Namangan viloyati Davlatobod tumanida umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari, Namangan davlat texnika universiteti boʻlim boshligʻi, ushbu boʻlim mutaxassisi va boshqa hamkor shaxslar oʻzaro til biriktirgan holda, pedagog xodimlarning malaka toifalarini belgilash uchun oʻtkaziladigan attestatsiya imtihonlarida noqonuniy yordam koʻrsatgani aniqlandi.

Maʼlum qilinishicha, ular moddiy manfaat evaziga maxsus jihozlangan “bunker” orqali test topshiruvchi oʻqituvchilarga masofadan turib yordam berib kelgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Namanganda oʻtkazilgan tezkor tadbir chogʻida “bunker” sifatida foydalanilgan xonadon koʻzdan kechirildi. Tekshiruv davomida u yerda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar oʻqituvchi borligi aniqlandi.

Xonadondan noutbuk, 30 dona turli xil eshitish moslamalari, yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida maʼlum boʻlishicha, maktab direktori oʻrinbosari va hamrohlari imtihon natijalarini ijobiy chiqarib berishni vaʼda qilgan holda, viloyatdagi ayrim oʻqituvchilardan 1300–1500 AQSH dollarigacha pul talab qilgan. Faqat 2024-yilning sentyabr–oktyabr oylarida ular jami 25 ming dollar atrofida mablagʻ yigʻib olgani maʼlum qilindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28, 211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, aytilishicha, Davlatobod tumanidagi oʻrta maktab direktori oʻrinbosari hamda “bunker”ni boshqargan 2001-yilda tugʻilgan fuqaro avval ham xuddi shunday jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar ekani aniqlangan.