimdir sodir boʻlayotgan voqealar jadalligi ortidan shunchaki ulgurmaydi. Shunday sharoitda shubhalar muqarrar, va natijada barcha yangiliklarni tanqid qilish yuzaga keladi. Koʻpchilik odatiy turmush tarzini oʻzgartirishni istamasligi natijasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni inkor etib, qabul qilmaslikni afzal koʻradi.
Bunday kayfiyatlar barcha davlatlar qatori bizni ham cheklab oʻtmagan inqiroz paytida yana-da kuchaymoqda. Daromadi yoki daromad manbaini yoʻqotgan fuqarolarning muammolari, baʼzi mansabdor shaxslarning beparvoligi ayrim skeptik kishilar va qoʻshtirnoq ichidagi ekspertlar uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha, jumladan, tashqi siyosatdagi islohotlarni shubha ostiga qoʻyish uchun qulay sabab boʻlmoqda.
Biroq amaldagi strategiya tashqi va ichki siyosatda rivojlanishning yangi drayverlarini faol ravishda ishlab chiqish va ulardan foydalanishga qaratilgan mutlaqo pragmatik yoʻldir.
Yangi yoʻnalishning afzalligi nimada, u mustaqilligimizni qay tarzda mustahkamlaydi?
Avvalo, tashqi siyosat nuqtayi nazaridan olganda, hozirgi kunda Oʻzbekiston xalqaro jarayonlarda yana-da faol ishtirok etib, mintaqaviy va global kun tartibini belgilashda dadillik bilan qatnashmoqda. Ayni paytda biz oʻzimizning yakkalangan dunyomizda yashayotganimiz yoʻq, atrofimizda sodir boʻlayotgan jarayonlarni hisobga olishga majburmiz.
Pandemiya tufayli yuzaga kelgan muammolarni samarali hal etish uchun raqobat kuchayayotgan bir sharoitda resurslar va savdo bozorlariga kirish har qachongidan ham muhim. Bunday vaziyatda Toshkent oʻzining milliy manfaatlaridan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va siyosiy muammolarni hal qilishda xalqaro maydonda oʻz pozitsiyasini faol ravishda ilgari surmoqda. Zamonaviy Oʻzbekistonning mustaqilligi va salohiyati avtarkiya va oʻz-oʻzini yakkalash orqali emas, balki faol xalqaro hamkorlik orqali taʼminlanmoqda.
Masalan, biz koʻp tomonlama tashkilotlarga aʼzolik imkoniyatlaridan yana-da kengroq foydalanishni boshladik.
Ilgari Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish boʻyicha BMT doirasidagi tashabbusi yillar davomida taniqli va muhim tashabbus boʻlib kelgan.
Soʻnggi 3 yilning oʻzida rasmiy Toshkentning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 3 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu hujjatlar Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, maʼrifiy va diniy bagʻrikenglik, turizmni rivojlantirish kabi sohalarga daxldordir. Barcha rezolyutsiyalarda nafaqat joriy masalalar, balki Oʻzbekiston va mintaqa uchun haqiqatda muhim ahamiyatga ega jihatlar yoritilgan.
Orol muammosini hal qilishga yoʻnaltirilgan va rasmiy Toshkent uchun muhim amaliy ahamiyatga ega boʻlgan yana bir tashabbus hozirgi kunda samarali amalga oshirilmoqda. Bunda soʻz Orolboʻyi hududi aholisi xavfsizligini taʼminlash uchun BMT shafeligida koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tuzish haqida bormoqda.
Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun donorlarning 26,1 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari jalb qilindi. 2020-yilda qariyb 200 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit va grant mablagʻlari jalb etilishi kutilmoqda. Birinchi arizani qabul qilish doirasida fond tomonidan 2 ta loyiha moliyalashtirildi.
Uzoq yillardan beri ilk marta Oʻzbekiston nomzodligi BMTning maxsus organlariga ilgari surilmoqda. Oktyabr oyida Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari kengashiga oʻz nomzodini taqdim etishi zarur. Mutaxassislarning fikri va prognozlaridan kelib chiqadigan boʻlsak, Oʻzbekistonda kengashning yangi aʼzosi boʻlish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Eng muhimi, mana shunday yondashuv natijasida Oʻzbekistonning obroʻsi ortib bormoqda. Yana bir omil — mamlakatni modernizatsiya qilish jarayoniga jalb etgan holda BMT loyihalari, dasturlari va uning tuzilmalari resurslaridan foydalanish imkoniyatining mavjudligidir.
Yuqorida aytib oʻtilganlarning barchasi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi faoliyatidan ayrim misollardir.
Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari va dinamikasini shakllantirayotgan muhim ishtirokchilardan biriga aylanganini ham alohida qayd etish joiz. Jahon hamjamiyatiga yuzlangan holda Oʻzbekiston boshqa davlatlarni Markaziy Osiyo mintaqasiga oʻzgacha nazar bilan qarashga va uning mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlaridan eng yuqori darajada foydalanishga undamoqda.
Buning yorqin misoli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyo rahbarlarining Maslahat uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusidir. Bu noyob format.
Yaxshi eslaymizki, oldinlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari faqatgina ikki tomonlama tashriflar yoki MDH va SHHT doirasidagi oliy darajadagi tadbirlarda, shuningdek, boshqa xalqaro doiralarda uchrashgan.
Ayni paytda bevosita uchrashuvlar uchun imkoniyat mavjud. Maslahat uchrashuvlari — bu Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil ravishda, boshqalarning aralashuvisiz va vositachiligisiz muhim mintaqaviy masalalarni muhokama qilishi va yechimlar ishlab chiqishi mumkin boʻlgan platformadir.
Yana bir misol — 20 yildan beri hal qilinmagan chegara masalalari keskinlik manbai, taʼsir oʻtkazish vositasi va har qanday vaqtda “savdolashish” predmetiga aylanishi mumkin edi. Bugungi kunda bunday ssenariylarni amalga oshirish imkoniyatlari keskin kamaydi. Oʻzbekiston Qirgʻiziston va Tojikiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi muhim hujjatlarni imzoladi.
Soʻnggi yillarda viza tartiblari soddalashtirildi, qoʻshni davlatlar bilan chegaralarda oʻnlab nazorat punktlari ochildi. Natijada har kuni oʻzbek-qirgʻiz chegarasini kesib oʻtgan fuqarolar soni 30 ming kishiga, oʻzbek-tojik chegarasida esa 20 ming kishiga yetdi.
Chegara masalasidan tashqari, qoʻshnilar bilan yana bir murakkab masala kun tartibidan chiqarildi. Yaʼni suv-energetika muammosi boʻyicha oʻzaro anglashuvga erishildi. Yaqin kelajakdagi rejalar Markaziy Osiyo energetik halqasini toʻliq formatda ishga tushirishdan iboratdir. Hozir Oʻzbekiston Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan mavsumiy ravishda, Tojikiston bilan umumiy energetik halqa doirasida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, aholi va sanoat sohalarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini, ayniqsa, qish mavsumida talab eng yuqori boʻlgan paytda toʻliq qondirish imkonini beradi.
Mintaqaning savdo-iqtisodiy sohadagi mavjud imkoniyatlari ochilmoqda. 2016-yildan 2019-yilgacha boʻlgan muddatda mintaqa hududlari oʻrtasidagi savdo hajmi qariyb 2 barobar oshib, 7 milliard AQSH dollaridan ortdi. Shunday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarida nafaqat mintaqadan tashqari savdo sheriklariga intilish, balki yaqin bozorlarni egallash imkoniyati paydo boʻlmoqda.
Afgʻonistonga nisbatan yangi siyosat natijasida ham mintaqa uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Biz avvalgidek oʻzimizni Afgʻonistondan toʻsib qoʻymayapmiz, balki ushbu davlatni oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb qilmoqdamiz. Afgʻonistonda barqarorlikni taʼminlash, uning tranzit va infratuzilma salohiyatini ishga solish mintaqalararo savdoni rivojlantirishga, Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirishga kuchli turtki berishi mumkin.
Pragmatizmga asoslangan siyosat
Bugungi kunda koʻpchilik Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida ishtirok etishi yuzasidan yondashuv oʻzgarganidan tashvishda. Ammo biz bu vaziyatni uchinchi tomon bosimi nazariyasisiz, xolisona baholasak, aslida nima oʻzgargan? Eng avvalo, nafaqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga, balki koʻp tomonlama tuzilmalarga nisbatan munosabat qayta koʻrib chiqilganini aytish lozim. Hozir Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralar faol bosqichda. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi. Boshqacha qilib aytganda, Toshkentning global va mintaqaviy maydonlardagi faol ishtiroki ularning amaliy ahamiyati va foydaliligiga bogʻliq.
Xalqaro tuzilmalarni koʻpincha manfaatlarimizga ziyon qilgan holda koʻr-koʻrona inkor etish pozitsiyasi oʻz oʻrnini davlat manfaatlari uchun ustuvor boʻlgan va amaliy natijalarga qaratilgan pragmatik yoʻnalishga boʻshatdi. Ushbu mantiqdan kelib chiqib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga nisbatan yondashuv qayta koʻrib chiqildi va hamkorlikning eng maqbul shakli — kuzatuvchi maqomida ishtirok etish tanlandi.
Ushbu uyushmalarga yondashuvlarning bunday oʻzgarishi yana nimalardan dalolat beradi? Eng avvalo, bu davlatning oʻz-oʻzini taʼminlash imkoniyatiga ega ekani, xalqaro tashkilotlarda milliy manfaatlarni himoya qilish qobiliyatiga va oʻz pozitsiyalarini muvaffaqiyatli ilgari surishga ishonchidir.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston harbiy yoʻnalishdagi turli tashkilotlarda ishtirok etishi haqidagi taxminlar mutlaqo asossizdir. Xuddi shu fikr mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish gʻoyasiga ham tegishli.
Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi respublikaning har qanday harbiy-siyosiy tashkilot yoki bloklarda ishtirok etishini, shuningdek, oʻzining hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirishni taqiqlaydi.
Iqtisodiy mustaqillik amalda boʻlishi kerak
Soʻnggi vaqtlarda respublikamizning iqtisodiy jihatdan zaifligi haqida bahs-munozaralar koʻp boʻlmoqda. Darhaqiqat, iqtisodiy jihatdan toʻliq oʻz-oʻzini taʼminlamasdan turib haqiqiy mustaqillik haqida jiddiy fikr yuritish mumkin emas. Xoʻsh, bu borada Oʻzbekistonda asl holat qanday?
Hozirgi iqtisodiy inqiroz va koronavirus pandemiyasini Oʻzbekiston mintaqaning boshqa davlatlariga nisbatan yengilroq oʻtkazmoqda. Jahon banki prognozlariga koʻra, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlari orasida Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti nafaqat qisqarmaydi, aksincha 1,5 foiz oshadi.
Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan taqqoslaganda bizning umumiy eksport tarkibimiz ham mahsulotlar va bozorlar jihatidan koʻproq diversifikatsiyalashgan. 2016-yildan boshlab eksport tovarlari tarkibi muttasil oʻsib bormoqda. Agar oldingi davr bilan taqqoslasak, masalan, 2010-yildan boshlab tashqi bozorlarga yetkazib beriladigan mahsulotlar soni qariyb 1,5 baravar oshgan.
Yangi savdo bozorlari faol rivojlanmoqda. Natijada oʻtgan yilning oxirida eksport hajmi pul koʻrinishida 2016-yilga nisbatan 56 foiz oshdi.
Shunday qilib, biz bir yoki ikkita eksport yoʻnalishiga qatʼiy qaram emasmiz. Shuningdek, biz bir turdagi eksport mahsulotiga boʻlgan kuchli qaramlikni ham sezmaymiz.
Mamlakatda mustahkam xavfsizlikning “moliyaviy poydevori” shakllangan. Joriy yilning 1-avgust holatiga koʻra, Oʻzbekistonning zaxira aktivlari 34,7 milliard dollarni tashkil etdi. Iqtisodchilar fikricha, joriy zaxiralar 20 oydan ortiq muddatga importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi. Bu rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan koʻrsatkich — 3 oydan ancha koʻpdir.
Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston yetakchi uchta xalqaro reyting agentligi — “Fitch”, “Standard&Poorʻs” va “Moodyʻs” tomonidan suveren reytinglarni oldi. Bu reytinglar davlat oʻz moliyaviy majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishga tayyorligini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, butun iqtisodiy tizim erkinlashmoqda, iqtisodiyotning real sektorida investitsiyalar va loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Umuman, yangicha ishbilarmonlik muhiti shakllanmoqda, investorlarda kafolat paydo boʻlmoqda, bu esa ularda mamlakatimizga investitsiyalar kiritish istiqbollariga boʻlgan ishonchni yana-da orttiradi.
Tabiiyki, bunday sharoitda Oʻzbekiston koʻplab mamlakatlar, banklar va boshqa moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qilish uchun ustuvor davlatga aylanmoqda. Katta salohiyatning mavjudligi va uning oʻzaro hamkorlikka taʼsirini inobatga olib, ular sarmoya kiritishga tayyor. 2016-yildan buyon asosiy kapitalga jalb qilingan investitsiyalar va kreditlar hajmi qariyb 3 baravar oshdi. Ularning geografiyasi 51 ta sarmoyador mamlakat sonidan 82 taga yetdi, shu jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar hisobiga kengaydi.
Umuman olganda, yuqoridagi misollar idealistik tasavvurni yaratish yoki haqiqatdan qochishga urinish emasligini taʼkidlash kerak. Xolisona aytganda, amalga oshirilayotgan strategiyada muayyan xavf va xarajatlar ham mavjud. Masalan, eksport hajmining oʻsishi bilan bir qatorda import hamda tashqi qarzning oʻsishi ham kuzatilmoqda.
Biroq bu xavflarning barchasi maqbul, obyektiv va nazorat qilinadigan darajada. Importning oʻsishi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan texnika va texnologiyalar yetkazib berilayotgani tufayli roʻy bermoqda. Tashqi qarz YAIMning taxminan 29 foizini tashkil etadi, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun iqtisodchilar oʻlchovi boʻyicha mos koʻrsatkichdir. Biz qoʻshimcha mablagʻlarni infratuzilmani yangilash dasturlari va sanoatni modernizatsiya qilish uchun olyapmiz. Boshqacha aytganda, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini yuksaltirish va uning eksport salohiyatini oshirishga sarmoya kirityapmiz. Demak, olingan kreditlar joriy xarajatlarni toʻlash uchun emas, balki kelajakka sarmoya qilinmoqda.
Shu bilan birga, barchamiz jamiyatda yutuqlarga erishish va taraqqiyotni yuksaltirish oʻz-oʻzidan boʻlmasligini, bu yoʻlda oʻziga xos murakkabliklar ham yuzaga kelishini toʻgʻri anglashimiz lozim. Chunki, hayotda tez va hech qanday yoʻqotishlarsiz hal qilib boʻlmaydigan muammolar ham mavjud. Barcha oʻzgarishlar uchun, birinchi navbatda, vaqt va izchillik kerak. Shu sababli amalga oshirilayotgan strategiyaning pirovard muvaffaqiyati va uning toʻliq amalga oshirilishi uchun biz jamiyat hayotidagi yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlashimiz va bu yoʻlda birlashishimiz, hamisha oldinga qarab barqaror va ogʻishlarsiz harakat qilishimiz lozim.
Eldor ARIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori