– Biz ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalarini muhokama qildik. Ustuvor eʼtibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini koʻrishga kelishib oldik. Shu maqsadda ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi, savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 900 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularning barchasi hozirgina qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ga kiritildi. Investitsiya jamgʻarmasining tashkil etilishi bu loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston sherikligida, shubhasiz, muhim oʻrin tutadigan hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Biz chegaraoldi viloyatlar hokimlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish, aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldik.

Ishonchli va samarali transport yoʻlaklari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu borada soʻz yuritganda, avvalo, “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻli hamda “Toshkent-Andijon-Oʻsh-Irkeshtom-Qashgʻar” multimodal yoʻlagini qayd etish lozim. Biz ushbu yoʻnalishlarni ilgari surish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish toʻgʻrisida ahdlashib oldik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarlari savdo va bojxona ishi, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, suvdan foydalanish, energetika, ekologiya sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, mudofaa idoralari oʻrtasidagi, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish zarurligini qayd etdilar.

Prezident Sadir Japarov muzokaralarda keng koʻlamli masalalar boʻyicha fikr almashilgani, uning natijalaridan mamnun ekanini qayd etdi.

– Oʻzbekiston Qirgʻizistonning asosiy savdo sheriklaridan biridir. Oʻzaro hamkorlikning barcha jihatlarini faollashtirish maqsadida parlamentlararo va hukumatlararo komissiyalar majlislari, chegaraoldi viloyatlar hokimlarining uchrashuvlari yaqin vaqtlarda oʻtkazish rejalashtirildi. Biznes vakillariga qulay muhit yaratish, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga kelishib oldik, – dedi Qirgʻiziston Prezidenti.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maslalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda qirgʻiz millatiga mansub 300 mingga yaqin fuqarolar yashaydi. Ularga oʻz tili, madaniyati va anʼanalarini asrash va rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yaratilgan.

Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va kino kunlari, yoshlar forumlari, festival va koʻrgazmalar tashkil etishga kelishib olingani aytildi. Qirgʻiziston yoshlariga Oʻzbekistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish uchun har yili ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha grantlar ajratish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.