Oʻzbekiston davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganiga va mustaqil taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtganiga 33 yil toʻldi. Inson baxtli boʻlishi uchun erkin boʻlishi, erkin boʻlishi uchun esa mustaqil boʻlishi kerak. Demak, mustaqillik – bu xalqning oʻz kelajagini oʻzi belgilash huquqidir. Bu huquq barchaning oʻz yurti va xalqi taqdiri oldidagi masʻuliyatini ham anglatadi.

1991-yil 31-avgust kuni yurtimiz oʻz taqdiri va hayotiga oʻzi egalik qilish huquqini qoʻlga kiritdi. Bu koʻp millatli xalqimiz tarixida tub burilish yasagan buyuk tarixiy voqea boʻlib, unda xalqimizning sabr-toqati, matonati va ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonchi yotadi.

Mana shu qisqa vaqt ichida yurtimizda davlat va jamiyat hayotida tub oʻzgarishlar amalga oshirilib, mamlakatimiz dunyo miqyosida oʻziga xos mavqeiga ega boʻldi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekanligi Konstitusiya darajasida mustahkamlandi. Yangilangan Konstitusiyaga koʻra, “Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”dir.

Oʻzbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish yoʻlidan dadil ketayotganini hisobga olib, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili konstitusiyaviy norma sifatida belgilandi. Konstitusiyaga kiritilgan oʻzgartishlar, avvalo, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlandi.

Ijtimoiy davlatning vazifasi inson uchun munosib turmush sharoitini yaratish, bunda fuqarolar va umuman xalqning manfaatlari va ehtiyojlari jamiyat hayotini oʻzgartirishda asosiy ustuvor maqsad hisoblanadi. Shu maqsadda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati “inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishi” hamda 2030-yilgacha mamlakatning barcha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini ta’minlash gʻoyalariga asoslangan.

2015-yili BMT butunjahon sammitida 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish Kun tartibi va uning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlangan. Unda bir qator aktual masalalar, yaʼni sogʻliq va farovonlikdan tortib to iqlim oʻzgarishlarigacha, gender tengligidan tortib isteʼmol va ishlab chiqarish modellari oʻzgarishlarigacha boʻlgan jarayon qamrab olingan.

Mazkur maqsadlar “iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta’minlash” tamoyillariga asoslanib, inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash esa – ularni oʻzaro bogʻlab turuvchi boʻgʻin hisoblanadi. Bu uygʻunlik oʻzaro bir-birini toʻldiradi, mustahkamlaydi va boʻlinmas ekanligini isbotlaydi.

Oʻtgan davr mobaynida mamlakatmizda bu borada keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi. Avvalambor, Barqaror rivojlanish maqsadlari va bu boradagi tegishli vazifalar yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 360 dan ziyod qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida oʻz aksini topdi.

Jumladan, birgina ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar qatoriga – sogʻliqni saqlashni rivojlantirish, taʻlim sohasini isloh qilish va rivojlantirish, oʻqituvchi maqomini mustahkamlash, atrof muhitni muhofaza qilish, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, malakali tibbiy va taʻlim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish kabi masalalarni misol keltirish mumkin.

Ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ijtimoiy sugʻurta tizimini yaratish, jumladan, ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish belgilan. Bunda asosiy e’tibor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integrasiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Soʻngi yillarda ijtimoiy sohada amalga oshirilgan ishlarga nazar soladigan boʻlsak, ijtimoiy himoya va doimiy yordamga muhtoj shaxslar bilan ishlashning “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangicha ishlash mexanizmi joriy etildi. Ijtimoiy nafaqa bilan ta’minlanadigan aholi soni qariyb 1,5 barobar oshirildi. Keksalar, nogironlar, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʻrsatish kabi ezgu anʻanalar bugungi kunda yangicha ma’no-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar oʻz ijobiy natijasini bermoqda.

Ayni paytda, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham shaxs, inson qadri birinchi oʻringa qoʻyilib, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tamoyil asosida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zaminida inson, xalq, millat va jamiyat farovonligi maqsadi turadi. Buning yaqqol ifodasini yaqindagina Parijda boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchilarimiz misolida koʻrishimiz mumkin.

Bir necha kun butun dunyo e’tibor markazida boʻlgan Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida 206 mamlakatdan tashrif buyurgan eng kuchli atletlar ishtirokidagi oʻyinlarda Oʻzbekiston delegasiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga muvaffaq boʻldi. Sportchilarimiz bellashuvlar davomida 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga aylanishdi.

Bu natija bilan delegasiyamiz umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 13-oʻrinni egalladi. Osiyoda toʻrtinchi, shuningdek, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʻzo mamlakatlar orasida eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻldi.

Bugun yurtimizda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy, ekologik sohalarni rivojlantirish borasida qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda va bu saʻy-harakatlar oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Har bir muvaffaqiyat ortida mustaqillik bergan imkoniyat yotadi. Bu yilgi mustaqilligimizning oʻttiz uch yillik bayrami Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanishi amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun va mohiyatini aks ettiradi.

H.N.Oblomurodova,
TDYU dosenti, falsafa fanlari boʻyicha
falsafa doktori PhD