Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Namangan suv taʼminoti” AJ buyurtmachiligida 2023-yil davomida hamda 2024-yil 16-iyun kuniga qadar jami 167 ta lot boʻyicha boshlangʻich narxi 4,9 mlrd soʻmga yaqin amalga oshirilgan davlat xaridlari oʻtkazilgan.
Oʻrganishlar davomida mazkur aksiyadorlik jamiyati tomonidan yuqoridagi davlat xaridlarini amalga oshirishda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilmagani maʼlum boʻldi.
Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan 36 ta lot boʻyicha boshlangʻich narxi 846,1 mln soʻmlik tanlov savdolarida bir-biriga bogʻliq boʻlgan (affillangan) jamiyatlar gʻolib deb topilganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan davlat xaridlarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilganligi yuzasidan Buyurtmachi tashkilotga (“Namangan suv taʼminoti” AJ) nisbatan tuzilgan maʼlumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organga taqdim etildi.
Shuningdek, “Namangan suv taʼminoti” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jarima qoʻllash boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga maʼlumotlar yuborildi.