Xizmat safari davomida LUKOYL-Volgograd NQIZda ishlab chiqarish jarayonlari va amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, LUKOYL-Volgograd NQIZ “Volgograd neft bazasi” rahbarlari va mutaxassislari bilan kichik doirada uchrashuvlar tashkil etildi.

Zavod hududidagi 80 Ga yer maydonlariga quyosh panellari oʻrnatilgan, buning natijasida zavodning 28,5 foiz elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji toʻliq taʼminlangan.

Zavod laboratoriyasi neft mahsulotlari sifatini boshqarish va ularni nazorat qilishda inson omilini minimizatsiya qilish maqsadida LIMS (Laboratory Information Management System) dasturi bilan taʼminlangan boʻlib, dastur laboratoriya jihozlari bilan integratsiya qilingan. Dastur tegishli neft mahsuloti namunalari oʻrnatilgach, avtomatik tarzda tahlillarni oʻtkazadi va barcha koʻrsatkichlarni monitoring qilib boradi. Ushbu dasturni joriy etish orqali inson omili bilan kuzatilishi mumkin boʻlgan xatoliklar toʻliq bartaraf etilgan.

Shuningdek, xizmat safari davomida “Volgograd neft baza”da neft mahsulotlarini saqlash holatlari va isteʼmolchilarga yetkazib berish tizimi bilan tanishildi.

“Volgograd neft bazasi” MCHJda mavjud sigʻimlar eng zamonaviy sath oʻlchagichlari bilan jihozlangan boʻlib, neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va yetkazib berish tizimi toʻliq raqamlashtirilgan.

Shu bilan birga, barcha avtoyonilgʻikashlar toʻliq raqamlashtirilgan boʻlib, SCS-300 elektron qulflar tizimi bilan taʼminlangan.

Mazkur elektron qulf tizimi avtoyonilgʻikashlarda neft mahsulotlarini tashishni nazorat qilish uchun moʻljallangan boʻlib, natijada metr-shtok, kalibrovka plankalaridan foydalanish, lyuklarni ochish/yopish zaruriyatidan voz kechilgan. Elektron sensorlar yukni ortishdan boshlab AYOQSHga yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonlarda neft mahsulotlarining nazoratini taʼminlaydi.

Bunda neft mahsulotlarini quyish va toʻkish faqatgina yetkazib beruvchi va qabul qilib oluvchi ruxsati bilangina amalga oshirilishi neft mahsulotlarini manzilga bus-butun yetkazib berilishini taʼminlaydi.

Safar davomida “LUKOYL-Volgograd neftni qayta ishlash zavodi” MCHJning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekistonga neft mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan muzokaralar olib borildi hamda “Buxoro NQIZ” MCHJ tomonidan birlamchi benzin va gazoyl xom ashyolari importi uchun eʼlon qilinayotgan tenderlarda qatnashish takliflari berildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati