Meʼmorchiligimizning qaysi sohasini olmang, ulardagi oʻziga xos meʼmoriy yechimlar, binolar turkumini koʻramiz. Yaʼni, binolar alohida-alohida tarzda emas, balki meʼmoriy ansambllar va majmualar tarzida qurilishi, imoratlardan tuzilgan zanjirni koʻrib, koʻzimiz, dilimiz yayraydi.
Samarqandda qurilayotgan har bir bino (bu albatta, boshqa shaharlarga ham xos) oʻz ostonasiga, oʻz vujudi va badiiy tugallik qismlariga ega. Ularning oʻzaro mutanosibligi binolarning vizual arxitekturaviy yaxlitligini tashkil etmoqda.Shaharining har bir goʻshasi, koʻcha hamda maydonlari, bino va inshootlar koʻlami inson qomatiga, masshtabi, fikri-zikriga mos va uygʻun. Piyoda yurgan inson atrof-muhit mujassamligi, ekologiyasi, tozaligi, shahar landshafti va orastaligi bilan huzur qiladi, halovat oladi.
Sobiq ittifoq davrida hamma binolarni bir xil tipovoy loyihalar asosida qurish davlat siyosatiga aylangandi. Har yili yangi yil oqshomida koʻrsatiladigan “Taqdir hazili yoki qushday yengil boʻling” kinofilmini eslang. Unda oʻsha davr arxitekturasidagi bir xillik yaqqol aks ettirilgan. Uyning arxitekturasi ham, qulf-kaliti hatto mebellari ham bir xil.
Ammo bugun Prezidentimiz qurilayotgan har bir bino boshqasiga oʻxshamasligini, boshqasining arxitekturasini oʻzida takrorlamasligini, ayni paytda ularning foydalanishga qulay boʻlishi, mahalliy qurilish va iqlim sharoitlari, milliy meʼmoriy anʼanalar va qadriyatlarimizning eʼtiborga olinishini talab qilmoqda.
Tan olish kerak, Samarqandning tarixiy qismi hududida sobiq ittifoq davrida qurilgan ayrim binolar, jumladan, Dahbed koʻchasining “Afrosiyob” mehmonxonasi yonidagi chorrahadan boshlanadigan qismida, oʻng tomonidan koʻprikkacha ketma-ket joylashgan 2 va 3 qavatli eski yotoqxonalar hozirgi davr arxitekturasining badiiy talablariga yarashmay qolgan. Bular tarixiy shaharning zamonaviy shahar bilan bogʻlanish chegarasida joylashgan boʻlib, ularni “Afrosiyob” mehmonxonasida dam olayotgan har qanday sayyohning diqqatini tortmasdan iloji yoʻq. Mazkur koʻchaning quyi qismi, yaʼni koʻprikdan sobiq bank kollejigacha qismi ozmi-koʻpmi tartibga tushirildiyu, sayyohlar koʻziga tashlanadigan qismi nochor ahvolda, yaʼni, Samarqand shahri arxitekturasi uchun qusurdir. Biz bu imoratlarni buzib yuborish tarafdori emasmiz. Biroq ularning hech boʻlmaganda fasad qismini zamonaviy koʻrinishga, anʼanaviylik va zamonaviylik arxitekturasining sintezi usulida ishlasa boʻladi.
Yana bir fikr. Aynan Dahbed koʻchasining chap tomonida Sohibqiron Amir Temur davrida uning ark-qalʼasi boʻlgan. Hozirda undan faqat oʻrni qolgan xolos. Oʻtgan asrning 70-80 yillarida arxeologlar ushbu joydan oʻsha ark-qalʼaning mudofaa devorlari, burjlari va hammom binosining qoldiqlarini topishgan. Hozirda ushbu joylarda hech narsa qurilmagan. Shundan foydalanib, oʻsha devorlar qoldiqlari oʻrniga Amir Temur arkining bosh darvozasini, yaʼni (uni Registon bilan bogʻlovchi asosiy darvozasi) unga tutash boʻlgan oʻsha mudofaa devorlari bilan qayta tiklasak, tarixiy shaharlardagi jahon meʼmorchilik madaniyatining eng yaxshi anʼanalariga mos tarzda ish qilgan boʻlardi.
Ikkinchidan, Samarqand shahrining qadimiyligini, uning shohona arki boʻlganligini jahon sayyohlariga namoyish qilgan boʻlardik. Jahonning eng ilgʻor arxitektorlarining ham fikri xuddi ana shunday boʻlganligini biz Samarqandda 1980-yilda Ulugʻbek madaniy markazini yaratish boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro miqyosdagi koʻrik-tanlov takliflarida ham koʻrgan edik.
Dahbet koʻchasi boshlanadigan chorraha doim tirbandligidan nafaqat avtotransportlar, balki piyodalar uchun ham xavfli. Shunday ekan, ushbu chorrahada koʻprik qurish orqali Universitet xiyobonini Registon maydoni bilan bogʻlansa piyodalar xavfsiz harakati taʼminlanardi. Bunday loyiha Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ishlab chiqilgan. Xuddi shunga oʻxshash koʻprikni Amir Temur koʻchasining Gagarin koʻchasi bilan kesishgan chorrahasi uchun ham taklif etgan boʻlardim. Taklif etilayotgan har ikkala koʻprikning joyi ham ularni qurish uchun qulay relyef sharoitiga ega, yaʼni shahar aholisi va sayyohlar uchun ancha qulay boʻlardi.
Shaharning eski aroq zavodi hududidagi ochiq maydon, yashil xiyobonda koʻp yillardan beri shahrimizga yetishmay kelayotgan “Samarqand hunarmandlar markazi” binosini qurishni taklif etaman. Biroq bu binoning arxitekturaviy va landshaft yechimi, kompozitsiyasi shunday boʻlishi kerakki, u eski shahar muhiti bilan yangi shaharni bogʻlovchi, masshtabi va tashqi tarzi bilan atrof-muhit arxitekturasi va landshaftiga, ayniqsa, Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalari hamda “Afrosiyob” mehmonxonasi meʼmoriy va landshaft yechimlariga hamohang va uygʻun masshtablarda boʻlmogʻi zarur. Ana shunday loyiha-taklif ishlab chiqilgan.
Albatta, koʻpchilikda bunday bino ushbu hududga toʻgʻri kelmaydi, degan fikrlar ham tugʻilishi mumkin. Biroq biz yangi binoning shunday yechimini topganmizki, uni koʻrib, bu fikrdan qaytishi aniq. Negaki, binoning balandligi Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalariga soya solmaydigan, arxitekturasi esa ularga mos tarzda ishlangan. Bu albatta, bir taklif, biroq bosh qotirsa boʻladi.
Ahtam OʻROLOV,
SamDAQI professori,