Hazrat Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Namangan viloyat sudida ham “Buyuk ajdodlarga ehtirom” mazusida Alisher Navoiyning 580-yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligi munosabati bilan maʼrifiy kecha oʻtkazildi. Unda viloyat sudi sudyalari va xodimlari qatnashdi.

Mazkur tadbirni viloyat sudi raisi Abdurasul Eranov ochib berdi va Yurtboshimiz tomonidan imzolangan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarori mazmun-mohiyatiga toʻxtaldi.

Shundan soʻng Namangan davlat universitetining filologiya fakulteti, adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri, dotsent Moʻminjon Sulaymonov soʻz olib, mamlakatimizda mustaqillik yillarida bu ikki mutafakkirning xotirasi abadiylashtirilgani uning jahon adabiyoti xazinasiga qoʻshgan buyuk hissasi hamda cheksiz isteʼdodiga boʻlgan yuksak hurmat ifodasi ekanini taʼkidladi.

Ulugʻ shoir Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas bir tarixiy siymo hisoblanadi. Isteʼdodining ulugʻvorligiyu teranligi jihatidan ham, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei yuzasidan ham, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot ahliga koʻrsatgan homiyligi jihatidan ham oʻxshashi yoʻq siymo. Orator Oʻzbekiston istiqlolga erishish arafasidayoq mamlakatimizda 1991-yil – “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilinishi zamirida olamcha maʼno mujassam boʻlganini izohladi.

— Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyni dunyo eʼtirof etadi, – deydi jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudi sudyasi N.Sharipova. – U ulugʻ zot mangu barhayotdir. Men Navoiy ijodiga qiziqaman, ruboyi va gʻazallarini, asarlarini mutolaa qilib boraman. Alisher Navoiyning tavallud ayyomi xalqimiz, butun jahon uchun adabiyot bayrami desak arziydi, chunki u oʻzining ijodi, insoniy gʻoyalari bilan olamda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgan.

Maʼruzachi shoh va shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur umr yoʻli va ijodiga toʻxtaldi. Bobur haqida gap ketganda, beixtiyor qalbimizda yurtga muhabbat, sadoqat tuygʻulari jonlanadi. Sohibqiron Amir Temur avlodlari ichida Fargʻona vodiysi ahlining juda koʻp fazilatlarini oʻzida mujassam etgan shaxs, buyuk ajdodlarimizdan biri Zahiridin Bobur shaxsi va asarlari qariyb 5 asrdan buyon katta qiziqish bilan oʻrganib kelinayotgani bu uning yozganlari jamiyat hayotida naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini bildirishini aytdi.

Maʼrifiy kechada Navoiy va Bobur gʻazal va ruboyilaridan namunalar ifodali oʻqildi. Namangan viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Ikromjon Orifjonovning bizga maʼlum qilishicha, bunday nafis majlislar viloyatimizning barcha tuman (shahar), tumanlararo sudlari tomonidan ham uyushtirilmoqda.

Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.