Mustaqillik – milliy gʻurur va taraqqiyot asosi

    Keyingi avlod 27 Avgust 2025 438

    O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 34 yillik to‘yini nishonlar ekan, bu sana nafaqat o‘tgan yo‘lni sarhisob qilish, balki kelajak sari yangi qadamlar tashlash uchun ham muhim bir davr hisoblanadi.

    Mustaqillik davrining farzandlari bo‘lgan bugungi yosh avlod uchun bu erkinlik qanday ma’no kasb etadi? Bu savolga javob berish uchun biz faqat tarixiy faktlarga emas, balki bugungi zamonning o‘ziga xos qadriyatlariga ham e’tibor qaratishimiz lozim.

    Mustaqillik – bu shunchaki sana emas, bu shaxsiy tanlov

    Mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimiz ravnaqi uchun zamin yaratilgan bo‘lsa, bugun bu zamin ustida yorqin kelajakni barpo etishdek mas’uliyat yoshlar zimmasida. 1991-yildan keyin tug‘ilgan yoshlar uchun erkinlik — bu o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarish, dunyo bilan hamnafas bo‘lish, o‘z Vatanining taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyati. Ular uchun Vatan qadri shunchaki balandparvoz so‘z emas, balki har bir sohada erishilayotgan amaliy natijalarda aks etuvchi real tuyg‘u. Ilg‘or ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, biznes, san’at va sportdagi yutuqlar — bularning barchasi mustaqillik mevasi bo‘lib, yoshlarning azmu shijoati bilan boyitilmoqda.

    Ijtimoiy sotsial jihatdan mustaqillikni uch bosqichga bo‘lib ko‘rish va uni asosiga mustaqillikning haqiqiy ne’mat ekanligini anglash mumkin.

    1. Institutsional qurilish davri: 1991-2000-yillar:

    - Siyosiy mustaqillik, milliy davlat tizimini shakllantirish va yaratish;

    Bu bosqichda yurtimizda mislli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi, jumaladan, sovet davrida mavjud bo‘lmagan hamda real sharoitlarda ishlamagan davlat hokimyat tuzilishi va hokimyat butoqlarini ajralishi. Milliy parlamentni tuzilishi hamda qonunchilik ko‘rpusini shakllanishi. Milliy davlatchilik tamal toshlarini mustahkam o‘rnatilishi va mahalliy hokimyatlarni markaziylashtirilishi kabi muhim masalalar hal qilindi. Ammo ana shunday muhim bir boshqichda O‘zbekistonni YaIM hajmi 18% qisqaradi. Buni asosiy sababi sovet ittifoqini uzoqli iqtisodiyot tizimidadir. Ulkan imperiya qulagach iqtisodiy zanjirlar uziladi buni natijasi butun postsovet makonida birdek sezildi.

    1. Barqarorlashish va o‘sish davri: 2001-2015-yillar:

    - Infratuzilma islohatlari, xorijiy invsetitsiyalarning jadal o‘sishi;

    XXI asr boshidagi to‘g‘ri iqtisodiy qarorlar va barqarorlikni va iqtisodiy rivojlanishning o‘zbek moduli natijasida yurtimizda xorijiy investitsiyalar hajmi yil sayin ortib bordi, bu esa mamlakatning xalqaro bozorlardagi iqtisodiy ishtirokini kuchaytirdi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan yo‘l, energetika va ijtimoiy sohalardagi loyihalar bo‘yicha hamkorlik faollashdi. 2004 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyoti har yili o‘rtacha 7-8% atrofida barqaror o‘sish sur'atlarini ko‘rsatdi. Bu o‘sish hatto 2008 yildagi global moliyaviy inqiroz davrida ham saqlanib qoldi. Bu davrda shuningdek, mobil aloqa operatorlarining soni oshdi va mobil infratuzilma faol rivojlandi. Shuningdek, internet va axborot texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar qabul qilindi. 2014-yilning oxirgi choragida aholining 40% yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan taminlandi.

    1. Innovatsion Sakrash: 2016-2024-yillar:

    - Raqmli iqtisodiyotga o‘tish, yoshlar uchun global imkoniyatlar.

    Bu davrda 2019 yilda Toshkent IT-parki tashkil etildi, bu IT-kompaniyalari va startaplarga soliq imtiyozlari va qulay sharoitlar yaratdi. Bu qadam natijasida O‘zbekistonning IT xizmatlari eksporti sezilarli darajada o‘sdi va 2023 yilda 300 million dollardan oshdi. 2020 yilda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi. Uning asosiy maqsadi raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish va IT sohasini iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish etib belgilandi.

    - Yoshlar – kelajak strategiyasi dasturi:

    Bu davrda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etildi va ularning ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratildi. “Yoshlar – kelajak strategiyasi”: Ushbu dastur doirasida 2020-2024 yillarda 1,2 million nafar yoshni ish bilan ta’minlashga erishildi. Bu natija yoshlarning bandligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan amaliy sa’y-harakatlarning yorqin natijasidir.

    Bugungi kunda mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi yoshlardir. Ular nafaqat bilimlarni o‘zlashtirib, balki yangi bilimlar yaratishga ham intilmoqda. Masalan, so‘nggi yillarda axborot texnologiyalari sohasida yoshlar tomonidan yaratilayotgan startaplar sonining keskin oshishi O‘zbekiston yoshlarining oʻz kelajagini oʻzi qurishga intilayotganligidan dalolat beradi. Bu yangi gʻoyalarga asoslangan harakatlar yoshlarning nafaqat oʻzlariga, balki Vataniga boʻlgan ishonchini ham mustahkamlamoqda.

    Shu bilan birga, yoshlar o‘z milliy qadriyatlariga sadoqatni ham saqlab qolmoqdalar. Ular uchun ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy meros bugungi kun hayoti bilan uyg‘unlashgan holda rivojlanmoqda. Buyuk allomalarimizning asarlari, milliy hunarmandchilik an’analari, o‘zbekcha musiqa va san’at yoshlar orasida yangicha ruhda qadrlanmoqda. Bularning barchasi ularning shaxsiy oʻzliklarini anglashga va ma’naviy barqarorlikni saqlab qolishga yordam beradi.

    Mustaqillikni dastlabki yillarida o‘zbek tilida gapiradigan va shu tilni tushunadiganlar aholining 54% tashkil etgan bo‘lsa bugungi shunda bu ko‘rsatgich 90% dan yuqoriroq hisoblaandi. Statuzning ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining 67% mustaqillik davrida tug‘ilgan, umumiy aholining 33% (15-30 yosh)gacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Yoshlar rivoji strategiyasi yoshlarni jismonan sog‘lom, ruhiy yetuk, bo‘ysunmaydigan, Vatanga sadoqatli, fuqarolik faolligiga ega bo‘lishlari uchun yo‘naltirilgan. Prezident farmonlari orqali 26 ta qonun, 70 dan ortiq qarorlar yoshlar manfaatlarini ta’minlash uchun qabul qilingan.

    Yoshlarning mustaqillikni anglashidagi yana bir muhim jihat – bu ularning ijtimoiy faolligidir. Ular endi nafaqat oʻz shaxsiy manfaatlari, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatni ham chuqur anglagan holda faoliyat yuritmoqdalar. Ko‘ngillilik harakati, ekologik loyihalar, xayriya tadbirlari va ijtimoiy tashabbuslar zamonaviy yoshlarning hayotining ajralmas qismiga aylangan. Ushbu harakatlar ularning Vatan oldidagi burchlarini amaliyotda bajarishga boʻlgan intilishidan dalolat beradi.

    Milliy identitetlikni anglash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra yoshlarning 76% “O‘zbek madaniyati va globallashuv uyg‘unligini” qo‘llan quvvatlaydi. Respondentlarni 84% esa shaxsiy loyihalarini amalga oshirishni – erkinlik deb biladi. Yoshlar o‘tasida 2010-yillardan internet foydalanuvchilar soni 10 baravar oshdi, bu imkoniyat ularga eng yangi va asosli ma‘lumotlarni global miqyosida ega bo‘lish imkoniyatni berdi. McKinsey hisobotiga ko‘ra O‘zbeksiton yoshlarining 89 % ijtimoiy tarmoqlarda faol hamda o‘z fikrlarini erkin va mustaqil namoyon etadilar.

    Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi yosh avlod uchun shunchaki tarixiy sana emas. Bu ularning erkin fikrlashi, o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishi va Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishi uchun yaratilgan imkoniyatdir. Mustaqillik davrining farzandlari sifatida ular o‘z kelajagini oʻzi qurishga, Vataniga munosib boʻlishga qat’iy bel bogʻlaganlar. Ularning qalbida mustaqillikning qadri har doim yorqin porlaydi.

    Zufarov Muhammadjon,
    Toshkent davlat yuridik universiteti “Umumta’lim fanlar va madaniyat kafedra”si o‘qituvchisi