Parij – Lion poyezdida toʻrt soatlar yurgach, Dol degan shaharchada toʻxtadik. Dol Fransiyadagi tarixiy qalʼalardan biri ekan. Vokzal perronida bizni asli habashistonlik boʻlgan qora tanli haydovchi kutib oldi. Dastur boʻyicha togʻdagi gidroelekrostansiyani borib koʻrishimiz kerak edi. Sakkiz kishilik avtomobil togʻ yoʻlidan yuqoriga intiladi. Atrof, yoʻlning ikki cheti koʻm-koʻk oʻrmon. Uzoqda tepaliklar yastanib yotibdi. Televizorda “Tur de Frans” velopoygasini koʻrganimda Fransiya tabiatining rang-barangligiga, togʻlardagi yoʻllar sifatiga, atrofdagi manzaraga qoyil qolgan edim. Biz bugun shu yoʻllardan ketib borardik. Biroz yurganimizdan soʻng rus tarjimonimiz bizni haydovchiga tanishtirdi:

— Mehmonlar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan jurnalistlar. Mana bu ikkitasi qirgʻizistonlik, bu ikkitasi tojikistonlik, mana bu ikkitasi oʻzbekistonlik.

“Oʻzbekiston” soʻzini eshitganda haydovchi mashina tezligini biroz pasaytirib, bir soniya ortiga – biz tomon oʻgirildi va “Samarqand” dedi. Kutilmaganda aytilgan bu soʻzdan hayajonlanib ketdik. Bizning tarixiy shaharlarimizni, xususan, Samarqandni dunyoning juda koʻp oʻlkalarida bilishadi. Lekin Fransiyaning chekka bir qishlogʻida ham bu soʻzni eshitish juda yoqimli va faxrli edi.

— Ha, Samarqand, Samarqand, — deya uning soʻzini takrorladik sherigim, iqtidorli jurnalist Sobirjon Yoqubov ikkimiz. Haydovchi fransuz tilida yana nimalardir dedi. Tarjimon bizga uning gaplarini tarjima qildi. U Samarqandga borishni, bu shaharni koʻrishni orzu qilarkan. Kelgusida, albatta, bu tarixiy kentga borman, debdi.

Shunday paytlarda qalbingni qandaydir quvonch, faxrlanish hissi egallaydi. Men istiqomat qiladigan mamlakatdagi tarixiy shaharni Fransiyaning togʻdagi bir qishlogʻida yashovchi haydovchi ham biladi, biladigina emas, hatto koʻrish istagida yuribdi, vaqt topsa, albatta, boradi, degan oʻy qalbingda gʻurur hissini uygʻotadi. Biz Fransiyaga, Parijga borishni, Eyfel minorasiga chiqishni, Luvr muzeyidagi noyob asarlarni, xususan, “Mona Liza”ni koʻrishni niyat etganimiz kabi ular ham Samarqandga, Toshkentga, Buxoroga, umuman, Oʻzbekistonga kelish, oʻlkamizni koʻrish, tarixi uzoq moziyga borib taqaluvchi oʻzbeklar bilan hamsuhbat boʻlishga orzumand. Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi, Registon, Buxorodagi Minorai Kalon, Ark, Somoniylar maqbarasi, Shahrisabzdagi Oq saroy, osmon ostidagi muzey hisoblanmish Xiva shahrini koʻrishni, bu obidalar tarixini oʻrganishni, yonida suratga tushishni istaydi. Bu tuygʻu, istaysizmi-yoʻqmi, baribir sizni quvontiradi, gʻururlantiradi.

Oʻsha kuni kechgacha togʻdagi qishloqda boʻldik. Salkam ikki ming metr balandlikda ikki daryo uchrashgan joyda qurilgan elekrostansiya faoliyati bilan tanishdik. Kechqurun Dol qalʼasiga qaytib kelgach, haydovchi vokzalda bizni kuzatar ekan, boshqalarga qaraganda Sobirjon ikkimiz bilan quyuqroq xayrlashdi, nazarimda. Oʻzbekistonga, Samarqandga borish, bu shaharni koʻrish orzusini, albatta, amalga oshirishini taʼkidladi. Bu paytda yonimizdagi sheriklarimiz bizga havas bilan qarayotganini sezib turdik. Bizning qalbimizni esa faxr-iftixor egallagandi.

Eldor italiyaliklar qalbini zabt etmoqda

Italiyada Genuya degan shahar bor. Bu shaharning “Jenoa” futbol jamoasi mamlakat chempionatining “A” seriyasida ishtirok etadi. “A” seriya degani – eng yuqori liga. Jamoaning ahvoli maqtagulik emas, chempionatni 11 oʻrin bilan yakunladi. Jamoa ham oʻrtacha. Lekin biz – oʻzbekistonliklar, baribir “Jenoa”ga ishqibozlik qildik, baʼzan zarur ishlarimizni tashlab boʻlsa-da, bu jamoaning oʻyinlarini kuzatdik. Mamlakatimiz telekanallari baʼzan Yevropaning mashhur klublari oʻrtasidagi uchrashuvni emas, balki “Jenoa” ishtirokidagi matchlarni translyatsiya qildi.

Xoʻsh, nima uchun? Chunki bu jamoada oʻzbek futbolchisi Eldor Shomurodov oʻynaydi. U oʻzbek futbolchilari ichida birinchi boʻlib rasmiy ravishda Yevropa klubiga oʻtdi. Bugun bu jamoaning yetakchilaridan biriga aylanyapti. Har oʻyinda undan gol kutdik. Uchrashuvni sharhlayotgan xorijlik sharhlovchilar Eldor haqida iliq fikr bildirsa, bu gap akamiz yoki ukamiz haqida aytilayotgandek quvondik. Bularning tagida bitta haqiqat yotibdi: Eldor Yevropa va jahon futbolida oʻz oʻrniga ega boʻlgan mamlakat – Italiyada Oʻzbekistonning, oʻzbek millatning vakili sifatida ishtirok etyapti. Eldor haqida aytilgan har bir maqtov, eʼtirof oʻzbek millati, oʻzbek futboliga aytilgan maqtov, eʼtirof. Ishonchim komilki, genuyalik, italiyalik, hatto yevropalik koʻplab futbol ishqibozlari Eldor Shomurodov tufayli Oʻzbekistonni taniyapti, dunyoda shunday mamlakat borligini, u yerda ham zoʻr futbolchilar yetishib chiqayotganini bilyapti, oʻz koʻzlari bilan koʻryapti.

Yil boshida rossiyalik taniqli insayder va sharhlovchi Nobel Arustamyan Eldor bilan suhbatda unga bunday savol beradi:

— Bu yerda Oʻzbekiston haqida soʻrashadimi?

— Ha, jamoadagi yigitlar ham soʻrab turishadi. Italiyada koʻproq Samarqand, Buxoroni bilishadi. Oʻzbekiston haqida gapira boshlasam, darhol “O-o-o, Samarqand, Buxoro”, deya gapirib ketishadi. Koʻpchilik mamlakatimiz haqida maʼlumotga ega”, — dedi Eldor Shomurodov.

Koʻrinib turibdiki, Italiyada ham Oʻzbekistonni, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarmizni yaxshi bilishadi. Bundan quvonmay, faxrlanmay boʻladimi?

Oʻzbeklar tekkesi

Turkiyaning Istanbul shahri markazida, dengiz yoqasidagi “Marmara” mehmonxonasi foyesida gid va tarjimonimiz Shafoat Ejder ertalab kunlik dastur bilan bizni tanishtirar ekan, dastlab shaharning Osiyo qismida joylashgan “oʻzbeklar tekkesi”ga borishimizni aytganda, hamma birdan biz – oʻzbekistonliklarga qaradi. Axir gap oʻzbeklar haqida ketyapti. Ayrimlarning xayoliga shu yerda ham oʻzbeklarga bogʻliq tarixiy obida bor ekan-da, degan fikr kelgan boʻlishi mumkin.

Guruhimizda Eron, Indoneziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Germaniya, Polsha, Chernogoriya, Bosniya va Gersegovina kabi oʻnga yaqin mamlakatdan kelgan jurnalistlar bor edi. Shu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlash lozim – barcha mamlakatlardan kelgan bloger va muxbirlar soni ikki-uchta, oʻzbekistonliklar esa oʻnta edik. Turklar Markaziy Osiyoni, koʻproq Oʻzbekistonni ota yurt sifatida tan oladi. Bizga hamrohlik qilgan tarjimonimizning aytishicha, turkiyalik ayrim fuqarolar ota yurtimiz deb Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa qadim shaharlarimizdagi tarixiy obidalar rasmini uylari devorlariga osib qoʻyishar ekan.

Xullas, ikki avtobusga oʻtirib oʻzbeklar tekkesi tomon yoʻlga tushdik. Tekke soʻzi turlicha talqin qilinsa-da, koʻproq musofirxona mazmunini beradi. Tekke shaharning Uskudar tumanida joylashgan ekan. Uch qavatli, qizgʻish rangli bino ichkarisida bizni tekkening bugungi rahbari kutib oldi. Uning taʼkidlashicha, bir vaqtlar Yaqin Sharqdagi koʻplab shaharlarda oʻzbeklar tekkesi boʻlgan. Bu musofirxonalarda hajga borayotgan va hajdan qaytayotgan, shuningdek, savdo ishi bilan shu oʻlkalarga kelgan turkistonliklar vaqtincha yashashgan.

Ushbu tekkening qurilish tarixi ham qiziq. 1752-yili turk sultoni Mahmud I ov qilib yurganida uzoqda, baland yalanglikda chodirlarni koʻrib qoladi va askarlari bilan bu yerga keladi. Surishtirib bilsa, chodirlarda haj safariga otlangan boʻlajak hojilar vaqtincha yashab turishgan ekan. Sulton mehmonlar bilan suhbatlashadi, ular buxorolik ekanini bilgach katta hurmat koʻrsatadi. Keyinchalik Mahmud I buyrugʻi bilan shu yerda hajga otlangan, Turkistonning Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Xoʻjand, Andijon va boshqa shaharlaridan kelgan musofirlar toʻxtab dam olishi, ibodat qilishi uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan tekke quriladi. Mazkur makon XIX asrda Sulton Abdulmajid tomonidan qayta tiklanib, taʼmirlanib, katta bir uyga aylantiriladi. Ibrohim Adham Uskudarda shayx boʻlgan 1855–1904-yillarda esa bu makon oʻsha davrning yetakchi olimlari, shoirlari va musavvirlarining sevimli maskaniga aylanadi. Bu yerda adabiyot, sanʼat haqida qizgʻin suhbatlar boʻladi.

Bugun tekkeda Isor tadqiqot markazi joylashgan. Majmuada mehmonlar uchun xonalar, masjid, kutubxona, oshxona bor. Binoning orqa tomonidan shu yerda vafot etgan turkistonliklarning qabristoni oʻrin olgan. Xususan, Fayzulla Xoʻjayevning amakivachchasi Usmonxoʻja bobo va uning turmush oʻrtogʻi Fotimaxon aya ham shu yerga dafn etilgan.

Oʻzga yurtda oʻz yurting, millating nomi bilan ataladigan joy borligi, uni dunyoning koʻplab davlatlaridan kelgan sayyohlar bilan birga borib koʻrish juda yoqimli. Tekke rahbari bizga gapira turib, har gal “oʻzbeklar tekkesi” deganda, sheriklarimiz bizlarga qaraydi. Bizning esa boshimiz osmonda. Tariximiz buyuk xalqmiz biz – oʻzbeklar. Shuni hech qachon unutmasligimiz, shunga munosib boʻlishimiz lozim.

Unutma, har bir qoʻl telefonida musulmon oʻzbek bor

Melodiy 827-yil. Ilmi nujum va riyoziyot olamining yetakchi olimlari Iroq shimoli gʻarbida tadqiqot bilan band. Ularga oʻzbek olimi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy yetakchilik qilmoqda. Ular yangi va buyuk islom tamaddunining yuragi boʻlmish Bagʻdodda ilmiy ish olib boradilar.

Al Xorazmiyni oʻz davrining yirik ilmiy jumboqlari koʻp oʻylantirgan. Ulardan biri zaminning belbogʻini oʻlchash edi. Bagʻdod xalifasi Al Maʼmunning shaxsan oʻzi islomiy xalifalik xaritasini aniqlash uchun Xorazmiy bilimiga tayangan.

Milodiy IX asrda musulmon aholisi 30 milliondan oshardi. Xalifalik sarhadlari sharqda hozirgi Pokistondan gʻarbda Ispaniyagacha choʻzilib ketgan edi. Bilimga tashna, qiziquvchan va shijoatli islom dinining davri boshlangandi. Musulmonlar qadimiy qoʻlyozma va kashfiyotlarni qoʻlga olib, ularni oʻqib, oʻrganishardi. Bu islomning oltin asri edi.

Al Xorazmiy quyoshning yerga nisbatan joylashuvi bir gradusga oʻzgargunga qadar boʻlgan jarayonni oʻrganishi lozim edi. Quyoshning joylashuv burchagi oʻzgargunga qadar Al Xorazmiyning yordamchilari oltmish yarim mil masofani bosib oʻtishadi. Shu asno Al Xorzmiy oddiy choʻp va mis asboblar bilan hisob-kitob qiladi hamda zamin belbogʻi 23 ming 200 mil degan xulosaga keladi. Bu esa bugun butkul isbotlangan aniq hisob-kitoblarga juda-juda yaqin.

Al Xorazmiyning asl mutaxassisligi algoritmlar edi. Aslida bu soʻz Xorazmiy ismining gʻarbliklar tilida buzib talaffuz qilingan ifodasidir. Har vaqt qoʻlingizga mobil telefoningizni olganingizda, unutmang, esda tuting, uning ichida musulmon oʻzbek otaxoni bor. U Al Xorazmiy.

***

Yuqoridagilar dunyoga mashhur Bi-bi-si korporatsiyasi tomonidan ishlangan buyuk bobomiz Al Xorazmiy haqidagi filmning soʻzma-soʻz matni. Menimcha unga nimanidir qoʻshish ortiqcha.

Qayga borsam boshda doʻppim...

Ahror Sharipov degan yaqin tanishim bor. Oliy toifali vrach, uzoq yillar poytaxtimizdagi turli shifoxona va poliklinikalarda ishlagan. Hozir pensioner. Akaning turmush oʻrtogʻi AQSHning Nyu-York shahrida yashaydi. Ahror aka ham ikki marta borib, besh-olti oy bu ulkan shaharda yashab keldi.

— Amerikaga hech oʻrgana olmadim, — deydi u. — Koʻpi bilan ikki-uch hafta chidayman. Keyin zerika boshlayman. Yurtni, doʻstlarni, qarindoshlarni sogʻinaman. Turmush oʻrtogʻim, qizim shu yerda boʻlgani uchun baʼzan chidashimga toʻgʻri keladi. Lekin baribir zerikarli. Nyu-York juda katta shahar. Bu yerda oʻzbeklar ham anchagina. Lekin ularning koʻpi mahalliy aholining odatiga, anʼanasiga oʻrganib ketgan. Tashqi koʻrinishdan ajratib olish qiyin. Bundan tashqari, hamma ingliz tilida gaplashadi. Xullas, zerikkaningda baʼzan hech boʻlmasa bitta suhbatdosh izlaysan. Lekin qani oʻsha suhbatdosh? Uni qayerdan topasan? Men esa topdim. Doʻppimni kiyib olaman-da, shahar markazidagi bogʻni aylanaman. Bogʻda dam olayotganlarning baʼzilari menga qiziqish bilan qarab qoʻyadi, baʼzilari doʻppimga eʼtibor beradi. Qandaydir bosh kiyim kiyib olgan insonning kimligi ularga qiziq boʻlishi mumkin-ku.

Bir kuni chetroqdagi oʻrindiqda oʻtirsam, bir yigit keldi va sekin:

— Assalomu alaykum, — dedi. Oʻsha paytda qanday quvonganimni tasavvur qila olmaysiz.

— Va alaykum assalom, — deya oʻrnimdan turib ketdim. Koʻrishdik. Ismi Alisher ekan. Gap orasida Toshkentdan kelganini, menga oʻxshab hamsuhbat izlab yurganini aytdi.

Uzoq suhbatlashdik. Oʻzga yurtda hamyurtingni uchratish, u bilan oʻz ona tilingda suhbatlashish boshqacha-da, baribir.

Shundan soʻng har kuni parkka doʻppi kiyib boradigan boʻldim. Juda koʻp hamyurtlar, qoʻshni mamlakatlardan kelgan oʻzbeklar bilan tanishdim. Alisher bilan esa doʻst boʻlib ketdik. Hozir ham telefonlashib turamiz. Toshkentga kelsa, albatta, menikida mehmon boʻladi.

Ahror akaning gapini eshitgach, ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidovning:

“Qayga borsam boshda doʻppim.

Gʻoz yurarman gerdayib.

Olam uzra nomi ketgan,

Oʻzbekiston, oʻzbegim”,

degan satrlari xayolga keladi. Qarang, millatimizning ramzlaridan biri, milliy bosh kiyimimiz doʻppi biri-birini izlagan, biri-biriga intiq qalblarni tanishtiryapti.

Shu mavzuda yana bir gap. Yaqinda ishxonamizga filologiya fanlari doktori, professor Xurram aka Rahimov kelib qoldi. Uzoq yillar Germaniyada ishlabdi.

— Bilasizmi — dedi u, — xizmat safari bilan Afrikaning Togo davlati poytaxti Lome shahriga bordim. Bir kuni shaharni aylanib yurib, koʻchada doʻppi kiygan kishini koʻrib qoldim. Ishonasizmi, goʻyo katta xazina topib olgandek quvonib ketdim. Oʻsha odam koʻzlarimga quyoshdek porlab, yulduzdek yarqirab koʻrindi. Tanimasam-da, bagʻrimga bosdim. Oʻgʻli shu yerda ishlar ekan. Xabar olgani kelibdi. Shunda doʻppi oddiy milliy bosh kiyim emas, yurt, millat ramzi ekanini his qildim.

Buyuk insonlarni olmagaymiz qarz

Oʻzbekning yana bir ulugʻ shoiri Abdulla Oripovning mana bunday sartlari bor:

Oʻzbek muhtoj emas oʻtrikka, ammo

Jahon minbarida oʻqiy olur dars.

Kiming bor, deganda birovdan aslo

Buyuk insonlarni olmagaymiz qarz.

Ha, biz dunyoga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Imom Motrudiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Najmiddin Kubro, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi yuzlab daholarni bergan xalqmiz.

Yaqinda 580-yilligi nishonlangan mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga Moskvada, Shanxayda, Tokioda, Dushanbeda, Bokuda va boshqa shaharlarda haykal qoʻyilgan, Minskda byust oʻrnatilgan. Hali koʻp xalqlar harfni tanimagan paytda, yaʼni 861-yilda Ahmad Fargʻoniy xalifa Mutavakkilning farmoni bilan Nil daryosidagi Ravzo orolida nilometr – suv sathini oʻlchovchi asbob oʻrnatgan.

BMTning Vena shahridagi vakolatxonasi oldida joylashgan maydonda Sharqning toʻrt buyuk allomasi haykali bor. Eron tomonidan tuhfa etilgan ushbu yodgorlikda ulugʻ ajdodlarimiz – Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniyning ham siymolari savlat toʻkib turibdi.

Oqqan daryo oqaveradi. Yangi Oʻzbekistonning bugungi avlodi ham yurtimiz nomini dunyoga doston qilishga qodir. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, deya alohida taʼkidladi. Demak, Oʻzbekistonning, oʻzbekning nomi olam uzra taralaveradi. Buning uchun bizda tarixiy xotira ham, salohiyat ham, imkoniyat va qudrat ham, maʼnaviyat, madaniyat va tafakkur ham bor!

Bekqul EGAMQULOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.