Bugun yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari bilan yoshlarimizning chuqur bilim va salohiyatga ega boʻlishi, ularni yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalashga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday oliy maqsad yoʻlida taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sizning jondan aziz oʻgʻil-qizlaringiz ham oʻzining ezgu orzu, niyatlariga erishib, jamiyatda munosib oʻrin topishiga ishonchimiz komil, albatta.
Bu borada ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash Siz va bizning muqaddas burchimiz hisoblanadi. Farzandingiz oliy oʻquv yurtida tahsili uchun talabalik baxtiga muyassar boʻlishi, kelgusida yuqori malakali mutaxassis sifatida yetishishi uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shunday ekan, sifatli taʼlim va tarbiya jarayonini samarali va taʼsirchan tashkil etishda Sizlar ham befarq boʻlmasligingiz, dilbandlaringiz xulqi boʻyicha eʼtiborni kuchaytirishingiz zarur.
Baʼzi bir taʼlim muassasasi oʻquvchilari Gʻarbdan kirib kelgan, milliy mentalitetimiz, madaniyat va maʼnaviyatimizga xos boʻlmagan Tik-tok va boshqa turli messenjerlar orqali ulashayotgan qiliqlari bizni tashvishga solmoqda. Hozir ota-onalarga aytmoqchimizki: farzandingiz darslarni qanday oʻzlashtirayotganiga qiziqing. Ustozidan ular toʻgʻrisida soʻrab turing. Tahlikali va globallashuv zamonida oʻgʻil-qizlaringizni bir daqiqa ham nazoratsiz qoldirmang. Talabchanlikni yana-da kuchaytiring.
Aybni faqat oʻqituvchidan axtarmasdan, oʻzingizdan, uyingizdagi muhitdan ham axtaring, bolalaringiz uchun qay darajada vaqt ajratayotganingizni oʻylab koʻring. Shuni teran anglab olishimiz lozimki, yuqorida sanalgan barcha masalalarni faqat ilm muassasasi rahbarlari yoki pedagoglar bajaradi desak, notoʻgʻridir. Sizu bizdan talab qilinadigani faqat va faqat mehr-eʼtibor, oʻgʻil-qizlarimizning taʼlim-tarbiyasi, odobu axloqi, yurish-turishi, maʼnaviyati toʻgʻrisida doimo, har lahza qaygʻurishdir. Hamkorlikda harakat qilsak, kuch va imkoniyatimizni birlashtirib ishga solsak, kelajagimiz haqiqiy egalari qisqa vaqtda hayotda oʻz oʻrinlarini topishlarida katta imkoniyat yaratgan boʻlamiz.
AZIZ OʻQUVCHI-YoSHLAR!
Bugun biz shiddat bilan rivojlanib borayotgan, axborot texnologiyalari davrida, taraqqiyot asrida yashayapmiz. Sizni istiqbol sari shahdam odimlashga, dadil parvozga undayotgan orzu-istaklaringiz ham shunga monand. Elga munosiblik, yurtga kamarbastalik ahdini diliga jo etgan oʻgʻil-qiz borki, umumtaʼlim fanlarini namunali oʻzlashtirib, zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal oʻrganishga intiladi. Binobarin, buyuk mutafakkir ajdodimiz Yusuf Xos Hojib oʻgitlaridan ham ayonki, saodat kaliti bilimda, oʻqib-oʻrganishda.
“Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”. Oliy Majlisga Murojaatnomada mamlakatimiz rahbari Sizlarning kamolingizga yuksak umid bildirish barobarida ishonch bilan shunday deya taʼkidlab oʻtdi. Yurtimizning ertangi ravnaqi va istiqboli Sizning oʻqib-oʻrganib, izlanib-intilib, har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli ulgʻayishingizga bogʻliq deganidir.
Demak, tabarruk dargoh – maktab ostonasida oʻtayotgan har bir kun, har bir daqiqani gʻanimat bilib, butun diqqatingiz, kuch va imkoniyatingizni bilim olishga, jismonan va maʼnan barkamol ulgʻayishga sarflang. Zotan, “Nimaiki qilsang tilak, bariga oʻqish kerak!” degan taʼkid ham shunga qaratilgan. Biz Sizning bilim-mahorat, odob-axloqingiz bilan bir-biringizga oʻrnak boʻlib, yorugʻ kelajak sari, yuksak choʻqqilar, baland marralar tomon astoydil borishingizga ishonamiz. Bu ishonchni oqlash Sizning Ona vatanga munosib farzandlar boʻlib kamol topishingizda namoyon boʻladi. Ulugʻ maqsad yoʻlida har biringizga muvaffaqiyat, omad yor boʻlsin! Zero, maʼrifatparvar alloma Abdulla Avloniy aytganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir!”
Hurmat bilan: Rustamjon ISROILOV, Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi.