Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zaminidir.

Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

Mamlakatimiz mutaqilligining 33 yilligini nishonlash arafasida, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishgan natijalarni xolisona baholash va ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoachilik, butun xalqimizning ongi shuuriga yetkazish maqsadga muvofiqdir.

2024-yil mamlakat mustaqilligining 33 yillik shonli sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida koʻtarinki kayfiyatda kutib olinishi hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish surʼatlariga munosib tarzda nishonlanishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori  qabul qilindi.

  Xo‘sh, mustaqil O‘zbekiston bosib o‘tgan o‘ttiz uch yillik sharafli yo‘lda nimalarga  erishdi? Mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin O‘zbekiston iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirdi.

Jumladan, Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni amalga oshirib, bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshladi. Qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda modernizatsiya jarayonlari olib borildi. O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasi investitsiya jalb qilish, eksportni oshirish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ta’lim tizimi modernizatsiya qilinib, xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi sohalarida islohotlar olib borildi. Sog‘liqni saqlash tizimi yangilandi va xalq salomatligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar joriy etildi. O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining mustaqil siyosatini olib boradi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantiradi. BMT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF), Jahon savdo tashkiloti (WTO) kabi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatildi va mustahkamlandi. Mamlakatning xalqaro aloqalarining kengayishi va strategik hamkorliklar rivojlanishi O‘zbekistonning global maydondagi roli va pozitsiyasini mustahkamladi.

Hozirgi vaqtda davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida vatanimiz mustaqil O‘zbekistondan Yangi O‘zbekistonga aylandi desak mubolag’a bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston o‘z sahifalarini yangi yutuqlar, yangicha islohotlar bilan bezamoqda. Xususan, Respublikamizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib kelgan majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi bo‘yicha chaqirig‘iga javoban 2020-yilning o‘zida 50 mingdan ortiq yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Iqtisodiyotimizdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar esa 2017-2020-yillarda iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga ko‘paydi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion so‘mni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi. Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga o‘sdi.

Kuni kecha, Fransiyada bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mohir sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lib, o‘zlarining tengsiz matonatini namoyon etdilar.

Ko‘rib turganimizdek, yuqorida qayd etilgan barcha yutuq va muvaffaqqiyatlar mustaqillik sharofati bilan qo‘lga kiritildi. Bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etish yo‘lidan also qaytmaymiz. Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi. 

 Xazratali Qudratillayev,

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi