Myehr ulashayotgan “mehrjon”

    Ta'lim 1 Avgust 2023 1111

    Yoz — bolalarning eng sevimli fasli. Boisi, bogʻlarda mevalar gʻarq pishadi. Tilni yorar shaftoliyu oʻrik, olma tanga quvvat bagʻishlaydi. Qolaversa, uch oylik taʼtil maroqli hordiq chiqarishda ajoyib imkoniyat.

    Yurtimizda jajji avlodning sogʻlom va maʼnan yetuk kamol topishi uchun koʻplab xayrli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Har bir bolaning vaqti unumli oʻtishini taʼminlashga qaratilgan maxsus rejalar tasdiqlangan. Xususan, yozda ham farzandlarimiz taʼlim-tarbiyadan uzilmaydi, oromgohlarga yoʻl oladi. Doʻstlar orttiradi, bilim va koʻnikmasini oshiradi.

    Chust tumani Gʻova qishlogʻidagi “Mehrjon” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi ayni damda oʻquvchilar bilan gavjum. Salkam 11 milliard soʻm sarflanib, sobiq mehribonlik uyi oʻrnida qadr rostlagan mazkur zamonaviy oromgoh purviqor togʻlarning xushhavo hududida joylashgan.

    Hozir uchinchi bosqichda 120 nafar oʻgʻil-qizning dam olishi mazmunli kechishi uchun oromgohda barcha zarur qulayliklar yaratilgan. “Mohir qoʻllar”, “Yosh rassomlar”, ingliz tili va sport toʻgaraklari ular ixtiyorida. Bir-biridan qiziqarli tadbirlar, musobaqalar uyushtirilmoqda. Alohida qiziqish uygʻotgan “Talantlar tanlovi”da “Eng yaxshi rassom”, “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi qoʻshiqchi”, “Eng faol kitobxon” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Voleybol, futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka boʻyicha bellashuvlar bolalarni chiniqtirib, salomatligini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.

    Bosh tarbiyachi Murodxon Isoqovning aytishicha, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Namangan viloyati kengashi turli loyihalar oʻtkazish, faollarni ragʻbatlantirish, dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash, oziq-ovqat va taomlar sifatini nazorat qilishga yaqindan koʻmaklashmoqda. Oromgohda har kuni aniq reja asosida muayyan mavzu yuzasidan tadbir tashkil etiladi. “Oʻzbekiston – muqaddas diyor”, “Bilimli yoshlar – yurt tayanchi”, “Kitob – maʼrifat chirogʻi” kabi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar, bahs-munozaralar turli yoshdagi bolalarning tafakkurini boyitishga xizmat qilyapti.

    — Gʻovaning osmonoʻpar togʻlari, sharqirab oqayotgan zilol suvlari, maysalarga uchib qoʻnayotgan kapalaklarni koʻrgan kishi beixtiyor qoʻliga qalam olib, rasm chizgisi keladi, — deydi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Otabek Qobilov. — Maftunkor Gʻova ona tabiat moʻjizasidir, uning betakror goʻzalligi har qanday kishini oʻziga rom aylaydi.

    Toʻgarak rahbari Nurillo Oripovning yoshlar orasida musiqa sanʼati va madaniyatini rivojlantirish, ular ongiga milliy qoʻshiqlarni singdirishdagi saʼy-harakatlari eʼtiborimizni tortdi. Soʻz va kuy uygʻunligida yaralgan oʻlmas taronalarni tinglash va jonli ijro etishning ruhiyatga ijobiy taʼsirini, ahamiyatini taʼkidlashdan hech charchamaydi.

    — Bu yilgi mavsumning toʻrt bosqichida 500 nafardan ziyod bolani har jihatdan sogʻlomlashtirish koʻzda tutilgan. Bugunga qadar 360 nafar bolajon uyiga xursand holda qaytdi. 5 ta muhim tashabbusi doirasida toʻgaraklarimiz muntazam ishlab turibdi, tadbirlar, koʻplab tanlovlar tashkillashtirilmoqda. — deydi oromgoh direktori Jamshidbek Ibrohimov. — 11 nafar tajribali tarbiyachi, murabbiy va yetakchi mashgʻulotlarni sifatli va esda qolarli tarzda oʻtkazyapti.

    Oromgohda sport maydonchalari va choʻmilish havzasi bor. Konsertlar, musobaqalar, sayohatlar va boshqa jarayonlar oromgoh shifokori va hamshiralari, biriktirilgan masʼullarning qatʼiy nazoratida. Oʻquvchilarning samimiy fikrlarini eshitdik, taassurotlari bir olam.

    Gʻova qishlogʻidagi 12-umumtaʼlim maktabining 6-sinf oʻquvchisi Odinaxon Mahmudova fayzli goʻsha va atrofidagi manzaralarni ijod namunalari orqali tasvirlashga intiladi. U sharoitlardan, ustozlaridan behad minnatdor. Mazali va shifobaxsh taomlar, yangi dugonalar diydoridan mamnunligini uning kayfiyati yuqoriligidan bilish mumkin.

    Shodon oʻgʻil-qizlarning kulgusi yangrayotgan soʻlim ayvonchada ozgina oʻtirsangiz, bahri dilingiz ochiladi, yengil shabadadan tanangiz yayraydi. Bolalarga beminnat mehr ulashayotgan goʻzal va soʻlim “Mehrjon”dan qaytar ekanmiz, yurt kelajagi – bolajonlar hamisha davlatimiz eʼtiborida ekaniga guvoh boʻldik.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri