Muzeylar ajdodlardan meros bo'lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy xazina. Yillar davomida boyib, to'lib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo'lib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan so'zlovchi bebaho kitob hamdir.
1977-yilning 18-may kuni Xalqaro muzeylar Kengashi tomonidan ta'sis etilgan kasb bayrami endilikda dunyoning bir yuz ellikdan ortiq davlatida keng nishonlanmoqda. O'zbekiston muzeylari 130 yillik tarixga ega.
Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan qaysi bir mamlakatda dam olish kuni nishonlansa, boshqa bir davlatlarda turli tadbirlar doirasida bir necha kun bayram sifatida nishonlanadi. Xalqaro muzeylar qo'mitasining taklif va tavsiyasi asosida “Muzeylarning jamiyat hayotida tutgan o'rni”, “Insonning o'zligini anglashida muzeylarning ahamiyati”, “Yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muzeylarning roli”, “Muzeylarni asraylik va boyitaylik!” kabi ijodiy tanlovlarning keng omma orasida doimiy ravishda o'tkazib kelinadi. Bu esa yoshi va kasb-kori turlicha bo'lgan minglab odamlarning muzeylarga bo'lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
O'zbekiston 1993-yilda Xalqaro “ICOM” tashkilotiga a'zo bo'lgach, soha bo'yicha jahondagi eng ilg'or tajribalarni o'rganib, o'ziga xos milliy an'analar festivaliga asos soldi. Yillar o'tgan sayin shaklan va mazmunan takomillashib, boyib borayotgan mazkur festivalning respublikamiz miqyosida o'zagcha bayramona ruhda o'tkazilishi muzeylar ijodiy faoliyatining yangi qirralari namoyon bo'layotganidan darak beradi. Aynan 18 may kuni yurtimizdagi barcha muzeylarning tomoshabinlarga bepul xizmat ko'rsatishi, maxsus ko'rgazmalar va teatrlashtirilgan tomoshalarning yuksak saviyada tashkil etilishi esa bayram shukuhini oshiribgina qolmay, yoshu keksa tomoshabinlarga bir olam zavqu-shavq hadya etishi bilan ham e'tirofga molikdir.
Har bir muzey o'zining yo'nalishi, eksponatlari bilan o'ziga xos. Xususan, O'zbekiston tarixi davlat muzeyida xalqimizning mustaqillikkacha hamda undan keyingi davr tarixini qiyosiy jihatdan tomosha qilib hayajonga tushasiz. O'zbekiston Davlat san'at muzeyida esa o'zbek xalqining bebaho va betakror san'at asarlarini hayrat hamda havas ila tomosha qilib, qalblarimiz iftixor, ko'ngillarimiz g'urur tuyg'ulariga to'lishi shubhasiz.
Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurgan tomoshabinlar buyuk ajdodlarimizning aql-zakovati, topqirligi va ijodkorligiga, mard va jasurligi hamda tadbirkorligiga oid eksponatlarni ko'rib yana bir bor uzoq moziyga sayohat qilgandek bo'ladi.
eng muhimi, mavjud muzeylarning hammasida o'z ishining ustalari, tarixiy va zamonaviy bilimlarni egallagan bilimdon mutaxassislar faoliyat olib boradi. Bu esa, xalqimizning o'tmishga, tarix va madaniy merosga bo'lgan hurmat va ehtiromini yanada oshirishga, moddiy va ma'naviy boyliklarimizni ko'z qorachig'idek asrashga da'vat etuvchi yangi ijodiy imkoniyatlar eshiklarini ochib bermoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 26-may kuni e'lon qilingan “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni hamda “O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar biz uy-muzeylari xodimlarini ham qo'lni-qo'lga berib, ijodiy hamkorlik rishtalarini har tomonlama mustahkamlashga, ishga yangicha munosabatda bo'lib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda tashrif buyuruvchilarga namunali xizmat ko'rsatishning ta'sirchan usullarini keng qo'llashga undaydi. Toshkent shahar uy-muzeylari o'rtasida yo'lga qo'yilgan o'zaro hamkorlik sohada olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu ijodiy rejalarni muhokama qilish, fikr almashish, sifatli va samarali taklif, tavsiyalardan unumli foydalanish, muxtasar aytganda, tomoshabinga muzey ashyolari haqida batafsil ma'lumot berish imkonini yaratadi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-mayda Adiblar xiyobonidagi tantanali marosimda bergan topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining “2020–2021-yillarda O'zbekiston Respublikasida muzeylar faoliyatini takomillashtirish to'g'risida” gi qarori ijrosi doirasida Abdulla Qahhor uy-muzeyi va Toshkent moliya instituti o'rtasida imzolangan Memorandum buyuk adib ijodini talaba-yoshlar o'rtasida keng targ'ib qilish, ularning badiiy adabiyotga bo'lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muzeyda institut Axborot-resurs markazi xodimlari ishtirokida o'tkazilib kelinayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar esa adib hayoti va ijodini mukammal o'rganishda alohida o'rin tutmoqda.
eng quvonarlisi, institut ilmiy-adabiy maslahatchisi, jurnalist Nuriddin Ochilov sal kam bir yil davomida adib hayoti va ijodi bo'yicha izlanishlar olib borib, “ehtirom” nomli asar yaratdi. Bu adib hayoti va ijodini o'rganishda kitobxonlarimizga munosib tuhfa bo'ldi. Shuningdek, mazkur oliy ta'lim muassasasi muzeyimizni ta'mirlab, komp`yuter bilan ta'minlashi, Prezidentimiz tomonidan qo'yilgan vazifalarning bajarilishiga amaliy yordam berishi bilan birga, ijodiy hamkorligimizning yuksalishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni kunlarda muxlislarimizga Abdulla Qahhor uy-muzeyining ekspozitsiya va noyob kollektsiyalari, ilmiy-adabiy yangiliklari haqida qiziqarli ma'lumotlar berishga tayyorgarlik ko'ryapmiz.
Zero, har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, hamisha tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, an'analar hamda qadimiy yodgorliklarni o'rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o'rni beqiyos. Ular uzoq o'tmishdan meros bo'lib kelayotgan madaniyat, ma'rifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig'indisi ekani bilan ham qimmatlidir.
Sanobar MATLUBOVA,
Abdulla Qahhor uy-muzeyi direktori