Qoʻshiqlarida Vatanni ulugʻlaganda uning bir boʻlagiga aylana oladigan sanʼatkor boshqalarni ham dunyoda Vatandan azizroq neʼmat yoʻqligiga ishontira oladi. Shu maʼnoda ham Vatan haqida shunday yozsangki, unga muhabbatingni yurak qoning siyoh boʻlib bayon etsa, Vatanni shunday kuylasangki, tinglaganning qalbi quloqqa aylansa, degim keladi.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Muyassar Razzoqova yurt haqida kuylar ekan, Vatanni mehribon ota, oʻzini esa uning baxtli qizi ekanini chuqur anglata biladi. Shuning uchun ham Vatanni madh etguvchi qoʻshiqlari yurtimizning katta-katta bayram tantanalarida jaranglab, minglab odamlar qalbiga yetib boradi. Hech qachon tildan tushmas oʻsha “Dugonalar bormisiz, omonmisiz” satrlarini xirgoyi qilmagan oʻzbek ayoli boʻlmasa kerak. Aynan oʻzbek milliy operasi orqali xalqimizda jahon operasiga ham qiziqish uygʻota olgan sanʼatkor bilan suhbatimiz opera sanʼati, bu boradagi yutuq va kamchiliklar xususida boʻldi.

— Operachi boʻlaman degan maqsad kamdan-kam insonlarda uchraydi, toʻgʻrimi? Buning uchun oʻzida tugʻma ovoz bor ekaniga ishonish kerak, nazarimda. Bolalikdanoq opera yoʻlidan borishga qatʼiy qaror qilishingizga nima turtki boʻlgan?

— Toʻgʻri aytasiz. Operachi boʻlish uchun, avvalo, tugʻma ovoz boʻlishi kerak. Operada estrada singari keyinchalik ovozni rostlab olish boʻlmaydi. Men 13 yoshimda oʻzimda ovoz borligini payqaganman. Oʻsha paytlarda Moskvaning “Mayak” radiosini sevib tinglar edim. Nafaqat tinglar, balki radio orqali katta teatrda aytiladigan partiyalarni artistlarga qoʻshilib kuylar, takrorlar, notalarigacha yodlab olardim. Sekin-asta ovozim baland pardalarni ham bemalol ola boshlagach, oʻzimga nisbatan ishonchim ortdi. Men ham shulardek ayta olyapmanku, operachi boʻla olaman, albatta, shu sanʼatni tanlayman, degan maqsadni oldimga qoʻydim. Menga oʻziga xos maktab boʻlgani, uning yordamida tinimsiz mashq qilganim uchun tom maʼnoda birinchi ustozim — radio deyman. Maktabda esa Abdukarim Otajonov degan musiqa toʻgaragi rahbari boʻlar edi. U kishi ham meni rubob bilan qoʻshiq ayttirib, sanʼatga yana-da qiziqtirgan. Oʻsha kezlarda Dilorom Qayumova ijodini juda yaxshi koʻrganman. “Uch dugona”, “Oltin sandiq” qoʻshiqlarini sevib ijro etardim. Operachi boʻlish niyatimni ota-onamga maʼlum qilganimda esa onam rahmatlik qattiq qarshilik bildirdi. Otam esa oldimga shunchaki emas, eng taniqli operachi boʻlishdek masʼuliyatli vazifani qoʻygan holda meni qoʻllab-quvvatladi. Otaning ishonchini oqlash yana-da kuch bagʻishladimi, oʻzim qatnashgan ilk respublika tanlovida birinchi oʻrinni oldim. Shundan soʻng onamda biroz ishonch uygʻondi. Shunda ham “xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlsang, tan olaman”, dedi. Sekin-asta xalqaro tanlovlarda ham laureat boʻla boshladim. Konservatoriyadagi birinchi ustozlarim — Oʻzbekiston xalq artisti Saodat Qobulova hamda nemis pedagogi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Rozalinda Laut. Biri oʻzbek milliy operasini oʻrgatgan boʻlsa, ikkinchisi meni jahon operasiga olib kirgan. Bugungi yutuqlarimda ularning hissasi katta. Ana shunday taniqli operachilar, buyuk ustozlarim menga ishonch bildirishgach, ota-onam ham meni astoydil qoʻllab-quvvatlay boshladi.

– Siz konservatoriyaga hujjat topshirgan paytlarda oʻzbek qizlari opera yoʻnalishiga topshirmas ekan. Shunda ham fikringizdan qaytish niyati boʻlmaganmi yoki, aksincha, oʻzbek qizi ham bunga qodirligini koʻrsatib qoʻyishdek qatʼiyat kuch berganmi sizga?

— Bilasizmi, nafaqat oʻzbek qizlari yoʻq, balki oʻzbek guruhi ham yoʻq edi. Nega shunday jahon sanʼati yoʻnalishida qizlar oʻqimas ekan-a, deb ajablanganman. Men oʻqiyman baribir, deganman, chunki yoshlikda oʻz aytganimdan qaytmaydigan, oʻjargina edim. Qaytib ketish haqida zarracha oʻylamabman ham. Darslarning barchasi rus tilida boʻlishini eshitsamda, xavotirga tushmadim. Qishloq joydan, oddiy maktabdan kelganman aslida, rus tilini yaxshi bilmayman. Xayriyatki, bu jihat muammo boʻlmadi. Tilni olti oyda oʻrganib ketdim. Men faqat birgina muammo — ovozimni yana-da chiniqtirish, operachi boʻla olishimni isbotlash haqida oʻylar edim. Avvalo ota-onamga, konservatoriyaga, Oʻzbekistonga, butun jahonga isbotlash haqida. Hozirgacha ham ovozimni koʻrsatish, operachi ekanimni isbotlashdan toʻxtaganim yoʻq.

— Oʻzbek xalqiga opera sanʼati kerak emas, opera teatri faoliyatini ham toʻxtatish kerak, degan notoʻgʻri qarashlar yuzaga kelib turgan mustaqilligimizning ilk yillarida siz, aksincha, operaning rivojlanishiga ishonch bildirib, yurtimizda ushbu sanʼatning kelajagi bor ekaniga umid qilgansiz va bu borada oʻz fikringizni dadil ayta olgansiz, toʻgʻrimi?

— 1992-yilda Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan konsertda birinchi Prezidentimiz ham qatnashgan edi. Har bir sanʼat yoʻnalishi boʻyicha bizdan bitta, Qirgʻizistondan bitta vakil chiqqan. Ularning operachisi yoshi kattaroq ayol ekan, yomon kuylamadi, oʻziga xos. Oʻzbekistondan men chiqib opera aytdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, zaldagi barcha qirgʻiz tomoshabinlari oʻrinlaridan turib, meni olqishlay ketishdi. Bu oʻz yoʻliga, ammo Prezidentimiz meni chaqirib, “Juda zoʻr ijro etding”, desa boʻladimi? Keyin “Menga opera oʻzbekka yot sanʼat, uni yoʻqotish kerak deb aytishayotgandi. Lekin endi oʻylanib qoldim, bu sanʼat kerak ekan. Hozir oʻzim gʻururlanib ketdim. Agar opera teatrini yopsak nima boʻladi”, deb savol berdi. Oʻshanda men agar shunday boʻladigan boʻlsa, Oʻzbekistonda bu sanʼat yoʻqoladi, hamma har qayoqqa qarab ketadi, ular qatori men ham, dedim. Shundan keyin davlatimiz rahbari menga katta bir ishonch bilan, “Mayli teatrni yopmaymiz, hammasi yaxshi boʻladi, faqat yoshlarimiz bilan astoydil ishlanglar, Vatan kelajagi uchun mehnat qilinglar”, degan. Shu bilan birga, Prezidentimiz sizlarning ortingizdan keladigan yoshlar boʻlarmikin, deya ikkilanayotganini ham aytganida, “Bizning ortimizdan oʻnlab, yuzlab, minglab yoshlar keladi hali. Oʻzbekistonda opera sanʼati rivojlanadi”, degan edim. Xayriyatki, 2011-yilda bu gaplarimning amaldagi isbotini koʻrgan Islom Karimov mustaqilligimizning 20 yilligi munosabati bilan meni ham “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi. Bugun esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sanʼat, madaniyat yoʻnalishida ilgari sira boʻlmagan tub burilishlarga sababchi boʻlmoqda. Quvonarlisi, opera sanʼatini rivojlantirish, bu borada yoshlarni munosib tayyorlash yoʻlidagi mehnatlarim inobatga olinib, joriy yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandim. Butun dunyoda iqtisodiy inqiroz boʻlishiga qaramay, madaniyat, sanʼat sohasini takomillashtirish borasida qator ezgu ishlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, yaqinda Nukus shahrida opera va baxshichilikka ixtisoslashgan maktabning faoliyat boshlagani gʻoyat quvonarli xabar boʻldi. Bunday maktablarni ham kelajakda har bir hududda tashkil qilish kerak. Ular konservatoriyaga poydevor vazifasini oʻtab beradi. Qolaversa, bularning bari oʻzbek operasining porloq kelajagi uchun xizmat qiladi.

— Ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlaringizning birida eshitishimcha, opera yoʻlini tanlagan bugungi yoshlarning aksariyatini tan olmaysiz. Adashmasam, respublikamizning turli hududlaridan koʻplab shogirdlaringiz bor. Ular orasida aynan sizning izingizdan kelayotganlari bormi? Shuningdek, bugun opera yoʻlini tutgan yoshlarni siz va siz kabi professional operachilar tan olishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish zarur, deb hisoblaysiz?

— Toʻgʻri, koʻplab operachi yoshlardan koʻnglim toʻlmaydi. Ayniqsa, operani tamomlab, estradaga oʻtib ketgan, toʻylarda xizmat qilib yurgan yoshlarga achinaman. Ularning oʻrniga muqim shu yoʻlda ketadigan yoshlar boʻlishi mumkin edi, kimlarningdir oʻrnini band qilish kerak emas axir. Operani tanladimi, oxirigacha shu yoʻldan borishi kerak.

Teatrda ham professional yoshlar kam. Teatr bu estrada emasku, amallab tomoshabinni rozi qilib boʻlsa. Unda chinakam ovoz boʻlmasa, tomoshabin kelmaydi.

Bugun dunyo boʻylab internet keng quloch yozgan, shiddatli texnika davrida yoshlarni toʻgʻri yoʻnaltirish, tarbiyalab olishning oʻzi ham mushkul, albatta. Shu maʼnoda ham shogirdlarimga qattiqqoʻl, talabchanman. Ulardek paytimda pianinoning oldida 6 soatlab qolib ketganim, 12 soatlab shugʻullanganlarimni misol keltirib, yoshlarni faqat foydali yumushlarga, oʻz ustida tinmay ishlashga undayman. Ammo shogirdlarim orasida men qanday yoʻl tutsam, ayniqsa, opera borasida, aynan shuni takrorlaydiganlari ham borligidan quvonaman. Negaki, mening tarbiyamni olgan yoshlar kelajakda mendan oʻtishi aniq.

Zulfiya mukofotiga sazovor boʻlgan shogirdlarimdan Shahnoza Yoqubjonova, Gulshodabegim Abdulhakimova, aynan mening oʻrnimni bosishga harakat qilayotgan Shohida Nurmatova singari qizlarni oʻzbek operasining ertangi yorugʻ vakillari, deya olaman. Pandemiya sababli qoldirilgan xalqaro tanlovlar boʻlib oʻtsa, mehnatlarimiz samarasini koʻramiz, nasib qilsa. Shunday yoshlarimiz yuzimizni yorugʻ qilib, yurtimizni dunyoga tanitishga hissa qoʻshadilar. Yigitlardan ham umidli shogirdlarim koʻp. Masalan, Xislatjon Komilov. Teatrda bosh partiyalarni ham ijro etyapti ayni paytda. Xislatjon singari munosib shogirdlarim talaygina. Faqat u yerdagi tanlovlar adolat mezoniga asoslansa, ularning yana bir qanchasi oʻsha yerda ishlash baxtiga sazovor boʻladi. Shuningdek, qoʻl ostimda tahsil olayotgan Jahongir Orifjonov, Otabek Oybekov kabi shogirdlarimdan ham umidim katta. Bular kelajakda jahon sahnalariga chiqadigan yigitlar.

Konservatoriyaga qabul qilish borasida birlamchi eʼtiborni ovozga qaratish kerak. Ijodiy imtihonda yoshlarni nazariya bilan sinash koʻplab iqtidorlar, sohir ovoz sohiblarini talabalik baxtidan mosuvo qilyapti. Turli nazariyalarni talabalar oʻqish davomida oʻzlashtirib boraveradilar. Bu borada baribir uchrab turadigan korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻyilmasa, hammasi koʻngildagidek kechadi. Haqiqiy isteʼdodlar tanlab olinishiga keng yoʻl ochiladi.

— Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Bu yil oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari oʻtgan yilgiga qaraganda sezilarli darajada koʻp boʻldi. Abituriyentlar soni ham oʻtgan yilga nisbatan 40 foiz koʻp ekani taʼkidlandi. Opera yoʻnalishiga har yil qancha talaba qabul qilinar edi? Umuman, opera yoʻnalishi boʻyicha qabul kvotalarini koʻpaytirish kerakmi, buning ahamiyati xususida qanday fikrdasiz?

— Albatta, bu yil barcha oliygohlar qatori konservatoriyaga ham qabul kvotalari oshirildi. Jumladan, har yili 25 nafar talaba qabul qilinadigan opera yoʻnalishiga joriy yilda 30 nafardan ziyod talaba olindi. Ayni paytda konservatoriya boʻyicha jami 113 nafar boʻlgʻusi operachi tahsil olmoqda. Shundan ham bilish mumkinki, bugun ota-onalar ham operani ancha tushunib yetdi. Bu sanʼat bilan Vatanni dunyoga tanitish mumkin ekani, opera ham goʻyoki sport kabi jahonga koʻz-koʻz qilinishi kerakligini bu yoʻlni tanlayotgan yoshlar chuqur his qila boshladi. Sportchilarimiz jahon arenalarida mamlakatimiz qudrati, yoshlarimizning jismonan barkamolligini namoyon etayotgan boʻlsalar, operachi yoshlar jahonning buyuk sanʼati Oʻzbekistonda bugun paydo boʻlmagani, azal-azaldan xalqimiz sanʼatning barcha turlarini egallashga qunt qilgani va bugungi yoshlar sanʼatsevar qadimiy xalqning munosib vakillari ekanini koʻrsatadilar. Zero, opera - jahon sanʼati. Mamlakatlar opera teatri bor ekani bilan faxrlanar ekan, bugun har tomonlama taraqqiy etayotgan Oʻzbekistonga opera albatta kerak. Opera teatri bir emas, 3-4 ta boʻlgan davlatlar nufuzli sanalishi inobatga olinganda esa bu sanʼatni yana-da takomillashtirish, opera teatrlari faoliyatini takomillashtirish, kerak boʻlsa, ularni yana-da koʻpaytirish lozim boʻladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Munojat MOʻMINOVA suhbatlashdi.