Namangan davlat universitetida 400 o'rinli talabalar turar joyi qurilishi boshlandi

    Bino 7 qavatdan iborat bo'lib, tom qismiga quyosh panellari o'rnatiladi.

    Yangi talabalar turar joyi universitetning Namangan shahridagi Boburshoh ko'chasida joylashgan binosida bunyod etiladi. Bino pudratchi “Fayzobod Samo Servis” MCHJ tomonidan quriladi va uning loyihaviy qiymati 25 milliard so'mdan ortiq, deb yozmoqda Namangan davlat universiteti “Press klub” rahbari Sanjarbek Hamidov.

    O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Namangan davlat universitetiga borib, qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur obyekt loyihasi bilan tanishdi.

    Vazir talabalar turar-joyi loyihasi bilan tanishar ekan, obyektning har jihatdan qulay shart-sharoitlarga ega bo'lishi zarurligi yuzasidan o'z takliflarini berdi. Ayniqsa, nogironligi bo'lgan talabalarning turar joy binosiga kirib-chiqishlarida qulaylik bo'lishi uchun panduslar o'rniga kichik liftga o'xshash qurilmani o'rnatish g'oyasini bayon etdi. Quruvchi pudratchi bilan suhbatlashib, qurilish sohasida qanday tajribaga egaligi bilan qiziqdi, boshlangan qurilish ishlarini kuzatdi. Qurilishda foydalaniladigan xomashyolar sifati, arzonligiga e'tibor qaratish lozimligi, binoning ko'rkam, shinam va zamonaviy qiyofaga ega bo'lishi kerakligini alohida ta'kidladi.

    Qisqa muddatda foydalanishga topshiriladigan talabalar turar joyi 7 qavatdan iborat bo'lib, bino tom qismiga quyosh panellari o'rnatiladi va natijada uzluksiz hamda tejamkor elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Binoning birinchi qavatida o'quv xonasi, oshxona, tibbiy xizmat xonasi, sport-sog'lomlashtirish hamda maishiy xizmat ko'rsatish xonalari joylashadi. 4 ta xonaning jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar uchun qurilishi hamda ularda yuvinish va hojatxonaning mavjudligi nogironligi bo'lgan shaxslarga katta qulaylik tug'diradi.