Keyingi yillarda shahrimizda taʼlim sohasida juda katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalari zamon talablariga javob beradigan ziyo maskanlariga aylandi.

Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida yana 3 ta taʼlim muassasasi yangi binoga ega boʻldi.

Ushbu obyektlarni ochilish tadbirida ishtirok etgan shahar hokimi Gavhar Alimova bu ishlar mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga berilayotgan yuksak eʼtibor va bu borada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning amaliy natijasi ekanligini taʼkidladi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Ingichka shaharchasida yangidan barpo etilgan 21 davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻldilar.

Turkiston koʻchasida joylashgan ushbu muassasadagi qurilish ishlari 2021-yil investitsiya dasturi asosida bajarildi. Olib borilgan qurilish-taʼmirlash ishlariga 3 milliard 286 million soʻm mablagʻ sarflandi.

120 oʻrinli ushbu muassasa kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan bolajonlarni kamol toptirishdek sharafli ishda xizmat qilishi shubhasiz. Qolaversa, bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik oldi foydalanishga topshirilgan yana bir muassasa 11-maktabgacha taʼlim tashkilotida ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kattaqoʻrgʻon shahar “Yermachit” mahallasida joylashgan ushbu taʼlim muassasasi 90 oʻringa moʻljallangan boʻlib, investitsiya dasturi asosida yangidan barpo etildi.

Bugungi kun talablariga javob beradigan muassasada amalga oshirilgan qurilish ishlariga 1 milliard 948 million soʻmlik mablagʻ sarflandi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi katta, oʻrta va kichik guruhlar uchun oʻquv mashgʻulotlari xonasi, yotogʻxona, kir yuvish, hamshira xonasi, ovqatlanish va boshqa xonalar ham zarur oʻquv-didaktik materiallar va boshqa jihozlar bilan taʼminlangan. Muassasadagi taʼlim-tarbiya ishlari malakali pedagoglar tomonidan olib boriladi.

Shuningdek, bayram arafasida foydalanishga topshirilgan yana bir taʼlim muassasasiga yangi bino barpo etilgani uchun 8-umumtaʼlim maktabi jamoasi bu kabi eʼtibor va yaratilgan shart-sharoitlardan mamnunliklarini bildirdi. 8-umumtaʼlim maktabining yuqori sinf oʻquvchilari uchun dars mashgʻulotlari 1904-yilda qurilgan eski, yaroqsiz holdagi binoda oʻtilar edi.

Hozirda Sufi Olloyor mahallasida joylashgan ushbu maktabda 300 nafar oʻquvchining taʼlim-tarbiya olishiga moʻljallangan yangi bino qurildi. Shuningdek, 180 oʻrinli boshlangʻich sinflarga dars mashgʻulotlari oʻtiladigan eski bino ham kapital taʼmirdan chiqarildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan shahar hokimi barchani bayram bilan muborakbod etdi va maktab jamoasining kelgusidagi sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi, deb xabar beradi Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi axborot xizmati.

Shu kuni tadbir davomida faxriy ustozlar hamda maktabning faol pedagog xodimlariga faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.